Soqol chiqarish usullari - vositalar, parvarish yo'llari va qoidalari
Soqol nafaqat erkaklikni ifodalaydi, balki shaxs urfda bo’lgan tendentsiyalardan xabardor ekanligini ham anglatadi. Quyida uy sharoitida soqol chiqarish uchun nima qilish kerakligi haqida batafsil.
SOQOL CHIQARISH QOIDALARI
Ushbu qiyin vazifa oldidagi eng katta xato — barchasiga imkon qadar tezroq erishish istagi. Yodda tuting, tezda soqol chiqarishning iloji yo’q. Kamida olti oy vaqt kerak bo’ladi.
Shu sababli sabr-toqatli bo’lib, sezilar-sezilmas chiqqan «tukchalarni» ham kaltalamaslikka tayyorlanish kerak. Eng birinchi qadam — soqol olishni to’xtatish. 3-4 hafta umuman tig’ tekkizmasdan, shunchaki yangi obrazga moslashib olish va olingan natijani tahlil qilish lozim.
Soqolga o’sishi davomida shakl berish yoki bir tekis qilib qirishdan saqlanish zarur. Bu qadam u yetarlicha qalinlashganda va shakl berish uchun kerakli bo’lgan uzunlikka yetishganda amalga oshirilishi mumkin.
DERMATOLOG TAVSIYALARI
Yuzdagi tuklarning qalin bo’lishi 85% genlarga bog’liq. Shu sababli, irsiyat buning aksini aniqlab qo’ygan bo’lsa, hatto eng samarali usullarni qo’llash bilan ham siyrak soqolni sezilarli darajada quyuqlashtirib bo’lmaslikka tayyor turish kerak. Albatta, bunda yosh inobatga ham olinishi ham ahamiyat tutadi. 18-20 yosh yoki undan oldin muddatlarda genlar haqida biron qanday xulosa qilib bo’lmaydi.
Shunga qaramay, har qanday vaqtda zahirada 15 foiz saqlanib qoladi, aynan shu foiz kerakli natijaga erishish kaliti bo’lishi mumkin. Xullas, ta’sirni maksimal darajada oshirish uchun quyidagi maslahatlarga quloq tutish darkor:
Haftada bir marta yuzni piling qilish. Ushbu muolaja o’lik hujayralardan qutulishga yordam beradi (ular esa soch o’sishini sekinlashtiradi) va ehtimolli bakteriyalardan xalos etadi.
Har safar yuzni sovun bilan yuvgandan keyin uni qurib qolishini oldini olish uchun namlantiruvchi losoynlardan foydalanish. Bu soch follikulalarni o’lik teri bilan tiqilib qolishini oldini oladi.
Soqol o’sa boshlaganda, yuzda qichishish paydo bo’lishi mumkin. Buni oldini olish maqsadida maxsus yoki qazg’oqqa qarshi oddiy shampun bilan ularni yuvib turish kerak. Bu qo’zgalishni kamaytirishga yordam beradi.
Ovqatlanishga kelganda, qarshi ko’rsatmalar bo’lmagan hollarda oqsil va to’yingan yog’larga boy taomlarga afzallik berish kerak. Birinchisi sog’lom sochlarning o’sishiga yordam beradi, to’yingan yog’lar bilan kompleksda esa soqol chiqishini
rag’batlantiruvchi asosiy omil — testosteron darajasini oshiradi.
B guruhi vitaminlari yetarli miqdorda bo’lishini ta’minlash. Ayniqsa biotin sifatida tanilgan B7 ko’p miqdorda zarur bo’ladi. U organizmda oqsil va yog’ muvozanatini tartibga soladi. Yong’oq, jigar va buyraklar, shuningdek tuxum sarig’ida ko’p miqdorda mavjud.
Ko’p miqdorda suv ichish va suvsizlanishdan saqlanish ham muhim tadbirlardan biri. Aks holda teri quruqligi va qipiqlanishi tuklarning o’sishiga salbiy ta’sir o’tkazadi.
TESTOSTERONNI OSHIRISH
Organizmning mukammal faoliyatiga jiddiy aralashuv hech qanday ijobiy natija bermaydi. Biroq, testosteron darajasini oshirish uchun ozroq turtki bo’la oladigan va salomatlikka ijobiy ta’sir ko’rsatadigan yondashuvlar mavjud. Ularning nojo’ya ta’sirlari minimal darajada, samarasi esa yetarlicha:
Jismoniy mashqlar. Haftada bir necha marta jismoniy mashqlar qilish testosteron ishlab chiqarilishini rag’batlantiradi.
D vitamini darajasini oshirish. Ushbu vitamin saqlanuvchi qo’shimchalar qabul qilish yoki har kuni quyosh nurlaridan yetarlicha bahramand bo’lish tavsiya etiladi.
Alkogolli ichimliklar ichish, chekish testosteronga qarshi ta’sir ko’rsatadi, demakki soqol o’sishini sekinlashtiradi.
SHAKL BERISH UCHUN TAVSIYALAR
Soqolning kerakli uzunligiga erishilgach (4-6 oydan so’ng), keyingi bosqich — shakl berishga o’tish kerak. Birinchi marta buni maxsus bilimga ega sartaroshlarda amalga oshirgan yaxshi. Aks holda tajribasizlik natijasida bir necha oylik mehnatni ko’kka sovurish mumkin. Stilistlar modaning barcha tendentsiyalaridan xabardor bo’ladi. Qolaversa, yuz shaklingizga qaysi soqol turi mos kelishini aniqlay oladi.
Xullas, usta kerakli shaklni tanlab bergach, keyinchalik uy sharoitida dastlabki shakl asosida uni kaltalash va tekislab turish mumkin. Buning uchun elektr trimmer yoki maxsus soch kesish uskunasidan foydalanish lozim (ularning asosiy farqi o’lchamida, xolos).
Soqol o’sgani sari asta-sekin kalta qilib boriladi. Yon tomonlari maksimal darajada kalta qilinadi, old tomoni esa uzunroq qilib qoldiriladi.
Notekisliklarni bartaraf etish muhim — bu «professional bo’lmagan» soqolda ko’zga tashlanadigan birinchi kamchilikdir. Lab yuqorisidagi tuklarga alohida e’tibor berish kerak. Agar ular me’yordan ortiq o’sib ketsa, darhol kalta qilish joiz.
Soqol jag’ chizig’i bo’ylab yoki jag’ning pasti bo’ylab o’tishi mumkin. Ammo bo’yin ochiq qolishi kerak — hiqildoq bo’rtig’iga qarab mo’ljal olish lozim.
Chiziqni aniqlashning eng oson usuli: ko’rsatkich va o’rta barmoqlarni birlashtirib, hiqildoq bo’rtig’iga qo’yish va bir quloqdan ikkinchisiga qarab «U» hafrini chizishdir. Shakl esa hosil bo’lgan hayoliy chiziq bo’ylab beriladi.
Agar tuklar tabiatan juda siyrak bo’lsa, uzun soqol qo’yishdan bosh tortish va yangi o’sib chiqayotgandagi holat bilan cheklanish tavsiya etiladi.
UY SHAROITIDA SOQOLNI QANDAY PARVARISHLASH JOIZ
Soqolni o’stirish — ishning yarimi, uni parvarishlashni ham bilish muhimdir. Quyida bunga oid ba’zi bir qoidalar keltiriladi.
Soqolni yuvish sochni yuvish kabi o’rin tutadi. Buning uchun oddiy shampundan foydalanish mumkin. Ammo sovun ishlatish tavsiya etilmaydi: teri qipiqlana boshlashi ehtimoli mavjud.
Har kuni soqolni tarash kerak: ertalab va kechqurun. Bu nafaqat tuklar chigallashib qolishini oldini olish uchun, balki unda qolib ketgan oziq-ovqat qoldiqlari, chang va boshqa jismlarni olib tashlash uchun ham zarur.
Tuklar silliq yotishi uchun chakamug’ yoki palma yog’idan, maxsus konditsionerdan foydalanish mumkin. Yana bir variant: odatiy kosmetik mum. Faqat dastlabki foydalanishdan oldin allergiyaga sinovni amalga oshirish talab etiladi.
Dushdan keyin soqolni fen bilan quritish kerak emas — shunchaki yaxshi quruq sochiq bilan artib olish kifoya.
Arsenalda trimmer, qaychi, oralig’i keng va tor bo’lgan taroqlar bo’lishi lozim.
Noldan boshlashga to’g’ri kelmasligi uchun shaklni muntazam ravishda to’g’rilab turishni odat qilish tavsiya etiladi.
Tuklar o’ziga hidlarni yaxshi shimib oladi. Shu sababli, kasb-hunar yoki boshqa zarurat tufayli o’tkir hidlar bilan ishlashga to’g’ri kelganda, uni tez-tez yuvib turishga tayyor bo’lish kerak.
Kundalik tekislashdan qutulish uchun lazerli epilyatsiyaga murojaat qilish mumkin. Albatta bu arzon muolajalardan biri emas, qolaversa uslub yoqmay qolsa, tuklar o’sib chiqishini ancha kutish kerak bo’ladi. Shu sababli, bunday qadam qo’yishdan oldin yaxshilab o’ylab ko’rish zarur.
Izohlar 1