Yo’ldagi hangoma
Mamarayim bobo «Quvnoq qishloq – Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi avtobusda poytaxtga kirib keldi.
– Voy-vo‘-o‘-o‘, buncha baland bo‘lmasa bu imoratlar. Shahar ancha o‘zgarib ketibdi-ku! O‘ziyam bu yoqlarga kelmaganimga ming yil bo‘ldi-yov.
Boboy derazadan shaharni kuzatar ekan, tobora hayrati oshib borardi. Avtobus asta t o‘xtadi.
– Yetib keldik!
Shirin xayollar og‘ushida shaharni tomosha qilayotgan Mamarayim bobo haydovchining hayqirig‘idan o‘ziga keldi.
– Mana, o‘g‘limning uyiga ham keldim hisob. Endi, bu manzilni topishim kerak.
Bir parcha qog‘ozni g‘ijimlagan bobo shahar ichida qatnovchi transportlar to‘xtaydigan bekat tomon yurib kela boshladi. Yo‘nalishli taksilar to‘xtaydigan yerda bir yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha boboni qarshiladi:
– Iya-iya, keling otaxon. Yo‘lingiz Sergeli tomonga emasmi? Ichkarida joy bor, chiqing, – dedi u eshigi ochiq turgan marshrutkaga imo qilib.
– Shu desang, bolam, shaharga kelmaganimga ancha zamonlar bo‘lib ketdi. O‘g‘limnikiga kelayotgandim. Manavi manzilga borishim kerak.
Yigit qog‘ozdagi yozuvga qarab yuzini burishtirdi.
– Hm-m-m, menimcha, otaxon, bu yerga metro bilan borsa qulay.
– Metro degin. Bu alomat narsaga yangi ochilgan payti chiqib ko‘rgan edim. Unga qanaqa qilib borsam bo‘ladi?
– Mana biz olib borib tashlaymiz-da, otaxon! Salonga chiqing. Bir- ikkita odam olaylik, jo‘naymiz.
Oradan yarim soat o‘tdi. Mamarayim bobo chiqqan payti ancha xoli bo‘lgan marshrut odamga to‘lib ketdi.
– Hoy o‘g‘lim, yurmaysanmi, odam to‘lib ketdi-ku?! – dedi otaxon derazadan boshini chiqarib.
– Hozir, boboy, yana bitta odam olvolay.
Nihoyat marshrutka toshbaqa yurish qilib, chayqala-chayqala o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Endigina ikki bekat yurishgan ham ediki, mashina yo‘l chetida to‘xtab, haydovchi Mamarayim boboga baqirdi:
– Otaxon, sho‘tta tushasiz. Ho‘v ana metro.
– O‘sha bekatdan turib tosh uloqtirsam ham sen yurgan yo‘ldan ko‘proq masofa o‘tardim! Qanaqa odamsan o‘zi? Bekatda sening aravang yurishini kutib o‘tirmay yo‘lga chiqqanida, chumoli ham sendan tez etib kelgan bo‘lardi.
– Ja-a-a oshirib yubordingiz-ku, otaxon… Bo‘ldi, tushing!
– Ha, bo‘ldi, bo‘lar ish bo‘ldi, mayli. Omin, topgan-tutganingga xudo baraka bersin. Ollohu akbar…
– Duo yaxshi narsa otaxon. Lekin, yo‘l kirani to‘lab qo‘ying.
– Shu ikki qarich joygayam pul olmoqchimisan?!
– Ha endi… Plan degan narsalar bor-da, otam!..
Haqini to‘lamasa eshikni ochadigan siyog‘i yo‘qligini ko‘rgan otaxon noiloj cho‘ntak kovladi.
– Mana, ol.
– Iya, boboy, bu kam-ku! Ana peshonangiz tagiga «300 so‘m» deb yozib qo‘yilgan. Qoida hammaga bir xil.
– Juda bez yigit ekansan. Ushla, bugun o‘zi yomon tush ko‘rganim uchun gadoyga xayr qilmoqchi edim…
Marshrutkaning eshigini qarsillatib yopgan bobo metroga yo‘l oldi. Uning ko‘zi katta harf bilan yozilgan «M» belgisiga tushdi. «Bu deyman, «M» degani «Mamarayim uchun» degan ma’noni bersa kerak, – o‘zicha ko‘nglini ko‘tardi bobo. – Yo bo‘lmasa, boshqacharoq narsani bildiradigan belgi bo‘lishi ham mumkin. Bu harfni yana qaerdadir ko‘rgandekman…» Metroga kirish joyiga yetib kelgach, otaxonning oldiga yashil forma kiygan, kulib turadigan yosh qiz keldi:
– Yordam kerak emasmi?
– Rosa paytida uchrading, qizim. Manavi manzilga borishim kerak edi.
Qiz qog‘ozni olib ko‘z yugurtirdi.
– Eshitmagan ekanman, uzr, otaxon.
– Endi nima qilsam bo‘ladi?
– Metro ichiga tushib, yo‘lovchilardan so‘rasangiz aytib berishadi. Shaharning deyarli hamma manziliga metroda borsa bo‘ladi.
– Rahmat, qizim.
Mamarayim bobo asta-sekin metroning ichkarisiga yo‘naldi.
Poezddan tushgan odamlarning hammasi qayoqqadir shoshilar, birov bilan birovning ishi yo‘q edi. Mamarayim bobo bir oz taraddudlanib turdi-da, tez-tez yurib ketayotgan bir bolani to‘xtatdi.
– O‘g‘lim, menga bir narsani aytib berolmaysizmi?!
Yigit otaxonga bir qaradi-da:
– Ya uzbekskiy ne ponimayu, – deb yo‘lida davom etdi.
«Ne ponimayu» emish, o’zimizni Salim sariqning shaharda o‘qiydigan katta o‘g‘liga o‘xshaydi-ku! Yana o‘zini dovdirlikka soladi,– o‘yladi Mamarayim bobo.– Bu yerda hamma uyiga o‘t ketgandek hovliqib yuribdi. Ulardan so‘ragan bilan foyda chiqmaydi. Yaxshisi, manavi g‘irra-g‘irra kelib-ketib turgan poezdlardan biriga chiqay-chi, zora ichidagi odamlardan birovi bu qurib ketgur manzilni bilsa…»
Bobo o‘yini oxiriga etkazmasdan «G‘uv» etib bir poezd kelib to‘xtadi. Otaxon ichkariga kirishi bilan eshik zarb bilan yopildi. «Bu shaharning odamlari juda hovliqma ekan, desam, poezdiyam shoshqaloq chiqib qoldi-ku», degan o‘y kechdi Mamarayim boboning xayolidan. Poezd ichida ham qo‘lidagi qog‘ozni bir nechta odamga ko‘rsatdi. Lekin bu yerda ham tayinli javob ololmadi. Tez ketayotgan poezdning g‘uvillashida ayrimlar boboning gapiga tushunmasa, ayrimlar esa yelka qisib qo‘yishar edi. Shu asnoda poezd oxirgi bekatga borib to‘xtadi. Otaxon hafsalasi pir bo‘lib metrodan tashqariga – ko‘chaga chiqdi. Metroning toneli og‘zidan chiqaverishdagi bekatda boboning ta’biri bilan aytganda, «shoxli avtobus» – trolleybus to‘xtab turar edi. Mamarayim bobo unga chiqib, haydovchining yoniga bordi.
– Bolam, o‘zing yordam bermasang bo‘lmaydi. Ertalabdan buyon sarsonman. Manavi manzilga borishim kerak. O‘g‘limning uyiga…
Haydovchi ko’pdan sarson bo’lgani avzoyidan bilinayotgan otaxonga bir oz achinish bilan qarab, qog‘ozga ko‘z yugurtirdi.
– E-ha, bu yerni bilaman bobo.
– Rostdanmi? Qanday qilib boraman, tezroq gapir-chi, o‘g‘lim.
– Lekin bir oz uzoqroq. Hozir men sizni tramvay yo‘liga tashlab qo‘yaman. Unga chiqib, to‘rt bekat yurasiz, keyin tushasiz. O‘sha yerdan avtobusga chiqsangiz, oxiriga borib, ana shu manzil yozilgan joyga yaqin bekatda to‘xtaydi. O‘sha yerda tushib yo‘lovchilardan so‘rasangiz, aytib berishadi. Mana bu siz chiqadigan tramvay bilan avtobusning raqami.
Haydovchi bir parcha qog‘oz yozib uzatdi.
– Ha, aytgandek, otaxon bu o‘g‘lingizning uyida telefoni yo‘qmi deyman?
– Bor edi. Hamma ayb kampirimda: telefon no‘mirini yozib ber desam, «xo‘p» dedi-yu, esidan chiqdi. Men ham xayol bilan bo‘lib chiqib kelaveribman. Hammasi kampirni deb…
boboy
– Asabiylashmang, otaxon, shaharni tomosha qilib yuribsiz-da!
– E, tomoshasiga ham o‘t tushsin.
Mamarayim bobo bu transportga ham yo‘l haqini to‘lagach, haydovchi aytgan joyda tushib qoldi. Tramvay deganlari ham tez kela qolmadi. Izi boru, o‘zi yo‘q. Boboning xunobi oshib, «darbadar» yurishiga sababchi bo‘lgan kampirini endigina so‘kmoqchi bo‘lib turgan paytda nihoyat qo‘ng‘irog‘ini jiringlatib tramvay ko‘rindi.
Otaxon to‘rt bekat yurgach, endi avtobus kuta boshladi. «Yana shu ahvolda biror soat yursam, qorong‘u tushadi. O‘g‘limning uyini topolmay, «Quvnoq qishloq»qa qaytib ketmasam bo‘lgani, ishqilib». Trolleybus haydovchisining gapini eslab, yana jahli chiqdi. «Shahar aylanib yuribsiz-da!» emish, nos cheksam aylanmaydigan boshim shu yerga kelib aylandi, o‘zi…»
Avtobus ham otaxonning jahli chiqqanligini sezdimi yoki boshqa sababmi, har holda tezda kelaqoldi…
Mamarayim bobo aytilgan joyda avtobusdan tushganda ne ko‘z bilan ko‘rsinki, shaharga kirib kelgan paytida avtobus to‘xtagan avtoshohbekat!
«Voy, padarla’nat, yana adashdimmi-a!? Aylanib-aylanib yana shu yerga kelibman-ku!» Bobo o‘g‘lining uyini topishdan umidini deyarli uzdi. Shunday bo‘lsa-da yonida to‘xtab turgan taksi ichidagi shofyorga qog‘ozni uzatib, so‘radi: Mana shu manzilning qayoqda ekanligini bilasanmi, baraka topgur?!
– Bunimi?.. Ha bilaman, albatta bilaman. O‘tiring, olib borib qo‘yaman.
– Yo‘g‘-e, adashmayapsanmi?
– Nega endi, «Abdulbosidov ko‘chasi, 84-uy». Hozir o‘tirsangiz, o‘sha yerga olib borib qo‘yaman.
Mamarayim bobo suyunib taksiga o‘tirdi. Shahd bilan qo‘zg‘algan mashina oradan ikki daqiqa o‘tmasdan bir ko‘chaning ichida to‘xtadi.
– Mana otaxon, Hasan Abdulbosidov ko‘chasi, mana bu 84-uy.
– Baraka top o‘g‘lim, yasha! Qancha bo‘ladi?
– Ming so‘m beravering.
– Hech qancha yurmading… – otaxon shunday deb endi gap boshlamoqchi bo‘ldi-yu, marshrutkachi bilan bo‘lgan ertalabki voqeani eslab indamadi. Aytganini shofyorga uzatgan Mamarayim bobo puliga achinsa ham, «rahmat» deb tushib qoldi. «Eh, ahmoq chol, o‘g‘lim aytgan edi-ya: «Qishloqdan kelgach, taksichilarga manzilni ko‘rsatsangiz bir zumda oborib qo‘yadi», deb. Men bo‘lsam… Yo‘lovchi transportda arzonroq etib olaman» deb o‘ylabman. Attang…»
Mamarayim bobo afsus bilan bosh chayqab, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi.
– Iya, dadajon, o‘zingizmisiz? Men kech bo‘lib qolganiga bugun kelmasangiz kerak, deb o‘ylabman.
– Yo‘lda bir oz ushlanib qoldim-da, o‘g‘lim.
O‘g‘il otasini ichkariga boshladi.
– Uyimiz shohbekatning yonidagi ko‘chada. Har qanday mashina ko‘z ochib yumguningizcha olib kelib qo‘yadi. Nega yo‘lda ushlanib qoldingiz, hayronman, – dedi boboning o‘g‘li bir piyola choy ustida. – Rosa charchagandirsiz-a, dadajon?! Ha mayli, bugun yotib damingizni olsangiz, ertaga shaharni aylantirgani olib chiqib, charchog‘ingizni yozib yuboraman!
– Nima???
------------------------------------------------
IDROK, 2004.