Sizga muhabbatning sirini ochaman!


— Insonlar orasidagi sevgi munosabatlari juda qo'rqinchli. Biz barchamiz kimlargadir sevgi izhor qilamiz. Tuyg'ular og'ushida bog'lanamiz va birdan nimadir sodir bo'ladi. Juda ko'p holatlarda o'sha nimadir arzimagan narsa. So'ng birdaniga bizning «yuksak muhabbatimiz», «chuqur ehtiromimiz» tugab qoladi.
Qiziq! Insondan ham beqarorroq zot bormikin? Hissiyotlarimiz shu qadar mo'rtki! Mana, masalan: kimgadir mehr berasiz, unga talpinasiz, yaqin bo'lishga intilib, bor vujudingiz ila buni istaysiz. U bundan dastlab xursand bo'ladi, boshi ko'kka yetib, sizga o'zingiz kabi javob qaytaradi. Keyin esa… Keyin esa u sizdan sovishni boshlaydi. Arzimas xatolarda sizni aybdor qiladi, yig'latadi, yuragingizga ozor beradi. Aslida, gap sizning mayda xatolaringizda ham emas. U kibrga beriladi! Qalbingizni zabt etib bo'lganidan, ruhan sizga erishganidan keyin qiziqishi so'nadi. Eng qizig'ini bilasizmi? Siz taqdirga tan berasiz, o'z yo'lingizdan ketasiz, yashashda davom etasiz. «O'lib qolaman, endi yasholmayman», degan fikrlar og'ushida qolasiz.