Bo’rilar haqida qiziqarli faktlar

Bo’rilar haqida qiziqarli faktlar
Bo’rilar haqida qiziqarli faktlar

Bo’ri dunyo xalqlarining ertak va afsonalarida ishtirok etadi. Bir zamonlar bu yirtqich juda keng tarqalgan hayvon edi. Hozirgi kunga kelib uning soni keskin kamaygan.

Tashqi ko’rinishi
Bo’ri itsimonlar oilasiga mansub. Uning hajmi qaysi mintaqada yashayotganligiga bog’liq. Bo’rining kallasi katta, tumshig’I uzunchoq, ko’zlari juda o’tkir. Jungi to’q kulrang va qalin, qorin va oyoq sohalarida biroz qizg’ish.
Territoriya
Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikada tarqalgan. Oʻzbekistonning cho’l, dashtlari, o’rmon, to’qay, tog’ va tog’ etaklarida tarqalgan; qor va muz bilan qoplangan baland tog’lar va tundrada ham yashaydi. Bo’ri qoyalar orasiga, to’qaylik va jarliklarga, quruq qamishzorlarga in quradi. Tulki inlaridan ham foydalanadi. Bo’ri inida bolalaydi va bolalarini parvarish qiladi.
Uvillash
Bo’rilar keng diapazonli ovoz orqali o’zaro muloqot qiladilar. Masalan, irillashi salomlashishni, o’kirishi – jahlni, uvillash – xavotir, ba’zan esa hayajonni bildiradi. Eng mashhuri uning uvillashidir. Yolg’iz bo’ladimi, to’dasi bilanmi, tunda bo’ladimi yoki tongdami – bo’ri uvillashi bilan o’zining borligini bildirib turadi.
Imo-ishoralari
Bo’rining dumi, quloqlari, lablari va burnining holati boshqa bo’rilar uchun qo’rquv, hurmat va jahlni bildirib turadi. Masalan, to’da sardori o’zining ustuvorligini bildirish uchun “haykal” ko’rinishiga kiradi: oyqlarida qattiq turgan holda dumini ko’taradi, quloqlarini ding qiladi va qotib qoladi. Boshqa bo’rilar esa uning qarshisida egiladilar yoki bellariga yotib, oyoqlarini tepaga ko’taradilar va bu bilan o’zlarining bo’ysunganlarini ko’rsatadilar.
Hid
Hidlar bo’ri hayotida muhim o’rin tutadi. Bo’rilar o’zlariga qarashli hududni peshobi, axlati va boshqa hidli ajratmalari bilan belgilab chiqadilar, toki boshqa bo’rilar ularning hududiga yaqinlashmasliklari uchun.
Ko’rish qobiliyati
Bo’rilarning ko’z olmalari qorong’uda ham ko’ra olish imkoniyatini beradigan maxsus ko’z pardasi bilan qoplangan. Shu sababli ularning ko’zlari o’tkir zehnga ega va yaltirab turadi.
To’da
Bo’rilar to’dada 7-20 nafar bo’lib yashashadi. To’dani ustunlikka ega bo’lgan juftlik boshqaradi. To’da sardori qaror qabul qiladi, qolgan bo’rilar esa unga bo’ysunadilar.

Fikr qo'shish