QO`ShXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO
Sobir akaning ikki o`g`il va ikki qiz farzandi bor, yoshi katta bo`lsa ham, haligacha esini yig`ib olmadi-da. O`zi fermer xo`jaligida hisobchi vazifasida ishlaydi. Qo`liga pul tushdi deguncha, qo`shni qishloqdagi spirtli ichimliklar do`koniga yuguradi. Uyga bir-ikki butilka aroq olib kirib, zarurat bo`lganida icharman, deb o`ylasa-da, turmush o`rtog`i Sadoqat opa uning uyga spirtli ichimlik olib kirishiga qarshilik qilaverganidan faqat ko`chada ichishga odatlandi.
Kunlar shu zaylda o`tib, Sadoqat opa beshinchi farzandini dunyoga keltirdi. Chaqaloqqa Muqaddam deya ism qo`yishdi. Farzand ko`rganidan quvongan Sobir aka o`zining «odat»iga ko`ra, oshna-og`aynilarini choyxonaga chaqirib, ularni spirtli ichimliklar bilan siylab, «ziyofat» qilib berdi.
DARZ KETGAN MUNOSABAT
Vaqtlar o`tib, Sobir aka va Sadoqat opa ikki kelin oldi, uchala qizini turmushga ham uzatdi. Ularning kenja va erkatoy qizi Muqaddam kelin bo`lganiga ham ancha yillar bo`ldi.
Muqaddam to`y o`tganidan keyin Javohir bilan bir necha yil hammaning havasini keltiradigan er-xotin bo`lib, tinch-totuv turmush kechirdi.
Lekin nima bo`ldi-yu, chiroyli bo`lganligi uchun husniga bino qo`yganidanmi yoki boshqa sababdanmi, Muqaddam erini mensimaydigan bo`lib qoldi. Javohir bilan bir necha oylab janjallashib yurdi. Shunday bo`lsa ham, ikkita farzandimning onasi, degan xayolda Javohir Muqaddamni e`zozlab keldi, uy-ro`zg`or xarajatlaridan orttirib, bir necha qimmatbaho tilla taqinchoqlar olib berdi. Koshki, Muqaddam bularni tushunib etsa...
Har doim ham "Er-xotin urishi — doka ro`mol qurishi" bo`lavermas ekan...
Ish yuzasidan boshqa viloyatga xizmat safariga ketgan Javohir bir hafta o`tib uyga qaytdi. Muqaddam turmush o`rtog`ining uyda bir hafta yo`q bo`lib, musofirlikdan qaytganini ham tushunmasdan, bo`lar-bo`lmas gaplar bilan yana janjal chiqardi. Bu kabi janjallar muntazam davom etganidan bezor bo`lgan Javohir turmushi buzilgan bir ayol — Manzura bilan tanishib qoldi. Keyinchalik uning uyiga borishni o`ziga odat qilib oldi, ba`zi kunlari unikida qolib ham ketar edi.
Muqaddam boshqalardan surishtirib, oxiri erining xushtori yashaydigan uyni topib borib, eshigini taqillatdi. Eshikni bir istarali ayol ochdi.
— Manzura sizmisiz? — so`radi Muqaddam.
— Ha, menman, tinchlikmi? —deb hayron bo`lib so`radi Manzura. — Ostonada turmang, kiring uyga, nima gap bo`lsa, ichkarida gaplashaveramiz.
Muqaddam Manzuraning uyiga kirdi, u bilan birmuncha gaplashganday bo`lib, erini unga yomonlay ketdi.
— Opa, men Javohir akaning boshini aylantirib olganim yo`q, uning o`zi meni topib, oldimga kelib yuribdi, — dedi Manzura unga.
— Qo`ying, bunaqa gaplarni. Bu erga men siz bilan janjallashgani, "erimni tinch qo`y", deyish uchun kelmadim. Undan ko`ra, keling, ikkalamiz uni gumdon qilamiz, — dedi Muqaddam.
— Tushunmadim, farzandlaringizning otasi bo`lgan Javohir akani gumdon qilishdan sizga nima foyda, farzandlaringiz etim bo`lib qolmaydimi?
— Farzandlarimning taqdiri mening muammom, sizga buning aloqasi yo`q, shu bois menga Javohir akamni yo`q qilishga yordam bersangiz, — dedi Muqaddam va Manzura agar bu ishda unga yordam bersa, katta miqdorda qimmatbaho tilla buyumlar berishni va`da qildi.
Manzura va`da qilingan buyumlarni eshitib, Muqaddamdan nima qilish kerakligini so`radi. Ular o`zaro reja tuzishdi.
Hamtovoq kundoshlar
Tushlik payti. Eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Manzura eshikning tuynugidan mo`raladi. Eshik oldida turgan inson haqiqatan ham Javohir ekanligiga ishonch hosil qilgach, eshikni ochdi. Bu paytda Muqaddam eshik ochiladigan tarafning orqasida berkinib turgan edi.
— Yaxshi keldingizmi? — so`radi Manzura.
Uyida xotinidan bunday shirin so`zlar eshitishni unutib yuborgan Javohir unga kulib qarab, uyga kirdi, Manzura bilan qo`l berib ko`rishdi. Manzura uning qo`lidagi sumkasini olib, erga qo`ydi. Javohir engashib, oyoq kiyimini echayotganida, eshikning orqa tarafida turgan Muqaddam qo`lidagi temir buyum bilan Javohirning boshiga urdi. Kutilmagan og`ir zarb miyasiga urilganidan Javohir hushidan ketdi. Muqaddam bu bilan "xumori"dan chiqmadi. Oshxonadan pichoq olib keldi-da, Javohirning qorniga etti-sakkiz marta sanchdi...
Kirakashning jinoiy sherikligi
Muqaddam "xumori” bosilgach, kirakashlik bilan shug`ullanadigan Zuhriddin ismli haydovchiga qo`ng`iroq qildi. Unga tegishli manzilga etib kelishni tayinladi.
Zuhriddin etib kelganida, unga holatni tushuntirdi:
— Narigi xonadagi jasadni tumandagi o`rmon xo`jaligiga olib borib, ko`mib kelishda yordam berasiz, bu holatni hech kimga aytmaysiz, buning evaziga mo`maygina daromad olasiz.
Avvaliga Zuhriddin o`ylanib qoldi. Keyin Muqaddam unga taklif qilgan pulni topish uchun ko`chada kamida uch-to`rt hafta kirakashlik qilishi kerakligini o`ylab, taklifni qabul qildi.
Ikki ayol tomonidan allaqachon hech kim shubhalanmaydigan holda o`rab, tayyorlab qo`yilgan jasadni bir amallab avtomashinaning orqa o`rindig`iga joyladilar va yo`lga chiqishdi...
Izi qolgan jinoyat
O`rmon xo`jaligi hududiga borib, xo`jalikning chekkaroq tomoniga o`tishdi. Uchalasi avtomashinadan pastga tushib, atrofga qarashdi, hech kim ko`rinmadi. Hamma yoq olma va shaftoli daraxtlari bilan o`ralgan bo`lib, lekin daraxtlar orasiga ekin ekilmagandi. Ular to`xtagan joydan yigirma besh-o`ttiz metr nariroqda katta yong`oq daraxti ko`rindi.
Zuhriddin avtomashinasining yukxonasidan belkurak va ketmonni oldi-da, yong`oq daraxtining tagini belkurakda bir-ikki kavlab ko`rdi, tuproq yumshoq ekan. Tezlik bilan bir odam sig`adigan darajada chuqur qazidi, jasadni ko`mib, ortga qaytishdi. Boshlang`ich sinfda o`qiydigan Muxtor esa ularni uzoqdagi eman daraxti orqasida kuzatib turgandi. U har kuni tushlikkacha maktabga borib, tushlikdan so`ng uydagi to`rtta mol va oltita qo`yini bir-ikki soat boqqani shu erga olib kelar edi.
Bu holatdan qo`rqib ketgan Muxtor mol-qo`ylarini ham unutib, avtomashina jo`nab ketganidan so`ng yugurganicha uyiga bordi. Endi ishdan kelib, choy ichib o`tirgan otasi Nasim akaga bo`lgan voqeani aytib berdi.
Nasim aka o`g`liga o`sha yong`oq daraxti tagiga umuman yaqinlashmaslikni, mol-qo`ylarini u erdan uzoqroqda boqib, kech bo`lmasdan uyga qaytishni tayinladi. Muxtor yana qo`ylarining oldiga ketgach, Nasim aka avtomashinasida, tuman ichki ishlar bo`limiga borib, holatni tushuntirdi.
Kundoshlarning qotilligi "issiq iz"dan fosh etildi
Nasim aka bergan xabar asosida tuman ichki ishlar bo`limida tezkor guruh tuzildi. Guruhning bir qismi tezlik bilan o`rmon xo`jaligiga borib, Nasim aka ko`rsatgan joydagi yong`oq daraxti tagida ko`milgan jasadni kavlab olishdi. Guruhning ikkinchi qismi esa Nasim akaning ko`rsatmasi asosida uning o`g`li Muxtor tushuntirib bergan oynalari biroz qoraytirilgan, to`q qizil rangli, atrofi turlicha bezatilgan "Moskvich” rusumli avtomashinani qidirish ishlarini boshlab yubordi. Bu kabi avtomashinalarning miqdori ozligi uchun oqshomga qadar avtomashina topildi.
Tuman ichki ishlar bo`limiga o`z vaqtida berilgan xabar sabab o`z "vazifalari”ni go`yoki hech kim aniqlay olmaydigan darajada "mukammal" ado etgan Zuhriddin, Manzura va Muqaddam shu kunning o`zida qo`lga olindi.
Sodir etilgan qotillik yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha o`tkazilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudiga taqdim etildi. Sudning hukmi bilan uch "shovvoz”ga uzoq muddatli og`ir jazo tayinlandi.
Akramjon XO`JAMOV,yurist, Namangan viloyatiNorin tumani