QORA DORINING QULI… (Bo'lgan voqea)


Sobir ertalab uyqudan xumor tutib uyg'ondi. Tomirlari tortishib, ko'zlari qizara borgan sari yuragini vahm bosdi. U bilardi. Agar tushlikkacha bitta «doza» topmasa, adoyi tamom bo'ladi. Chunki, qora dorining xumori hazilakam emas. O'limga olib boradi.
Vujudi titrab bazo'r telefongacha yetib bordi-da, hamtovoqlaridan biri Mo'minning raqamini terdi.
Xayriyat, uyida ekan. Darrov go'shakni ko'tardi.
— Og'ayni, men yomon bo'p ketyapman! — dedi qaltirab Sobir. — Yordam bermasang, mendan ajrab qolasan!
— Nima bo'ldi? Tag'in xumormi? — kulgi aralash so'radi Mo'min.
— Bilib turib so'raysanmi? Tomirlarim tortishib ketyapti, axir! — baqirdi Sobir. — Undan ko'ra, biror chorasini top!
— Chekadigan sen-u, men chora topaymi?
— Xo'p, o'rtoq, jahling chiqmasin! Mendayam qolib ketmas!
— Puling bormi o'zi?..
— O'zing-chi, g'irt ta'magir bo'lib ketibsan! Shuncha yil bitta turmada, bir kamerada o'tirib oqibat shu bo'ldimi?
— Vey, turmani gapirma! — dag'dag'a qildi Mo'min. — O'sha yoqdayam seni men «pakrivat» qib yurganman. Yo'qsa o'lib ketarding. Yo esingdan chiqdimi?
— Bo'pti, tushundim. Hozir… Bu gaplarning mavridi emas. Jon o'rtoq, yordam ber! Rahming kelsin menga!
— Menga qara, xotinlarga o'xshab ming'irlayvermagin-da, tez «tochka»ga bor! O'sha yerda gaplashamiz!
— Rahmat, rahmat! — go'shakni qulog'iga yanada mahkamroq bosib qulluq qila ketdi Sobir. — Bu yaxshiligingni unutmayman! Ko'rasan, bir kun seniyam «vruchat» qilaman! Ko'rasan!
— Gapni kalta qil! — koyingan bo'ldi Mo'min. — Bu taxlit o'tiraversang, til tortmay o'lasan.
— Mana… Mana, chiqib ketyapman.
— Pullaringning borini olvolgin! Hech bo'lmasa, yarmisinikini to'lab qo'ymasang bo'lmaydi.
— Bilaman, bilaman! — dedi Sobir hovliqib. — Hoziroq uyni ag'dar-to'ntar qilib bo'lsayam topaman pulni!
* * *
Sobir xonalarni titkilab, pul topa olmadi. So'kina-so'kina tashqariga chiqib, boshini changalladi. Titroq, boshida paydo bo'lgan og'riq tobora zo'rayib borardi.
— O'g'irlik qilsammikan? — ko'nglidan kechirdi u alang-jalang atrofga boqib. — Qaerga boraman? Kimni o'maraman?.. Yo'q, Mo'minning oldiga boraman. Ajabmas,
qarz berib tursa!..
Kelishilgan joyda Mo'min sigaret tutatgancha uni kutib turardi. Rangi dokadek oqarib ketgan Sobirni ko'rdi-yu, masxaraomuz tirjayib ikki qo'lini cho'ntagiga solgan ko'yi tek turaverdi.
— Nega turib qolding, o'rtoq? — betoqatlanib so'radi Sobir. — Bera qolsang-chi zormandangni!
— Puli qani? — pinagini buzmay hamtovog'iga savol nazari bilan boqdi Mo'min. — Oldin soqqani chiqar!
Sobir aybdorona bosh egdi.
— Topolmadim. Uydagilar pullarni o'zlari bilan olib yuradigan bo'lishganga o'xshaydi… Lekin… Topaman, ishon!.. Xumorni bosvolay, albatta topib beraman pulni!
— Ayt, nima qilay? Nima desang roziman! Faqat cho'zmasdan bitta «doza» ber! O'lib qolaman, o'lib!
— Shunaqami? Yaxshi… Unda eshit. Ikkita-uchta dozaga xaridor topasan. Faqat «dori»ni pullar qo'limga tekkandan keyin olasan. Topgan xaridoringminan shunday kelishgin! Aytgancha, qimmatroqqa pullasang, qarzingdanam qutulib ketarding!
— Gap yo'q! — Mo'minning qo'liga umidvor termuldi Sobir. — Topaman xaridorni! Qani, dozani cho'z, og'ayni!
Mo'min yana birpas titrab-qaqshab ketayotgan Sobirni masxaralagandek kuzatib turdi-da, cho'ntagidan sellofanga o'ralgan qora dorini tutqazdi.
— Ma, ol, o'lib-netib qolsang, men aybdor bo'lib yurmay tag'in!
Sobir dorini qo'liga oldi-yu, sellofanni ochib oq kukunni tishlariga milklar aralash surta boshladi.
* * *
Sobir kayfi tarang tortib tanasidagi og'riqlardan xalos bo'lgach, o'ylanib o'tirmay, ikki mavze narida yashaydigan tanishi Komilni qidirib topdi. U yaqinda turmadan qaytgan, mashinalarni yuvish bilan shug'ullanadigan firmaga ishga joylashib olgan ekan. Ancha ozibdi.
Qator mashinalar orasida Komilni ko'rib quvonib ketdi. Ikkovlashib o'tgan kunlarni, birgalikdagi kayf-safolarni eslab biroz kulishishdi.
Gap orasida Komilning o'zi yorildi.
— Qaniydi, hozir «oqi»dan bo'lsa! Juda xumor tutyapti-da!
— Muammo yo'q! — Sobir chehrasi ochilib do'stining yelkasiga qoqdi. — Topamiz! Faqat… Qimmatroq-da!..
— Jinni bo'lganmisan? — uni urishib berdi Komil. — Men qachon narxini so'raganman?.. Tillaga teng-ku bu narsa!..
— Unda pulini ber, men olib kelaman!
— Nega?.. — Komil ishonqiramay Sobirga sirli boqdi. — Nima, yoningda yo'qmi?
— Dori boshqa tanishimda. U pulini avval olib borsamgina berarkan.
— Shunaqangi xasismi tanishing? Qochib ketmaymiz-ku!
— Ishonmayapti-da! Sal qo'rqoqroq!
— Hayot ko'rganmi?
— Yo'q. Uydan ko'chaga chiqmagan.
— Tushunarli. Yangilardan ekan-da! Mayli, qancha ekan?
Sobir narxni aytdi.
Shundan so'ng Komil uni ergashtirib uyiga olib bordi va kerakli dozalarning haqini berib yubordi.
Bir soat ichida tayin etilgan manzilda uchrashadigan bo'lishdi.
* * *
— O', zo'rsan-ku-a!?. — katta ko'cha bo'yida Sobir tutqazgan pullarni sanab ko'rarkan, unga mensimagandek nazar tashladi Mo'min. — Birpasda topdingmi xaridorni?
— Senga nima farqi bor? — dedi Sobir aftini bujmaytirib. — Shart qo'yding, bajardim. Endi dorilarni cho'z! Bir soat ichida yetkazishim kerak.
— Namuncha shoshilasan? Kel, ikkovlashib bittadan uramiz!
— Tekingami?
— Shunaqa desayam bo'ladi. Faqat aytgan kunim «mol»larimni sotib kelib tursang bas!
— Yaxshi, ol unda! Ursak uribmiz-da! Bizni birov urisharmidi…
Bu gal Mo'min shprisda suyultirilgan dori uzatdi. Birinchisining kuchi ancha yengillab qolgan bo'lsa-da, shprisdagi dori Sobirga yaxshi kayf berib, ko'zlari suzildi. Kayfiyati ko'tarilib, og'zining tanobi qochdi.
— S-sen o'zi haqiqiy erkaksan-da! — Mo'minning yelkasiga shapatiladi Sobir. — Har doim g'amimni yeb kelgansan! Vey, agar biror marta senga pand bersam, odammasman! Ishonaver, «mol»ing hech qachon xaridorsiz qolmaydi.
— Ko'ramiz! — ayyorona ko'z qisdi Mo'min. — Basharti aldagan taqdiringdayam baribir bir kun yonimga qulluq qilib kelasan.
— O'rtoq, dorilarni beraqol! U odam ham kutib turgandir.
— Yo'q, — dedi Mo'min jiddiy tortib. — Bu yerda bermayman. Bilasan-ku, unisi-bunisi o'tib turibdi.
— Qaerda berasan?
— O'zing bilgan qahvaxona ro'parasiga boramiz.
— Xo'p, qahvaxona bo'lsa qahvaxona. Ketdikmi?
Mo'min bir muddat uyoq-buyoqqa ko'z tashlab olib, cho'ntaklarini tekshirgan bo'ldi.
— To'xta, — dedi negadir toqatsizlanib. — Uyga kirib dorilarni olib chiqay! Bahonada pullarniyam joylab qo'yaman.
— Faqat tezroq bo'l! Kechikib yurmaylik tag'in!
— Kechikmaysan. O'sha odaming besh daqiqa ortiq kutsa o'lmaydi.
* * *
Mo'min aytganidek, qahvaxona ro'parasi begona ko'zlardan hiyla panaroq edi. Faqat sal narida ikki yigit ularga teskari o'girilgancha pivo ichishardi.
— Mana, — ikki-uch o'ram dorini Sobirga tutqazdi Mo'min. — Faqat ehtiyot bo'l! Mabodo kimlardir xitlansa, meni tanimaysan!
Sobir shosha-pisha dorilarni cho'ntagiga tiqib hamtovog'ining ikki bilagidan tutdi.
— Men sotqin emasman. Ko'ngling to'q bo'lsin. Faqat va'da ber! Kechqurun yana bitta doza berasan!
— Ahmog'ing yo'q. Yangisiga xaridor topsang, o'shanda olasan. Yo manavilardan picha-pichasini urib qolaver!
— Ha-ya, kallam ishlamaganini qara! Bir chimdimdanini olsam, kim bilib o'tiribdi. Mayli, ko'rishguncha!
Ikkovlari ikki tarafga tarqalishdi. Komil bilan uchrashadigan joy ham bu yerdan uncha uzoq bo'lmagani bois, Sobir piyoda yo'lga tushdi. Lekin ellik qadamcha yo'l yurmay, boya bir chetda pivo ichib turgan yigitlar unga yetib olishdi. Biri keliboq Sobirning yo'lini to'sdi va cho'ntagidan hujjat chiqarib ko'rsatdi.
— Qani, og'ayni, hujjatlarni ko'rib qo'yaylik-chi!
Sobir bu yigitlar militsiya xodimlari ekanini bilgach, adoyi tamom bo'layozdi. Tili kalimaga kelmay, duduqlana-duduqlana javob qildi:
— M-menda h-hujjat yo'q…
Shu asnoda orqada turgani epchillik bilan uning cho'ntaklarini kovlab, o'ram-o'ram dorilarni chiqarib oldi.
— Manavilar kimniki?
— B-bular… O'zimniki… Ch-chekishga olib qo'yganman!..
Afsuski, bahona qidirishga, o'zini oqlashga Sobirning imkoni qolmagandi. Militsiya xodimlari qo'llariga kishan urib dikonglatgancha bo'limga olib ketishdi.
ESLATMA:
Sobir tergov jarayonida sheriklari kimligini ham osongina aytib berdi.
Jinoyatchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.