Men ham shunday qilaman

Men ham shunday qilaman
Men ham shunday qilaman

Bolaligimda qiblagohim yuzimga soqolini siypardilar. “Yuzimga tikoningiz kirib ketdi”, deb qochardim. Otajonim bilan onajonim rohatlanib kular edilar. Ularning yuzlarida o‘sha onda aks etgan baxtiyorlik tuyg‘usini aniq-tiniq eslayman. Ruhiyatshunoslarning bola ikki yoshdan keyingi voqealarni xotirasida saqlab qola oladi, degan nazariyasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘sha choqdagi yoshimni uch-to‘rtlar deb taxmin qilsak bo‘ladi.

Bundan ayon bo‘ladiki, o‘shanda, mendan keyingi ukam tug‘ilgan kezlarda ham ota-onam meni nariroq qilmasdan erkalatib qo‘ygan ekanlar.

To‘ng‘ich o‘g‘limizdan keyin qizimiz dunyoga keldi. Maza qilib o‘ynab o‘tirgan bolaning onasi chaqaloqni qo‘liga olganida g‘alati bo‘lib qolganini sezib qoldim. Darhol uni bag‘rimga bosib yuziga soqolimni surdim. Ma’yuslanib turgan bola birdaniga yashnab ketdi. “Yuzimga tikoningiz kirib ketdi”, deya qiyqirib qochdi. Onasi ikkovimiz xandon otib kuldik. Bizning kulgimiz uning shodonligini yuz chandon ziyoda qildi. Shu choqda undan baxtiyor bola yo‘q edi dunyoda...

Tunov kuni gaplashib o‘tirib o‘g‘lim: “Dadam yuzimni soqoli bilan timdalardilar”, deb qoldi.

Yodida ekan. Allohga shukr!

Demak, u ham bolasining yuzini soqoli bilan siypalaydi, bolasi qiyqirib qochadi, ayoli ikkovi rohatlanib kuladi. Baxtli hayot degani, baxtiyor oila degani shu emasmi o‘zi!..

Damin JUMAQUL

Fikr qo'shish