Yo'qchilik emas do'stlar to'qchilik g'avg'o ekan

Mansabu boylik emas, do‘st yiqqan podsho ekan,
Davlating ortganida dushman ham oshno ekan,
Dil mulki bir koshona, hikmati dunyo ekan,
Dunyo ishin o‘ylamang pishmagan savdo ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.
G‘animing ko‘p bo‘lsa gar, otgani tosh izlama,
G‘amlaring ko‘p bo‘lsa ham to‘kkani yosh izlama,
Halol riz-qingni qo‘yib, ortiqcha osh izlama,
Qayda badnafs ko‘p bo‘lsa, shayton ham shaydo ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.
Baxtga to‘lib yurganing ko‘rolmaydi ba’zilar,
Nafas olmay hasadsiz turolmaydi ba’zilar,
Nechun haqiqatga tik qarolmaydi ba’zilar,
Nomardning ko‘zlari ko‘r, yuzlari qaro ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.
Yo‘qchilikda bir burda nonga ham ko‘nar inson,
Yo‘qchilikda sabr etib har dardga chidar inson,
To‘qchilikda boylik deb, balchiqqa botar inson,
To‘qchilikda ortingdan topganing ig‘vo ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.
Eh, bu tirikchilik deb qancha yo‘llarni yurdim,
Eh, bu yigitchilik deb qancha kunlarni ko‘rdim,
Qismat, sherikchilik deb qancha yillarni berdim,
Dili borda dunyo bor, puli bor gado ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.
Ahad, joning g‘animat, o‘tar oning g‘animat,
Olgan nafasing boylik, tirikliging bir ne’mat,
Taxti podshoh bo‘lsa ham, odamdan emas qimmat,
Yahshilarga mol tugul, jonimiz fido ekan,
Yo‘qchilik emas do‘stlar, to‘qchilik g‘avg‘o ekan.