«Usmoniylar imperiyasi tarixi» turkumidan: «USMONIYLARNING 280 KANIZAKNI SUVGA ChO'KTIRGAN ShOHI…»


Mantiqan olganda, aql-hushi joyida odam bu ishni qilmaydi. Endi usmoniylar tarixiga yana bir karra nazar solsak. Bu imperiyani aqlan zaif shohlar ham boshqargan. Masalan, «Muhtasham yuz yil» teleserialida ham Mustafo hazratlari faoliyatiga keng o'rin berilgan. U ham o'limini kutish, jallodlar kirib kelib bo'yniga ipak arqon solishlaridan qo'rqish tufayli aqldan ozgan va shu ahvolda imperiya taxtiga-da o'tqazilgan. Ana endi sal oldinga qarab yursak, Kusem sulton imperiyasi davrida ham uning kenja o'g'li Ibrohim aqlan zaif bo'lgan. U ham bolaligida akasi Murod taxtga o'tirgach, o'ldirib yuborishidan qo'rqish oqibatida aqldan ozgandi. Shunga qaramay, Kusem sulton vaqt keldiki, Ibrohimni taxtga o'tqazdi. Xo'sh, aqlan zaif podshoh qanday qilib davlatni boshqarsin? Buning ustiga u o'ta jizzaki telbalardan edi.
Shu sababli Kusem sulton davlat boshqaruvini yana o'z zimmasiga olishga majbur bo'ldi. Ibrohimga esa faqat hujjatlarga, farmonlarga imzo qo'yish va muhr bosish majburiyati qoldi. Harqalay, bu ishni uddaladi. Kusem sulton aqlan zaif o'g'li davlat ishlariga huda-behuda aralashib asabbuzarliklarga yo'l qo'ymasligi uchun unga hamma yo'llarni ochib berdi. Ibrohim neni xohlasa shu ishni qildi. Ammo imperiyaga vorislar kerak edi. Agar Turxon sultondan tug'ilgan ikki shahzodani hisobga olmasa, Ibrohimning boshqa farzandlari yo'q edi. U haramdagi hech bir qizga e'tibor bermasdi. Kusem sulton o'g'lining bu fe'lidan xavotirga tushib uni kuzatuv ostiga olishni buyurdi. Suhbatga tortdilar, tekshirdilar, oxiri Ibrohimning qanday ayollarga ehtirosi kuchliligi ma'lum bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, Ibrohim semiz ayollarni xush ko'rarkan. Zudlik bilan dunyoning turli burchaklaridan semiz, lekin go'zal ayollar topib kelindi. Qarabsizki, Ibrohim ularga o'zgacha ehtiros va e'tibor bilan yondasha boshladi. Lekin kunlarning birida kanizaklardan biri unga xiyonat qilayotganidan xabar topdi. Aqlan zaif bo'lsa-da, rashki kuchli ekan. Darhol boshqa kanizaklarni siquvga oldi.
O'shanda oradan ikki-uch kun o'tgach, baliqchilardan biri Bosfor tubiga marvarid topish niyatida sho'ng'igandi. Suv tubida qoplarni ko'rib qoldi va ulardan birini ochdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, qopda qiz murdasi yotardi. Jonholatda boshqa qoplarni ham birma-bir ochib ko'rdi. Barchasida murdalarnigina ko'rdi. Baliqchi shu qadar qo'rqib ketdiki, sal bo'lmasa, o'zi ham o'layozdi.
Eslatib o'tamiz, Ibrohim ham onasi Kusem sulton tarafidan qatl ettirilgan. Zindonda jallodlar changalidan xalos bo'lishga urinayotgan aqlan zaif podsho shunda bor ovozda «Iloyim sen ham qiynala-qiynala o'lim topgin» deya onasini qarg'agandi. Ibrohimning o'limidan keyin sal o'tib Kusem sultonning o'zi ham bo'g'ib o'ldirildi. Faqat qiynala-qiynala o'lim topdi. Birinchi bo'g'ishda jallod vazifasini o'tagan yigit oxirigacha bo'g'ib turmagan ekan. Kanizaklar uni o'ldi deb o'ylab egnidagi liboslarga mahkamlangan oltin-u marvaridlarni talosh qilishga tushgan mahal daf'atan uyg'onib ketdi. Kusem sultonni ikkinchi marta bo'g'ishga majbur bo'lishdi. Bu safar u haqiqatan jon berdi.