Yotoqxona uchun mebel tanlash borasidagi kichik maslahatlar


Yotoqxona uchun mebel tanlash jarayonida shoshilmang va bu ishga jiddiy yondoshing. Ko’p funksiyali va kam aksessuarli mebel, dekoratiov buyumlar, parda tanlasangiz yotoqxona tayyor. Agar uni did bilan chiroyli ko’rinishga keltirishni istasangiz, ma’lum qoidalarga amal qilish va ortiqcha xatolarga yo’l qo’ymaslik lozim.
Yotoqxona uchun interyer yaratishda har bir inson mebelni nafaqat zamonaviy va chiroyli ko’rinishga ega bo’lishi, balki ko’p funksiyali, ichonchli va ekologik toza bo’lishini ham istaydi. Moda tez o'zgaradi, har yarim yilda yotoqxona mebelini o’zgartirishning esa imkoni yo’q. Odatda yotoqxona uslubi ko’p muddat uchun yaratiladi, ammo bu vaqt ichida siz yotoqxonangiz uslubini o’zgartirishni istashingiz mumkin. Shuning uchun mebel tanlash jarayonida iloji boricha har qanday uslubga mos tushadigan to’plam tanlashga harakat qiling. Yotoqxona mebelini tanlash jarayonida faqatgina uning tashqi ko’rinishi- hajmi va shakliga emas, ko’p funksiyali ekanligiga ham e’tibor bering. Yotoqxona uchun qulay va ixcham mebel karavot, karavotosti tumbasi, pardoz stoli va shkafdan iborat. Televizor, kompyuter va boshqa elektron texnika vositalari yotoqxonaga joylashtirilmagani ma’qul. Mebel do'koniga yo’l olishdan avval mebel hajmini to’gri tanlash uchun xonaning taxminiy o’lchamlarini olishga harakat qiling. Kichik xona uchun uni to’ldirib qo’yadigan darajada ulkan, katta xona uchun esa o’ta kichik karavot yoki shkaf tanlay ko’rmang.





