Hikoya: Iztirobli umr


Kun issiq. Yerda ungan maysalar osmonga tikilib, yomg'ir yog'ishini istashmoqda. Ayniqsa, uy orqasidagi daraxtzorlar ichidan makon topgan otquloqlarning yomg'irni kutayotganligi ularning rangidan bilinib turibdi.
Abdivoyning ham bujmaygan yuzi otquloqnikidan qolishmaydi. Abdivoy o'n sakkizga kirgan bo'lsa-da, bo'yi va tanasining oriqligidan aziyat chekadi. Unisi ham mayli, tengdoshlarining masxaralashi, daydi itlarning hurishi, maqtanchoq qizlarning nopisand nazari yigitchaning qalbini o'ksitadi. U oynaga qarab o'zidan, badbashara yuzidan nafratlanadi.
Onasi Abdivoyni urishmaydi, qarg'amaydi. O'zi-ku, amakisining o'g'liga tegib, Abdivoyni tug'di. Nima o'zgardi? Ota-onasining ra'yiga qarshi bormagani uchun mukofotmi bu? Yaqin qarindosh bo'lgani uchun bolasi nogiron tug'ildi. Bir yildan keyin ajrashishdi. Har tugul uzoq qarindoshlik rishtalari bo'lgani uchun Samad uy olib berdi va olti oyga qolmay boshqa ayolga uylandi. Farzandli bo'ldi. Bolasi soppa-sog'…
Oysha yuragi kuyib yig'lagandi o'shanda. Ota-onasi bilan ham janjallashib qolib, hozir eri olib bergan uyda yashaydi. Abdivoyning yuragi shunga ham siqiladi. Bir haftadan beri isitmalab, hamma joyi og'rib chiqdi. Bugundan tuzuk. Abdivoy terakzorlar orasiga qo'yilgan taxta karavotda cho'zilib yotarkan, Oyzodani esladi.
Sinfdosh qiz Oyzoda Abdivoy uchun yetishilmas orzu bo'lsa-da, faqat uni o'ylaganda ko'ngli taskin topadi. Oyzoda Abdivoydan ancha baland bo'yli, gavdali qiz edi. Abdivoyga qizning ko'zi yoqardi. Oyzoda Toshkentga o'qishga ketganidan beri uni ko'rolmaydi. Shularni xayol qilib yotarkan, birdan yo'tali qo'zidi. Tug'ma shunday. Abdivoy onasiga bildirmaslik uchun og'zini ikki qo'llab yopib, uyga kirib ketdi. Xonasiga kirib, shkaf ustidan ikki dona dorini olib ichdi. Yo'tal biroz tinganday bo'ldi. Nimagadir yuragi hapriqib, o'lim sharpasi uni quvib kelayotgandek ortga qo'rquv bilan tisarildi. Keyin yerga o'tirib qoldi. Yo'tal yana kuchaydi. Abdivoy charchab qolganini his qildi. Polning gilam yetmagan joyiga yotib qoldi. Bor ovozi bilan «Oyi», deb baqirdi. Oysha opa oshxonada kuymalanib yurar ekan, Abdivoyning ovozidan cho'chib tushdi.
— Oyi, yonib ketyapman, o'lyapman, qutqaring! — deb pitirlardi Abdivoy.
— Karavotga yot, bolam, o'zingni tut, meni qo'rqitma, — deb Oysha opa Abdivoyni xona to'ridagi karavotga yotqizdi va yalangoyoq hovliga yugurib, qo'shnisi Madina opani chaqirdi.
— Madinaxon, Madinaxon, tez keling, tezroq bo'ling…
Past devorlar osha Oysha opaning ovozi Madina opaga yetib bordi. Madina opa tuman shifoxonasida ishlaydi. Dam olish kunida uyida edi.
— Tinchlikmi, opa? — dedi tashvishli ko'zlarini qo'shnisiga qadab.
— Tez keling, Abdivoyning mazasi bo'lmayapti!
Madina opa Abdivoyga ukol qildi. Abdivoyning oriq tanasiga qarab, ichi achishdi. Ammo buni Oysha opaga sezdirmadi. Abdivoy tinchib, uxlab qoldi. Oysha opa qo'shnisini kuzatib qaytarkan, Abdivoyning rangsiz yuziga qarab, yig'lab yubordi.
* * *
Abdivoy yarim tunda uyg'onib ketdi. Hammayoq sokin, faqat uzoqdagi itlarning ovozi quloqqa elas-elas eshitilardi. Nimagadir turmoqchi bo'ldi, ammo tanasini ko'tarolmadi. Oyisining karavotga suyanib uxlab qolganini ko'rib, yuragi uvishdi:
«Eh, onajonim-a, meni nega tug'dingiz? Erta men o'lib ketsam, yana siz qiynalasiz, azoblanasiz. Qaniydi, qayta tug'ilishning imkoni bo'lsa-yu, sog'lom, baland bo'yli, ko'rkam yigit bo'lib tug'ilsam… Keyin siz men bilan faxrlanib yurardingiz!»
Abdivoyning issiq ko'z yoshlari qora yuzini go'yo kuydirib tomchilar, ovozi chiqmasligi uchun yutinib-yutinib turardi. Derazadan balqib turgan oyga qarab chuqur xo'rsindi. U o'z umri davomida shunday buyuk hisni tuydiki, unga boshqa hech narsa kerakmas. Abdivoy hozir o'zini, qalbini, onasining mehrini tuya olgani uchun baxtli, unga bundan ortiq baxtning keragi ham yo'q. Abdivoy yana deraza tarafga qarab, balqib turgan oyga bir qur nazar tashladi-da, onasining ajin bosgan yuziga boqdi. Oq tushgan sochlarini siladi. Oysha opa uyg'ondi-yu, bolasining ko'zlaridagi xotirjamlikni ko'rib, biroz o'ziga keldi.
— Uxlayvering, onajon, uxlayvering, men yaxshiman, sizni juda yaxshi ko'raman, oyijon…
— Men ham seni yaxshi ko'raman, bolam, bolajonim…
— Oyijon, siz o'zingizni asrang, hech qachon yig'lamang…
Abdivoyning oxirgi aytgan gaplari shu bo'ldi.
Uning yuzida esa kechagi tabassum qotib qolgandi.
Ta'ziyaga kelayotgan to'p-to'p odamlar orasida Abdivoyning otasi Samad ham bor edi…