UCH DO‘ST yoxud IKKI QIYOFA
Xasan, Xusan va Dilmurod maktab davridanoq qalin do‘st edilar. Bu inoq uchlikka boshqa bolalar havas bilan qarashar edi. Ularning intilishlariyu niyat-maqsadlari ham bir xil. Maktabni tamomlagach, ToshDUning moliya fakultetiga hujjat topshirish va kelajakda yetuk bank mutaxassisi bo‘lish orzusida edilar. Shu sababli ham bu uchlik maktabning o‘ziga yarasha sho‘xliklari bilan bir qatorda fanlarni o‘zlashtirishni ham qoyil qilishardi. Hattoki har yili bo‘lib o‘tadigan fan olimpiadalari ham ularning ishtirokisiz o‘tmasdi.
Oylar ketidan yillar quvib o‘tib, maktab partasini tark etish fursati ham yetib keldi. Ular o‘zlari orzu qilgan oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirishdi. Ne baxtki, Dilmurod va Xusan talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Ammo Xasanga omad kulib boqmadi: oxirgi imtihondan past baho olib yiqildi.
Vaziyat taqozosi tufayli endi Xasan qalin o‘rtoqlaridan uzoqlashgan edi. O‘qish davomida Xusan va Dilmurodlarning do‘stligi esa avvalgidan-da qalinlashib ketdi. Albatta, ular Xasanni ham unutishmadi. Uch do‘st har haftada hech bo‘lmasa bir marotaba yig‘ilib, uchrashib turardilar. Lekin mehr ko‘zda deganlaridek, Xasanning do‘stlariga bo‘lgan munosabati avvalgidek emasdi. Ayniqsa Xusan yaqin do‘sti bo‘lishi bilan bir qatorda o‘zining tug‘ishgan ukasi bo‘lsa-da, uni dushmanidan battar yomon ko‘rib qoldi. Uning yuragida Xusan va Dilmurodga nisbatan xasad o‘ti paydo bo‘lgandi. Aslida insonni tubanlikka boshlovchi bu tuyg‘u Xasanning qalbida imtihon javoblari e’lon qilingan kuni uchqunlagan edi. Vaqt o‘tib esa, ikki do‘stning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini kuzatgan Xasanning dilidagi ko‘rolmaslik alanga ola boshladi. Ikki do‘st o‘qishni tamomlab, obro‘li banklardan biriga ishga joylashishgach esa u bir joyda o‘tira olmay qoldi.
Bu orada Xasanning hayotida ham baxtli voqealar yuz berib ulgurgan edi. Ya’ni u yoz oylari o‘z sevgan qizi bilan oila qurdi va yana oradan bir oy o‘tar-o‘tmas o‘qishga qabul qilinganligi haqidagi xabarni eshitdi. Nihoyat u to‘rtinchi urinishda oliygohning o‘zi orzu qilgan fakulteti talabasiga aylangan edi. Biroq uni yutuqlar quvontirmadi. U o‘zini hozirda raqibga aylanib ulgurgan do‘stlaridan to‘rt yil ortda qolganini o‘ylab, ich-etini yer edi. Xasan-Xusanlarning to‘yida Dilmurod bel bog‘lab xizmat qildi. Oradan hech qancha o‘tmay Dilmurodning ham to‘yi bo‘ldi. Lekin Xasan o‘z to‘ylarida ukasini bir og‘iz tabriklab qo‘ymagani qatori Dilmurodning to‘yida ham birrov qatnashib tabriklashga yaramadi. Bu esa uning faqat o‘zi va Xudogagina ayon bo‘lgan g‘araz tuyg‘usining ifodasi va shu yo‘l bilan raqiblariga nisbatan yashirincha isyoni edi.
Ikki do‘st Xasanga nimadir bo‘lganligini, undagi o‘zgarishlarni payqashsa-da, jiddiy e’tibor berishmadi. Uning harakatlaridan norozi bo‘lmay, aksincha, nima qilib bo‘lsa ham unga yordam berishga harakat qildilar. Xusan bir qorindan talashib tushgan akasiga ham sodiq do‘st, ham jigar sifatida doimo ko‘maklashardi.
Ikki do‘st o‘zlari o‘qishni bitirgach, ishga olingan bankka Xasanni uchinchi bosqichda o‘qib turgan paytidayoq joylashtirib qo‘yishdi.
– Mana do‘stim, endi uchalamiz yana birgamiz. Xudo xohlasa do‘stligimiz abadiy bo‘ladi, – deya niyat qildi Dilmurod, "katta aka”ni birinchi ish kuni bilan tabriklar ekan.
Xusan ham unga qo‘shilib og‘asining qo‘llarini samimiy siqib qo‘ydi.
Aka sirtida kulib minnatdorchilik bildirdi. Lekin ichidan nimalar o‘tganini o‘zi bilardi. Ularning ishga joylashtirish yo‘li bilan chin dildan qilgan saxovatlarini u umuman boshqacha tushundi.
Shu taxlit kunlar ketidan kunlar o‘tib, Xasan bank ishlariga ancha o‘rganib qoldi. U ikki do‘stidan idoradagi ishlarning o‘ziga xos sirlarini o‘rganish bilan bir qatorda, ularning nozik tomoni qayerda ekanligini zimdan kuzatdi. Shu bilan birga bir vaqtning o‘zida ham ikki do‘stning orasiga sovuqchilik solish, ham ishdan mosuvo qilish yo‘lini o‘ylar edi. Nihoyat kutilgan vaziyat yetib keldi. Yil oxirida bank tugayotgan yil to‘g‘risida hisobot tayyorlashi va markaziy boshqarmaga yuborishi kerak edi. Bank rahbarining o‘rinbosari sifatida bu vazifa Dilmurodga tegishli edi. Barcha normativ hujjatlar uning imzosi asosida tasdiqlanar va yil oxiridagi hisobotni tayyorlash ham uning ishi edi. Kredit bo‘limi boshlig‘i vazifasini esa Xusan bajarardi. Hasan esa bank xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatardi. Shunday bo‘lsa-da, Dilmurod ham, Husan ham hech qachon Xasanga o‘zlarini rahbar tutib munosabatda bo‘lishmasdi. Ularning munosabati o‘ta samimiy va do‘stona edi. Hattoki ular Xasan tutqizgan har qanday hujjatga tanishib chiqmay turib imzo chekib berar edilar.
Dekabr oyining boshlari. Nimadir bo‘ldi-yu, mehnat ta’tilida dam olayotgan aka ukasidan xabar olgani bankka keldi. Husanxon qayergadir chiqib ketgan, xonasida hech kim yo‘q edi. Ukasining xonasiga bemalol kirib keladigan Hasan bu gal ham odatdagidek xonaga kirdi-da, kresloga yastanib o‘tirib oldi. Bu paytda asosiy ish soati tugayotgan, hamma xodimlar ketishga chog‘lanayotgandi. Shu payt eshik taqilladi. Hasanxon kirishga ruxsat berdi. Xonaga 50-55 yoshlar chamasidagi kishi kirib keldi.
– Assalomu alaykum. Xusanxon Asliddinovich, mumkinmi?!
– Keling aka, keling, – dedi Xasan sir boy bermay. U mehmonning nima maqsadda kelganini bilish uchun yana qoyilmaqom rol o‘ynay boshladi.
– Shu desangiz uka, bir kichik korxona ochib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi edim. Ancha vaqt yelib-yugurib, kerakli hujjatlarni to‘pladim. Mana, hammasi mana bu qog‘ozlarda yozilgan.
Kishi papkasidan turli qog‘ozlarni olib, Xasanga uzatdi. U esa qo‘liga hujjatlarni olib, erinmay birma-bir ko‘z yugurtirib chiqdi.
– Yaxshi, aka! Xo‘sh, bizdan nima xizmat? Muammo nimada? – so‘radi u jiddiy ohangda.
– Masala shundaki, korxonaga hisob raqami ochishga hali ulgurmadim. Idoradagilar, agar ertagacha shu ishni hal qilmasam, korxonani tasdiqdan o‘tkazish kelasi yilga qolib ketishini aytishdi. Shunga sizdan iltimos, uka, yordam qilib yuborsangiz.
Hasan bu gapni eshitgach, ko‘zlari chaqnab ketdi. Ko‘z qiri bilan kishining qo‘lidagi qora sumkaga nazar tashladi. "Nahotki shularning hammasi pul bo‘lsa?!” o‘yladi u. Lekin suhbatdoshi undagi o‘zgarishni payqamadi.
– Sizni tushunaman, aka. Lekin bu bir-ikki kunsiz bitmaydigan ish, – dedi u o‘zini xotirjam tutar ekan. Buning ustiga hozir yil oxiri. Biz ham boshqarmaga hisobot topshirishimiz kerak. Xodimlarning vaqti tig‘iz.
– Ukajon, sizdan iltimos, bir narsa qiling. O‘zi shundoq ham cho‘zilib ketdi. Sizni ham bir xursand qilaman. Ko‘rinishingizdan olijanob insonga o‘xshaysiz.
Endi talabgor xushomad qilishga o‘tgandi. Boshidayoq ichida «jon» deb turgan Hasanga bu moydek yoqib tushdi. U o‘zini bir muddat o‘ylangandek qilib ko‘rsatdi-da, rozi bo‘ldi.
– Korxonangiz hisobiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan pul yoningizdami? – so‘radi u o‘zini bee’tibor tutgancha.
– Ha, albatta. Mana olib kelganman,–dedi haligi kishi quvonchini yashirmay jilmayar ekan.
– Unda durust. Siz pullarni menga tashlab ketavering. Hozir kech bo‘ldi. Ertaga ertalab kassa ochilgach, o‘zim kirim qilib qo‘yaman. Hisob haqidagi hujjatni esa ertaga tushdan so‘ng bank boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Komilovichning qabulxonasidan olib ketasiz. Kelishdikmi?!
– Albatta ukajon, albatta, – kishi shunday degancha qo‘lidagi pullarni stol ustiga qo‘ydi va yana yon cho‘ntagina kavlab, yuz AQSh dollari qiymatidagi kupyurani Hasanga uzatdi.
– Bu nima qilganingiz, akaxon?! Hizmat uchun men bir tiyin ham olmayman. Ataganingiz bo‘lsa, ertaga hujjatni olib ketgani kelganingizda, Dilmurod Komilovichning shaxsan o‘zlariga topshirasiz.
– Xo‘p, xo‘p uka.
Kishi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib xonadan chiqib ketdi.
Xasanxon necha yillardan buyon o‘ylab yurgan maqsadiga yetgandi. U bir ozdan so‘ng sumkadagi pullarni oldi-da, tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi. Uning kelib ketganini hatto eshik ostida turadigan qorovul ham payqamay qoldi.
* * *
Tomoshaning kattasi ertasi kuni yuz berdi. Hech narsadan xabari bo‘lmagan Xusan o‘zi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan mashmashaning ustidan chiqdi. Dilmurodning xonasida kimdir «Pullarimni topib berasanlar! Senlarga hali ko‘rsatib qo‘yaman!» deya baqirar edi. Kotiba qiz Xusanni ko‘rishi bilan uni Dilmurod so‘rayotganini aytdi. Do‘stining xonasiga kirgan Xusanning boshidan mag‘zava ag‘darildi. o‘irt begona qandaydir kishi undan katta miqdordagi pul talab qilardi. Xusan esa undan hech qanday pul olmaganini kuyib-pishib tushuntirardi. Voqeani asabiy kuzatgan Dilmurod keskin burilish qildi.
– Men sendan buni kutmagandim. Do‘stligimiz oqibati shu bo‘ldimi?! Senga o‘zimdan ham ko‘proq ishongan edim. Endilikda hayotimdagi eng katta xatoim ham ana shu bo‘ldi. Seni deb endi ishdan haydalishim, qamalib ketishim mumkin. Mayli, men mana bu odam aytgan pulni bir amallab topib kelaman. Lekin endi oramizda hech narsa yo‘q. Gap tamom. Chiq xonadan!
Endi qarshilik ko‘rsatish befoyda edi. Xusan ko‘zida yosh bilan ayni damda g‘irt begona bo‘lib ulgurgan yaqin do‘stining xonasini tark etdi.
– Akajon, siz mana shu xonada o‘tirib turing. Men kechgacha o‘sha miqdordagi pulni topib kelaman.
Dilmurod shunday deb, jabrlanuvchi kishini organ xodimlarini chaqirmay turishga ko‘ndirdi. Chunki agar hozir u pulni topmasa, tez orada topshirilishi kerak bo‘lgan bankning yillik hisobotini ham yopolmas, bu esa ishdan haydalishi va qamalishiga olib borishi mumkin edi. Dilmurod ming xil xayollar og‘ushida mashinasiga o‘tirdi va pul olishi mumkin bo‘lgan barcha tanishlarining uyiga birin-ketin kirib chiqa boshladi. Afsuski, hech kimda unga kerak bo‘lgan miqdordagi summa yo‘q edi. Hamma tanishlari hayron: «O‘zi pulning ichida ishlaydi-ku!.. Nima bo‘ldi ekan?!»
Dilmurod do‘stini yo‘qotganini, katta pul topish muammosini o‘ylagancha qattiq siqilgan ko‘yi mashina haydab borar ekan, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani ko‘rmay qoldi. Qattiq tormoz berdi. Lekin katta tezlikda kelgan mashina piyodani ancha nariga uloqtirib tashlagan edi.
Nima voqea yuz berganini fikr ham qila olmay qolgan Dilmurod karaxt bo‘lib mashinadan tushdi. Birpasda to‘plangan olamon esa yerdan nimalarnidir terish bilan band edi. Badani soviy boshlagan jasad oldiga kelgan Dilmurod xazon singari sochilib yotgan pullarni va qip-qizil qonga bo‘yalib yotgan do‘sti Xasanni ko‘rdi. Taqdir akani qilmishlari uchun qattiq jazolagandi. U bu safar rol o‘ynamayotgan edi…