DO'ZAX DOMIDA QOLGAN QIZALOQ…
Rossiyaning Bryansk viloyat markazidagi ko'p qavatli uylardan birida fojia yuz berdi. Kutilmaganda to'qqiz oylik qizaloq Anya g'oyib bo'ldi. Qizaloqning ota-onasi Aleksandr Kalugin va Svetlana Shrapsovalar barcha huquqni muhofaza qilish tashkiloti xodimlarini oyoqqa turg'azishdi. Anyani butun mamlakat bo'ylab qidira boshlashdi…
Oila Aleksandr hamda Svetlanalarning shaxsiy hayotini yaqindan bilganlar ularga aytarli havas qilishmaydi. Chunki Svetlana endigina 18 yoshni qarshilagan. Sasha Kalugin bilan nikohsiz umr kechiradi. Sashaning boshqa joyda ham oilasi, farzandlari bor. Qolaversa, Sveta eridan shu qadar qo'rqarkanki, qo'shnilar uning hayotini tushovga solingan it umriga mengzasharkan. Svetaning ota-onasi ko'p bora qiziga uqtirishga, Sashadan voz kechtirishga harakat qilishgan. Ammo yovvoyi muhabbatmi, qo'rquvmi, Svetlanani bu yo'ldan qaytishga qo'ymagan.
Mast-alast er
Ajoyib kunlarning birida bu oilada qizaloq dunyoga keldi. Er-xotin yangi mehmonni o'zgacha shodlik bilan qarshi olgan bo'lishsa, ajabmas. Biroq oradan to'qqiz oy o'tgach, Sasha Kalugin Moskvadagi ishini tugatib Bryanskka qaytdi. Xotini chaqaloqning kiyimlarini yangilagan, dasturxon tuzagan holda uni kutib oldi. Shubhasiz, birga bo'ldi deguncha ikkovlashib ichkilik ichishga odatlangan er-xotin shu kuni ham o'zlari uchun ziyofat uyushtirishdi. Ko'p ichkilik ichildi. Er-xotinning kayfi tarang bo'ldi. Aleksandr ko'p ichganda negadir asabiy bo'lib qolardi. O'sha kuni ham arzimagan bahona bilan Svetlanani kaltaklay ketdi. Shovqin-surondan Anya uyg'onib qoldi…
Axir, murg'ak chaqaloqning aybi nimaydi? Shovqinga toqat qila olmasligimi? Shirin uyqusi buzilganimi? Yo'q, Aleksandr Kalugin bu haqda o'ylab ko'rmadi. Jahl ustida karavotda big'illab yig'layotgan Anyaning yuzi aralash musht tushirdi. Qizaloq battar yig'lay boshladi. Johil ota yana bir necha marta unga zarbalar berdi. Shundan keyingina Anya tinchlangandek bo'ldi-yu, Kalugin ortga qaytib kayf-safoni davom ettirdi. Bu ishi uchun Svetlana biror qarshilik ko'rsatmadi. Ko'rsatmasdi ham. Chunki uning o'zi Sashadan battar mast edi.
Fojia
Nimadir bo'ldi-yu, Svetlana qizidan xabar olish uchun yotoqqa mo'raladi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, Anyaning rangi oqarib, lablari ko'kara boshlabdi.
Aleksandr yotoqqa kirib, Anyaning tepasiga bordi-da, yuragiga quloq tutdi. So'ngra yuzlariga shapatilab-shapatilab ko'rdi. Qizaloq arang nafas olar, hatto yig'laydigan holi qolmagandi.
— Damingni chiqarma, — dedi Sasha xotiniga. — Birov bilmasin! Agar kasalxonaga olib borsak, ikkalamizniyam qamab yuborishadi.
— Endi nima qilamiz? — yig'lamsiragan ko'yi eriga javdirab boqdi Sveta. — O'lib qolsa-chi?
— Baribir o'ladi, — dedi xotirjamlik bilan Sasha. — Yaxshisi, uni balkonga chiqarib qo'yamiz. Balkon sovuq. O'lsayam sasimaydi. Birov bilmaydiyam!
— Keyin-chi? Keyin nima bo'ladi?
— Keyin nima bo'lardi? O'rmonga olib borib ko'mamiz, vassalom! Qor yog'adi, izlar bosiladi.
— Yo'-o'q, — dedi Sveta titrab. — Bolamni itlar kovlab olib yeyishini, qurt-qumursqalar chaqib tashlashini xohlamayman.
— Unda nima qil deysan?
— Yaxshisi, o'ligini yoqib yuboramiz. Shunda tinch bo'laman. Anyam qiynalmaydi, azoblanmaydi.
— Yaxshi, ko'ndirding, — dedi Sasha bosh qashib. — Yoqsak yoqaveramiz-da!
«Spektakl»
Qizaloq oradan hech qancha vaqt o'tmay, vafot etdi. Erta tongda Sasha qo'liga bolta, qog'oz va yana kerakli asboblarni olgan holda Svetani ergashtirgancha o'rmonga yo'l oldi. O'rmon qalin, ichkariroq kirilsa, tutun tarqalgani ham shaharga sezilmaydi.
U qurigan daraxt shoxlarini to'pladi-da, kelishilganidek, Anyaning jasadini yoqib yubordi. Bu mahal Sveta panaroqda, qizining kuyib kul bo'layotganini ko'rmaslik go'yoki bolasining yonayotganini ko'rmaslik uchun berkinib turdi. Sasha esa sira ikkilanmay, qo'rqmay, to olov o'chgunga qadar pivo ichdi, sigaret tutatdi, kelgusida nimalar qilish xususida bosh qotirdi.
Taxminan uch soatcha vaqt o'tib, hammasi tayyor bo'ldi. Endi xotirjam ortga qaytishsa bo'lardi.
— Biz spektakl o'ylab topishimiz kerak, — dedi Sasha uyga qaytishgach, xotiniga. — Shunday puxta yo'l topaylikki, hech kim shubhalanmasin. Men bu vaqtda Moskvada yura turaman. Shunisi ma'qulroq.
— Xo'sh, nima qilamiz?..
Birgalashib bosh qotira boshlashdi va oxiri shunday xulosaga kelishdi. Tong mahali Sveta Anyaning quruq aravachasini yetaklab do'konga boradi. Do'kon eshigi oldida aravachani qoldiradi-da, o'zi ichkariga kirib ketadi. Shu tobda ayol kiyimiga o'rangan Aleksandr uni poylab turgan bo'ladi. Kirib ketishi bilan asta boradi-da, go'yo bolani o'g'irlab ketgandek, aravachadagi quruq yo'rgakni olib qochadi. Sveta birozdan so'ng tashqariga chiqib, ko'radiki, qizi o'g'irlab ketilgan. Jonholatda sochlarini yulib qichqira boshlaydi, politsiyaga xabar beradi.
Shunday bo'ldi ham. Spektakl rejalashtirilganidek «sahna»ga qo'yildi. «Tomoshabin»lar hayratdan yoqa ushladi, dahshatga tushdi, asosiysi, bu hiylaga hatto tergovchilar, politsiyachilar ham chippa-chin ishondi va Anya butun mamlakat bo'ylab qidirila boshlandi.
Ko'za qachon sinadi?
Tergov tashkiloti xodimlari bora-bora bir narsadan shubhalana boshlashdi. To'g'ri, Sveta afsus chekmoqda, qizining o'limidan qattiq qayg'urmoqda, barchadan jinoyatchini topishda ko'mak so'ramoqda. Lekin Aleksandr bu xunuk xabarni eshitib, negadir Moskvadan qaytishga shoshilmayapti. Ishi ko'payib ketganini ro'kach qilyapti. Boshqa ota bo'lsa, eshitiboq o'qdek uchib kelishi lozim emasmidi?
Ana shu shubhalar tergovchilarni hushyorlikka undadi. Nihoyat go'yo ishlarni tugatib Aleksandr Moskvadan qaytgach, uning giribonidan olishdi. Shundagina Sasha bo'lib o'tgan ishlarni ochiq aytishga majbur bo'ldi. Jinoyatini bo'yniga oldi. Tergov eksperimentlarida barcha harakatlarini amaliy ko'rsatib berdi.
To'g'ri-da, xalq orasida «Ko'za kundamas, kunida sinadi» degan maqol bekorga aytilmagan.
Hukm
Bu dahshatli qotillikdan xabar topgan inson borki, jazavaga tushmay, g'azablanmay qolmagandi. Hatto, qo'ni-qo'shnilar Aleksandr va Svetani ular qo'liga topshirishlarini, o'zlari yo'q qilib yuborishlarini aytib to'polon ham ko'tarishdi. Ammo qonun barchaga barobar. Bu qonun jinoyatchi hayotini ham himoya etishga mo'ljallangan. Tergovchilar ikki jinoyatchini xalq qo'liga topshirib qo'yishmasligi aniq edi.
Oradan hech qancha o'tmay, sud bo'ldi. Aleksandr 19 yil, Svetlana esa 4, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ular-ku, bir kunmas bir kun jazo muddatini o'tab ozodlikka chiqar, yashashda davom etar, ammo Anya-chi? Murg'ak go'dak boshqalardek uzoq umr ko'rishga haqli emasmidi?