Dono bola (Juda ta’sirli voqea)

Dono bola (Juda ta’sirli voqea)
Dono bola (Juda ta’sirli voqea)

Bir necha asrlar oldin Bog‘dod islom taraqqiy etgan shaharlardan biri bo‘lib, u yerda juda ko‘p musulmon ulamolari yashagan. Shu sababli shahar Islom dinining ilm markazi hisoblangan. Kunlardan bir kun Rum podshohi Bog‘dod musulmonlariga uch savol berish amri bilan o‘z elchisini jo‘natdi. Elchi shaharga yetib borgach, xalifaga podshohning istagini bildirdi. Shunda xalifa shahar ulamolarini saroyga yig‘ishni buyurdi. Elchi minbarga chiqib:

— Men sizlarga podshohimning uch savolini beraman. Agar unga to‘g‘ri javob bera olsangiz, u sizlarga ko‘p mol- mulk va’da qilmoqda. Savollar quyidagicha: Allohdan avval nima bo‘lgan? Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi? Hozir Alloh nima qilyapti?

Ulamolar orasida sukunat cho‘mdi. To‘satdan olomon ichida mayin ovoz eshitildi:

— Dadajon, ruxsat bering, men uning savollariga javob beray!

Bu ovoz otasiga ergashib kelgan yosh bolaniki edi. Xalifadan ruxsat so‘ralgach, bolakayga gapirishga izn berildi. Rum elchisi yosh musulmonga murojaat qilib, birinchi savolini takrorladi:

— Allohdan avval nima bo‘lgan?Bola savolga savol bilan javob berdi:

— Sanashni bilasizmi?

— Ha, - dedi elchi.

— Unda o‘ndan pastga qarab sanang!Elchi "o‘n, to‘qqiz, sakkiz, deya sanay boshladi va nihoyat "bir" deb to‘xtadi.

— Nega to‘xtadingiz?, dedi bola.

— Bir sonidan oldin boshqa son yo‘q-ku?!, — dedi hayronlik bilan elchi.

— Oddiy bir sonidan oldin hech narsa yo‘q ekan, qanday qilib Yakka bo‘lgan Allohdan avval bir narsa bo‘lishi mumkin?! U Avval va Oxir, Zohiru, Botindir.Elchi bu javobga hech qanday e’tiroz bildira olmadi va ikkinchi savolni berdi:

— Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi?

— Sham keltirib yoqing, - dedi bola. — Endi esa uning nuri qayerga qarab taralayotganini ayting.

— Ammo, shamning nuri har tarafga taraladi: sharqqa, g‘arbga, shimolga, janubga... Aniq bir tomonni aytish mushkul, - deya hayrati ortdi elchining.

— Agar yaratilgan nur har tomonga taralar ekan, uning Yaratuvchisidan nimani kutmoqdasan?! «Alloh osmonlar va yerning nuridir...» (Nur, 35) xitob qildi bola.Elchi o‘z ko‘zlariga ishonmasdi. Qarshida turgan bu kichkina bolakayning donolik bilan berayotgan javoblari uni lol qoldirdi. Tushkunlikka tushgan elchi oxirgi savolni berishga og‘iz juftlar ekan, bolakay unga:

—To‘xtang, siz mening o‘rnimga tushib, men esa minbarga chiqishim adolatliroqdir. Savolingizni hamma eshitdi, endi mening javobimni ham eshitishsin, — dedi.Elchi bu taklifga rozi bo‘ldi va minbardan tushib, uchinchi savolni takrorladi:

— Hozir Alloh nima qilyapti?

— Alloh hozir minbardan bir yolg‘onchi, shakkokni tushirib, uni hammaga kulgi qildi. Allohning borligiga va birligiga ishongan mo‘minni esa yuksaltirib, tiliga hikmat solib haqiqatni bayon qildirdi. Alloh hamma narsaga qodirdir.Mag‘lub elchi bu so‘zlardan so‘ng isnod bilan o‘z shahriga qaytib ketdi. Bola esa Islom olamidagi eng buyuk olimlardan biri bo‘lib yetishdi. Alloh uni go‘zal hikmat va dinni chuqur tushunish iqtidori bilan taqdirladi. Uning ismi No‘’mon ibn Sobit bo‘lib, u butun dunyoga Imomi A’zam nomi bilan mashhurdir.

Fikr qo'shish