TUGALLANMAGAN REJA

TUGALLANMAGAN REJA
TUGALLANMAGAN REJA


Omad bir kelsa, kelaveradi deb shuni aytsalar kerak. Ayni qurilish mavsumi bo‘lgani uchunmi yoki mollarning sifati yaxshiligidanmi negadir shu kunlarda Mansurning ishlari olg‘a borayotgan edi. Qurilish mollari bozorida savdo qiluvchi savdogarlarning ayrimlari xavas, ayrimlari xasad bilan unining ishini kuzatishardi. Kimdir «Mansurxon o‘zi omadli bola-da! Hech shu yigitning ishidan noliganini eshitmaganman», desa kimlardir «Halolligi uchun savdosida baraka bor. Bir so‘m topsa ham, ming so‘m topsa ham to‘g‘rilikni xush ko‘radi», deyishar edi.

Ana shunday omadli kunlarning birida, tushdan so‘ng bozorda odam kamaygan bir paytda Mansurxonning oldiga bir yigit kelib, uni savolga tutdi.
– Aka, bu yerda taxta sotib oladigan odamlar bor, deb eshitgandim. Kimga uchrashsam bo‘ladi. Bilmaysizmi,–dedi yigit.
Azaldan og‘ir-bosiq bo‘lgan Mansurxon dastlab yigitga zimdan ko‘z yugurtirib chiqdi-da, javob qaytardi:

– Biz-da uka, taxta oladigan. O‘zi nima bor sotiladigan?

– Sakkiz yil avval otam rahmatli uy qurishni niyat qilib besh yuz tup terak ekib ketgan edilar. Teraklar ayni yetilgani uchun hammasini kestirib, po‘stini shilib, tayyor qilib qo‘yganman. Shularni sotmoqchi edim, aka, nima deysiz?! – yigit shunday deb savol nazari bilan Mansurxonga qaradi.

«Bugun ham omadim kelganga o‘xshaydi», dilidan o‘tkazdi Mansurxon. Ammo buni suhbatdoshiga oshkor qilmay, uni chetroqqa olib chiqib, hali ko‘rmagan mollari ustidan savdo qila boshladi. Nihoyat teraklarning egasi Mansurxon aytgan narxga rozi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha mollar qo‘shni tumanda bo‘lib, olib ketishga taxt qilib qo‘yilgan ekan.

– Ukajon, men ertaga tongda yetib boraman. Mollar ma’qul bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilib ikkita yuk mashinasini chaqiraman-da, olib ketaman.
– Aka, kutaman sizni!
Ular iliq xayrlashishgach, Mansurxon ertagalik xarid uchun pullarini hisob-kitob qilgani uyiga yo‘l oldi. Mansurxon yaqindagina yangi «Neksiya» sotib olgani bois, pul aylanmasidan bir oz qiynalib qolgandi. Ammo pul topmasa ham bo‘lmaydi. Hajmi anchayin katta bo‘lgan bu mollarning ortidan ancha-muncha pul ishlab olsa bo‘ladi.
Mansurxon o‘ylay-o‘ylay yaqin do‘sti Avazning uyiga yo‘l oldi. Uch kun avval choyxonada yangi mashinasini do‘stlariga yuvib berayotganida Avaz Mansurga puldan yordam kerak bo‘lsa tortinmay so‘rayverishini aytgandi.
Avazbek do‘stini iliq kutib oldi. Mansur ham ko‘p tarang qilmay unga ko‘proq pul kerakligini, olgan qarzi miqdorida tovarni bo‘shatishi bilanoq, darhol qaytarishini aytdi. Avazbek bir oz o‘ylanib turdida ichkariga kirib, qora rangdagi sport sumka ko‘tarib chiqdi.
– Mana do‘stim, bu yerda 10 million so‘m pul bor. Kechqurun bularni valyutaga almashtirmoqchi edim. Mayli sen ishingni bitirib ol. Pullar bekor yotganidan ko‘ra foyda keltirgani yaxshi.
– Senga katta rahmat, Avaz. Tez kunda albatta qaytaraman.
Mansurxon ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, uyiga qaytdi. U o‘zida bor pullarni ham qo‘shib hisob-kitob qilganida, ertasiga olinishi kerak bo‘lgan tovar uchun uchma-uch yetadigan summa yig‘ilganini bildi. «Mayli, hechqisi yo‘q. Nasib qilsa, katta daromadning ustida turibman. Harajatlarni kamaytirib, bir oz chidasam, hammasi yaxshi bo‘ladi», o‘yladi u. Shundan so‘ng u bozordagi hamkori Farhodga qo‘ng‘iroq qilib, ertasi kuni barvaqt tayyor bo‘lib turishini, mol olish uchun birgalikda qo‘shni tumanga borib kelishlarini aytib, ogohlantirib qo‘ydi. Shundan so‘ng rejadagi ishlarini bitirgan Mansurxon divanga xorg‘in o‘zini tashlar ekan, erinibgina soatga qaradi. Bu paytga kelib, kun ancha kech bo‘lib qolgandi. Mansurxon ertasiga barvaqt turishi kerakligini o‘ylab, uyquga ketishga tayyorlandi.
Ammo shu payt tun sukunatini darvoza qo‘ng‘irog‘ining jiringlashi buzdi. Mansurxon hayron bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘oldi. «Kech bo‘lganida kim ekan…», degan xayolda bir oz jahli chiqib darvozaga yo‘naldi u.
Eshik ochilganida ostonada yon qo‘shnisi bo‘lmish «chempion» laqabli ukaxoni Akmal turganini ko‘rdi. O‘tgan yili tay-boks bo‘yicha mamlakat birinchiligini olgach, hamma uni shunday deb atardi.
– Kech bo‘lganda tinchlikmi, Akmal?! Kir-chi, uyga, –dedi Mansurxon xayron bo‘lib.
– Avvalo uzr, Mansur aka. Bemahalda sizni bezovta qildim. Lekin boshqa ilojim yo‘q edi. Kutilmaganda onam kasalxonaga tushib qoldilar. Hozir qo‘shni tumandagi shifoxonaning jonlantirish bo‘limida yotibdilar. Shifokorlar ertaga tonggacha mana bu qog‘ozdagi dorilarni olib kelishimni aytishdi, – yigitcha shunday deb qo‘lidagi qog‘ozni Mansurxonga uzatdi.
– Ayni vaqtda sizdan boshqa hech kimdan yordam ololmaman. Bilasiz, dadam amakilarim bilan Rossiyaga ketishgan. Agar qarz berib tursangiz, kelgusi oyning oxirigacha albatta qaytaraman.

Mansurxon yigitchaning so‘zlarini diqqat bilan tingladi. U bir tomondan Akmalning holatini tushunayotgan bo‘lsa ham bir tomondan ertagalik o‘zining vaziyatini o‘ylab, ikkilanib qoldi. Chin yurakdan qo‘shnisiga yordam berishni istasa-da, ertagalik qilishi mumkin bo‘lgan foyda ko‘z oldidan ketmayotgandi. Dastlab Mansurxon Akmalga vaziyatni tushuntirishga harakat qildi. Ammo yigitchaning ko‘zlarida miltillab turgan yoshlarni ko‘rib, ezilib ketdi. «Mo‘ljalimdagidan bir oz kamroq taxta olsam ham bo‘laveradi. Yaxshilik qilsam, yon qo‘shnimda qolib ketmaydi. Inson taqdiri har narsadan ustun…», o‘yladi Mansurxon. Shundan so‘ng u qo‘shni xonaga kirib, yigticha aytgan miqdordagi summani olib chiqib berdi.
– Rahmat aka, bir umr yodimdan chiqmaydigan yaxshilik qildingiz. Ilohim Alloh molingizni va joningizni o‘z panohida asrasin. Savdoingiznit barakasini bersin. Tez kunda albatta qaytaraman, – yigitcha shunday deb o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
– Arzimaydi, uka. Hozir qo‘shni tumanga ketadigan bo‘lsang, yarim kechasi yo‘lda yurishing xavfli. Uch soatdan so‘ng tong otadi. Yaxshisi, hozir menikida bir oz damingni olgin. Tongda barvaqt turamiz. Meni yo‘lim ham o‘sha tomonda. Shifoxonaga mashinada tashlab qo‘yaman.
– Katta rahmat, Mansur aka! Ammo bormasam bo‘lmaydi. Shahar markazidagi navbatchi dorixonadan kerakli narsalarni olib, tezroq yetib borishim kerak. Onam u yoqda yotgach, men bu yerda tinch turolmayman.
Shundan so‘ng yigitcha qo‘shnisiga katta minnatdorchilik bildirib xayrlashdi. Uni darvozaga kuzatib qo‘ygan Mansurxon uyga qaytib kirdi-yu, qanday uxlab qolganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Erta tongda qo‘l telefonining qattiq jiringlashidan uyg‘ongan Mansurxon bozordagi sherigi Farhodga tez yetib kelishini aytdi-da, shosha-pisha yuz-qo‘lini yuvib, nonushta qilish gazga uchun choy qo‘ydi. Bu orada Farhod kirib keldi. Ular birgalikda yengil tamaddi qilishgach, «Neksiya»da qo‘shni tumanga yo‘l oldilar.
Yo‘lda borishar ekan, mollarni sotmoqchi bo‘lgan yigit ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, ularni kutayotganini aytdi.
Ikki soatga qolmay «Neksiya» aytilgan manzilga yetib keldi. Ularni o‘sha tanish yigitcha kutib oldi. Ammo Mansurxon uni bir qarashda taniy olmadi. Chunki uning yuzi bi-oz shilingan va oyog‘i ham oqsoqlanayotgandi.
– Falokat-da, aka. Kecha qorong‘uda ko‘chada ketayotib, chuqurga tushib ketdim, – deya o‘z holatini izohlab kutib oldi yigit.
– Shunaqasi ham bo‘ladi, uka,– hamdardlik bildirdi Farhod. – Tezroq mollarni ko‘rib, tezroq olib ketsak yaxshi bo‘lardi. O‘zingiz ham bilasi, yo‘l uzoq. Kun qiziguncha manzilga yetib olishimiz kerak. Hali yuk mashinaga ham buyurtma berish kerak.
– Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, aka. Hozir sherigim kelsin, mollarni borib ko‘rasizlar. Nonushta ham qilmagan bo‘lsalaringiz kerak. Nariroqda shinamgina choyxona bor. Yuringlar, sherigim kelguncha bir piyoladan choy ichib turamiz, – dedi yigit mehmonlarga mulozamat qilib.
Mansurxon va Farhodga vaqt o‘tkazish uchun aytilgan bu taklif garchi uncha yoqmagan bo‘lsa ham yigitning ortidan ergashdilar.
Choyxonada o‘tirishar ekan, Mansurxon dam soatiga dam nariroqda turgan mashinasiga qarib qo‘yardi. Oradan yarim soat o‘tdi hamki kelishi kerak bo‘lgan «sherik»dan darak bo‘lmadi. Mehmonlarning xafsalasi pir bo‘layotgan bir paytda mollarning egasi bo‘lmish yigitchaning telefoni jiringlab qoldi. U chetroqqa chiqib, qo‘l telefonida nimalarnidir gaplashdi-da, mehmonlarga imlab, ketishlarini aytdi. Ular «Neksiya»da shahar chetidagi qandaydir ovloq joyga yetib bordilar. U yerda haqiqatdan ham «Matiz» mashinasi ichida haydovchi, bir bola va yigitchaning «sherig»i o‘tirardi. Yigitcha sherigini bir chetga tortib, nimalarnidir gaplashib oldi. So‘ng Mansurxon va Farhodning oldiga kelib, so‘z boshladi:
– Teraklarni sotishimni bilib, amakim menga ham haq berasan, deb boshimni qotiryapti. Shuning uchun teraklarni sotayotganimni u bilmay qo‘yaqolsin. Bittangiz biz bilan yurib, teraklarning sifatini ko‘rib oling, ma’qul bo‘lsa, yuk mashina olib kelib, yuklab beramiz. Agar hozir ikkita mashinada borsak, amakim darrov yugurib chiqadi, – dedi haligi yigitcha Manurxonga.
Mehmonlar noiloj ularning gapiga rozi bo‘lishdi. «Neksiya»da Mansurxon va teraklarning egasi bo‘lmish haligi yigit qoladigan, Farhod esa mezbonlar bilan birga «Matiz»da mollarni ko‘rgani borib keladigan bo‘ldi.
«Matiz» tezlik bilan qo‘zg‘olib, dalalar orasidagi so‘qmoq yo‘l bo‘ylab yurib ketdi. Mansurxon va yigitcha «Neksiya»ning ichida suhbat qura boshladilar. Bir ozdan so‘ng yigit sigaret chekish bahonasida mashinadan tushdi va orqa salonga o‘tirdi. Shu payt kutilmaganda Mansurxoning bo‘yniga o‘tkir tig‘li pichoq tiraldi. Bunday bo‘lishini kutmagan mehmon nima qilarini bilmay qoldi.
– Ukajon, bu qanaqasi, – bir oz titrab savol berdi Mansurxon.
– Ko‘p gapirmagin-da, tez mashinadan tush, – dedi birdan o‘zgarib qolgan yigit xirrilab.
– Sumkadagi pullarni olsang ham, menga tegma. Jonim omon qolsa bo‘ldi, uka, – dedi mehmon qo‘rquv aralash.
– Tush dedim, mashinadan! – baqirdi yigit.1212111212121212
Bu safar mezbon buyruqqa so‘zsiz bo‘y sundi. Jussasi ham unchalik katta bo‘lmay yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan Mansurxon bir oz oqsoqlanayotganini hisobga olmaganda, butunlay sog‘lom, kuch-qudratga to‘la yigitchaga qanday bas kelishini bilmay boshi qotdi. Yigit bo‘lsa unga pichoq tirab nariga olib bordi va tirsagi bilan bir zarb berib uni yerga yiqitdi va :
– Agar shu yerdan qimr etsang, so‘yib tashlayman. Bu yerda seni o‘ligingni ham hech kim topa olmaydi, – deya o‘zi mashina tomon oqsoqlanib yura boshladi.
Bir vaqtning o‘zida butun boyligidan ajralib qolayotganini o‘ylagan Mansurxon yigitning ortidan uzoq kuzatib turolmadi. O‘rnidan turishga o‘zida kuch topib, bosqinchi tomonga yugurdi. Raqibi orqasidan kelayotganini bilgan yigit shahd bilan o‘glildi-yu, pichoq bilan «o‘lja»siga tashlandi. Vajohatidan u Mansurxonni so‘yib tashlashga tayyor edi. Ammo oyog‘ining oqsoqlanayotgani pand berib, pichoqni raqibiga hech tekkiza olmasdi. Pichoq bilan qurollangan barzangi raqibiga qanday bas kelishni bilmagan Mansurxon bor kuchini yig‘ib, yigitning oqsoq oyog‘iga tepdi. Garchi zarba unchalik omadli chiqmagan bo‘lsa ham, barzangini qulatish uchun yetarli bo‘ldi. Paytdan foydalangan Mansurxon mashina tomonga yugurdi. Yigit ham bir amallab o‘rnidan turib oqsagancha uning ortidan yugurdi. Mansurxon salonga o‘tirib, mashinani o‘t oldirganida, yigit ham yetib kelib orqa salonning eshigini ochib bir oyog‘ini qo‘yishga ulgurgandi. Ammo «Neksiya»ning katta tezlikda o‘rnidan qo‘zg‘olishi yigitga qimmatga tushdi. Tashqarida qolgan oqsoq oyog‘i unga pand berib, yo‘l chetiga dumalab ketdi.
Mansurxon mashinasini tez haydab, shahargacha yetib oldi. Xavfsiz joyga yetib olgach, ming bir xavotir bilan bosqinchilarning mashinasida ketgan Farhodga sim qoqdi.
– Men soppa-sog‘man, o‘zingda tinchlikmi, Mansur?! Bu yerda hech qanaqangi terak yo‘q ekan. Mana bu odamlar qandaydir o‘yin qilayapti. Ortga qaytsak, sen yo‘qsan. Nima gap o‘zi, – dedi Farhod qo‘ng‘iroqqa javob berar ekan.
– Tezlik bilan shaharga yetib kel. Keyin tushuntiraman.
Shundan so‘ng Mansurxon hech kimga hech narsa demay Farhodni kutdi. Nihoyat sal kam bir soatdan so‘ng yo‘l mashinasida yetib kelgan Farhod, xavotir bilan nima bo‘lganini surishtirdi. Mansurxon unga bo‘lgan voqeani bosh-oyoq gapirib berdi. So‘ng Farhod ham nima qilganini so‘zlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, hech qanday terak ham, bosqinchi yigitning hech qanday amakisi ham bo‘lmay, maqsad ularni bir biridan uzoqlashtirib, pul va mashinasini ehtiyotkorlik bilan qo‘lga kiritish bo‘lgan ekan.
Hech bir zarar ko‘rmay, katta faloktdan qutilib qolganiga shukr qilgan ikki hamkor ortga qaytdilar. Yo‘lda borishar ekan, Mansurxon bandit yigitning oyog‘i oqsagani unga qo‘l kelganini qayta-qayta takrorladi.
–Yigitchaning oyog‘i oqsashi bir bahona bo‘ldi. Avvalo xudo bizni asradi, Mansurxon! – dedi Farhod xayajondan o‘ziga kelolmay.
Yo‘l-yo‘lakay ikki hamkor bo‘lgan voqea haqida hech kimga churq etmaslikka kelishib oldilar. O‘z shaharlariga qaytib kelishgach, Mansurxon do‘sti Avazdan olgan qarzini darhol qaytarib berib, bozordagi ishini davom ettira boshladi. Voqeani kelishilganidek hech kimga aytishmadi. Shu tariqa oradan bir oydan oshiq vaqt o‘tdi.
Kunlarning birida Mansurxonni qo‘shnisi Akmal yo‘qlab qoldi.
–Mansurxon aka, sizga katta rahmat! Mana bu olgan qarzim. Yordamingiz tufayli onam ham tuzalib ketdilar. Qo‘llab yuborganingizni bilib, onam ham ko‘zda yosh bilan duo qildilar. Ming bor rahmat, aka, – dedi yigitcha minnatdor ohangda.
– Hechqisi yo‘q, uka. Yordamim tekkanidan xursandman. Ishqilib bergan pulim yetdimi?! So‘raganingni berdim-u, keyin bir oz ko‘proq bersam bo‘lar ekan, kasal odamning harajati ko‘p bo‘ladi, deb ham o‘yladim.
– Yetdi, aka, – dedi Akmal va bir oz kulimsirab: – Ammo yetmay qolishi ham mumkin edi, xudo saqladi – deya javob berdi.
– Bu nima deganing? – qiziqsirab so‘radi Mansur.
– Qo‘shni yerning bolalari qiziqqon ekan. Sizdan pul olib chiqib, qo‘shni viloyatning markazidagi navbatchi dorixonaga ketayotgan edim, oldimdan ikki yo‘lto‘sar chiqib, tunamoqchi bo‘lishdi. Ko‘z oldimga kasal yotgan onam kelib, pichoq bilan tashlangan barzangini boplab do‘pposladim. Oyog‘i sinib yurolmay qoldi. Ikkinchisi buni ko‘rib qochib ketdi, – deya boshidan o‘tkazgan voqeani aytib bera boshladi Akmal. Buni eshitgan Mansurxon hayajonlanib, o‘sha barzangi haqida surishtirdi. Akmal o‘zi kaltaklagan yo‘lto‘sarning ko‘rinishini tasvirlab bergach esa Mansurxon hayratdan qotib qoldi. Akmal do‘pposlagan yo‘lto‘sar aynan Mansurxon va Farhodni katta summaga tushirib ketmoqchi bo‘lgan, ammo oyog‘ining singani tufayli rejasi pand bergan yigit edi.

2010.


Muqaddas Ramazondagi duoning ijobati

Muqaddas Ramazondagi duoning ijobati O'tgan yili Ramazon oyida jazirama yoz kunlari xar kuni qishloqdan shaxarga — ishga qatnashda issiq va xolsizlikdan tinkasi qurirdi. Kechqurun iftorlikka yaqin oyoqlarini sudrab uyga kirib borar, bir qultum suv bilan og'iz ochar-ochmas ko'zi ilinardi. Yana ikki maxalla naridagi masjidga tarovex namoziga...

Buxoriyning onasi

Farzandlarini yeru ko‘kka ishonmay yurgan Fotimani Allohning yana bir imtihoni kutardi. Bir kuni go‘dak o‘g‘li Muhammad atak-chechak qilayotib, yiqildi. Shunda yerda yotgan bir shoxcha uning ko‘ziga zaxa yetkazdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, ona farzandining ko‘rmayotganini payqab qoldi. Fotima dunyoni unutdi. Allohga nola qildi. Shu topda u...

ANTIQA E'LON!

E'LON!!! Yuragimni yaxshi qo'llarga topshiraman !  — Assalomu alaykum, kechirasiz, men e'lon bo'yicha qo'ng'iroq qilayotgandim.  Yuragini yaxshi qo'llarga bermoqchi bo'lgan odam sizmisiz? — Menman. ...

Nishonga urilgan gaplar: “Agar erkak ayolini suv bilan sug'orsa, (ayoliga suv ichirsa), ajr oladi”

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.  Umidsizlikka tushma! Alloh taolo sen uchun tor joylardan chiqadigan yo'lni ato etadi. Sen ushbu oyatni yodingda tut: "Qachon biron narsani iroda qilsa, Uning ishi "Bo'l” demoqlikdir, xolos. Bas, u narsa bo'lur”(Yosin surasi,...

QO`ShXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO

Sobir akaning ikki o`g`il va ikki qiz farzandi bor, yoshi katta bo`lsa ham, haligacha esini yig`ib olmadi-da. O`zi fermer xo`jaligida hisobchi vazifasida ishlaydi. Qo`liga pul tushdi deguncha, qo`shni qishloqdagi spirtli ichimliklar do`koniga yuguradi. Uyga bir-ikki butilka aroq olib kirib, zarurat...

Sabr jannatga yo‘ldir

Yigirma yoshda edim. Ustozim bilan bir kitob o‘qidik. Nomi yodimdan ko‘tarilgan, arab tilidagi she’riy kitobning mazmuni bunday edi: o‘n uch yoshli qiz og‘ir kasallikka chalinadi. Iztirobda qolgan onaizor qiziga buni bildirmaslik uchun, qo‘lidan nima kelsa, qiladi. Lekin kun kelib haqiqatni bilgan qiz onasiga dil so‘zlarini bunday bayon qiladi:...

Bir kechalik kelin

To'y juda chiroyli o'tdi. Taomlar ko'pligidan stol oyoqlari sinay derdi. Musiqachiyu honandalar almashaverib to'yhonani qizdirdilarki! Pullar sochildi. Xamma samimiylik bilan baht tiladi. Gullar, sharlar, raqslar. Koncertga aylanib ketdi to'y xam. Xammaning og'zida to'yning xashamatli bo'lgani muxokamasi. Kuyov uyiga borishganda xam raqs, o'yin...

Hikoya: Huvillab qolgan dunyo

Ba'zan ismimga e'tiroz bildirishadi. Xudoning ismi, oldiga Abdul qo'shib aytgin, deyishadi. Biroq menga bu ism boshqa maqsadda berilgan. Yetti oyda tug'ilganim uchun shifoxonada menga «Hech qancha yashamaydi, o'ladi», deb tashxis qo'yishgan. Hatto «Mehringiz tushib qolsa, bir umr unutolmay, iztirob chekib yashaysiz», deya otam qarindoshlariga meni...

Sevasizmi

Yodga soldi o‘pichlaringiz  Sizdan oldin o‘pgan ayolni.  U ham sizga o‘xshab berardi  «Sevasizmi?» degan savolni....

Ibratli xikoya

Bir ayolning eri vafot etdi. Ikki qizi yetim qoldi. Bu musibat sabab faqirlik, muxtojlik uning boshi uzra aylana boshladi. Uyning egasi ijara xaqqini so'rar, dilbandlarining ochlikdan sillasi qurib borardi. Mablag' yo'qligi tufayli uydan chiqarib yuborildi. Xar hil gap so'zlar - u, yomonlarning zararidan qochib, begona shaxarga ketdi......

Fikr qo'shish