Temuriylar elchilari chin hoqoni huzurida

Temuriylar elchilari chin hoqoni huzurida

O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi diplomatik aloqalar tarixi olis asrlarga borib taqaladi. Tarixiy manbalar bundan ming yillar avval ham xalqlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy sohalardagi aloqalar taraqqiy etganini ko`rsatadi.
Naqqoshdan chiqqan elchi
Temuriylar hukmronligi davrida Xitoy bilan diplomatik aloqalar yanada mustahkamlangan. 1419 yilning 4 dekabrida Hirotdan Shohrux Mirzoning amir Shodixo`ja va Ko`kcha boshchiligidagi elchilari yo`lga tushadilar. Ularga Boysung`ur Mirzoning Sulton Ahmad va G`iyosiddin Naqqosh boshchiligidagi elchilari ham qo`shiladi.
Boysung`ur Mirzo Xoja G`iyosiddinga safar taassurotlarini yozib berishni buyuradi. 1422 yilning bahorida uch yildan uzoqroq davom etgan safardan qaytgan G`iyosiddin Naqqosh o`z ko`rgan-kechirganlarini qog`ozga tushirib, hukmdorga taqdim etadi. Fors tilida bitilgan bu sayohatnoma "Ajoyibul-latoyif” yoxud Xitoy sayohatnomasi deb nomlangan. O`z davrida Abdurazzov Samarqandiy, Mirxond, Hofizi Abro` singari tarixchilar ushbu sayohatnomadan o`z asarlarida iqtiboslar keltirib o`tadilar.
Yo`l yursa ham mo`l yurib…
Naqqoshning yozishicha, Hirotdan chiqqan elchilar Balx orqali Samarqandga etib keladilar. Bu erda ularga boshqa viloyatlardan yuborilgan elchilar ham kelib qo`shiladi. 1420 yilning 25 fevralida barcha elchilar birlashib, yana Xitoy tomon yo`l oladilar va 24 avgust kuni Xitoy hududiga kiradilar.
Xitoyga qarashli birinchi katta shahar So`kjuda imperatorning xos nadimlari elchilarni katta tantana va ehtirom bilan kutib olganlar va katta dasturxon yozib ziyofat beradilar. Elchilarning poytaxtga bexatar etib olishi uchun har bir bekatda maxsus xizmatchilar kutib olib, ularni joy, oziq-ovqat va keyingi bekatga bexatar etib olishlarini ta`minlashgan.
Yuz ming kishilik saroy
Naqqosh imperator Chju Di saroyidagi qabul marosimlarini ham batafsil tasvirlaydi. Muhtasham saroyda har kuni yuz mingdan ortiq odam imperatorga salom berish uchun peshonasini erga qo`yib kutib turgan.
Ma`lumki, 1420 yilda Min sulolasi vakili imperator Chju Di o`zi uchun qurilgan yangi saroyga ko`chib o`tgan. Ayni paytda ham mazkur inshoot Er yuzidagi hukmdorlar saroylari orasida eng kattasi sanaladi. Temuriylar saltanatining elchilari ana shu tarixiy voqeaning guvohi bo`lishadi va shu munosabat bilan o`tkazilgan bayram tantanalarida ham ishtirok etishadi.
Pekinda elchilar sharafiga shohona dasturxonlar tuzatiladi. Ammo, ular ayni paytda musulmonlar taqvimi bo`yicha ramazon oyi ekanligi, elchilarning barchasi ro`zadorligini bilishgach, ulardan darhol uzr so`rashadi. Elchilar Xitoy yangi yilining nishonlanishiga ham guvoh bo`lishgan. Bayram kunlari poytaxt ko`chalaridagi mushakbozliklar, turli xalq o`yinlari, masxarabozlarning ko`ngilochar tomoshalari, Xitoy taomlari G`iyosiddin Naqqoshda katta taassurot qoldiradi.
Sohibqironning tulpori
Temuriylarning elchilari olib kelgan turli-tuman sovg`alar orasida otlar ham bor edi. Xitoy imperatori sovg`alarni mamnuniyat bilan kutib oladi. Qabul marosimidan so`ng, imperator elchilar bilan xayrlashib, o`zi ovga otlanadi. Elchilar ertasi kuni tongda shahardan endigina chiqqan paytlarida, orqalaridan etib kelgan mulozimlar ularni to`xtatishadi.
Ma`lum bo`lishicha, imperator Chju-Di Shohrux Mirzo jo`natgan otdan yiqilib, oyog`i qattiq shikastlangan. Bundan g`azablangan imperator elchilarni jazolamoqchi bo`lgan. Shunda elchilardan biri Mavlono Xoja Yusuf imperatorning yaqin mulozimlaridan biriga yuzlanib vaziyatni yumshatadi:
— A`lo hazratlariga etgan ozor uchun albatta taassufdamiz. Ammo, buning uchun elchilarni jazolamoq to`g`rimikin? Zero, elchi faqat o`z hukmdorining sovg`asini etkazadi, xolos. Qolaversa, bu ot Sohibqiron Amir Temurning sevimli tulporlari bo`lib, imperator hazratlariga hurmat yuzasidan tuhfa sifatida yuborilgandi.
Shundan keyin impertor g`azabidan tushadi va elchilarni yana izzat-hurmat bilan o`z yurtlariga qaytishlari uchun ijozat beradi. G`iyosiddin Naqqosh o`z hamrohlari bilan 1421 yilning 8 mayida Xonbaliqdan yo`lga chiqib, 1422 yilning 2 sentyabrida Hirotga etib keladi.
Bebaho tarixiy manba
G`iyosiddin Naqqosh o`z "sayohatnoma”sida Xitoydagi sud-huquq tizimiga ham alohida e`tibor qaratgan. Uning yozishicha, og`ir jinoyatga qo`l urganlar olis viloyatlardan poytaxtga keltirilar, aybdorning qilmishi taxtachaga yozilib, bo`yniga osib qo`yilarkan. Imperatorning o`n ikki devoni bo`lib, jinoyatchining aybi har bir devon tomonidan tasdiqlanishi kerak. Agar shu devonlardan loaqal bittasi aybsiz deb topsa, jinoyatchi afv etilishi mumkin ekan. Shuningdek, agar ayblanuvchining aybsizligini isbot eta oladigan guvoh olti oylik masofada yashashi ma`lum bo`lsa ham, o`sha guvohni topib kelib, keyin hukm chiqarisharkan.
Umuman olganda ushbu tarixiy asar nafaqat o`zbek diplomatiyasi tarixida, balki, Xitoy xalqining tarixi, an`ana va urf-odatlarini o`rganishda ham muhim o`rin tutadi.
Rustam Jabborov tayyorladi.

Fikr qo'shish