Qasamini buzgan qiz

Qasamini buzgan qiz
Qasamini buzgan qiz

Omonat nima? Jon omonati, mol omonati, sir omonati... va’daga vafo qilish ham omonat. Bu omonatlarga haqiqiy insongina amal qiladi. Chunki omonat egasi bergan omonatini kuni kelganda so‘raydi. Ikki inson bir ishga kelishsa, ularga farishtalar guvoh, Alloh taolo qarab turadi. Omonatga sodiq insonga mukofot berib, xiyonatchini jazolaydi. Keling, bu mavzuga hayotda bo‘lib o‘tgan bir voqeani misol qilaylik.

Bir inson akasining qizining nomiga sha­hardan uy oldi. Vaqti soati kelsa, ukaning voya­ga yetmagan o‘g‘liga xatlab berishga kelishdilar. Bu kelishuvda uy nomiga olinayotgan qizga otasi:

– Jon qizim, bu amaking, mening jigarim bo‘ladi. Senga ota o‘rnida ota bo‘ladi. Uyni se­ning nomingga oldik. Senga bu uy omonatdir. Vaqti soati kelsa, omonatga xiyonat qilmasdan uyni amakingning o‘g‘lining nomiga xatlab berasan. Senga bu so‘zlarim ham omonatdir, – de­di.

Qiz:

– Otajon, aytganingizni qilaman, o‘rtaga Allohni qo‘yib ont ichaman. Bu omonat uyni, albatta, vaqti kelsa, egasiga xatlab beraman, – dedi.

Hamma bir-biriga ishondi. Uy xatlanmadi, davlat notariusiga borib tilxat ham qilinmadi. Chunki insonning “go‘shti harom, lafzi halol” maqoliga amal qilindi. Zero, ajdodlar aslo va’dasiga xilof qilmagan xalq bo‘lgani bois va’da va so‘zlarga ishonamiz. Oradan yillar o‘tdi. Qizning otasi olamdan ko‘z yumdi. Uyga haqli bola esa yigit bo‘ldi. Otaning marosim­lari o‘tdi. Hamma oila a’zolari jam bo‘lishdi. Amaki sekin o‘zaro tuzilgan kelishuvdan gap ochdi va uyni o‘g‘liga xatlab berishini qizdan so‘radi. Akasining qizi bo‘lsa, hech narsaga tushunmaganday:

– Qanaqa uy to‘g‘risida so‘rayapsiz? – dedi yelkasini qisib.

– Qanaqa uy bo‘lardi? Sening nomingga olingan uy-da. Jiyaning katta bo‘lsa, uning nomiga xatlab berishga kelishgan edik. Sen ont ichgan eding, nahot esingdan chiqqan bo‘lsa? – dedi amakisi qizning javobidan ajablanib. Qiz bo‘lsa, hech narsadan xabari yo‘qdek, o‘zini bamaylixotir tutar va:

– Men hech qanaqangi kelishuv, ontdan xabarim yo‘q! Siz aytayotgan uyni otam menga sovg‘a qilgan, boshqasini bilmayman, – dedi. Pul berayotganda ishtirok etgan guvohlar unga tushuntirishga har qancha harakat, nasihat qilishmasin, gapni qulog‘iga olmas, “Uy meniki”, deb turib olgandi. Uy janjali uzoq davom etdi. Mahalla oqsoqoli, keksalar aralashdi. Qiz o‘z so‘zida qat’iy turib oldi. Bir necha bor qasam ham ichdi. Amakisi uni qarg‘adi va la’natlar yog‘dirdi. Qizning ko‘ziga uy ko‘rinar, qarg‘ishlarga e’tiborsiz va nopisandlik bilan qarardi. Allohning jazosi borligi, qarg‘ishlar umrini xazon qilishini bir lahza ham o‘ylamasdi. Oxirgi maslahatda amakisi ko‘ziga yosh olib:

– Iloho, juvonmarg bo‘l, shu uyda baloga uchrab o‘l, yaxshilik ko‘rma, otang o‘rnida senga otaman. Alloh otaning duosini rad qilmaydi. Mening ham duoimni rad qilmaydi. Boshingga balolar quyuni yog‘ilganda so‘zlarimni eslarsan, – deb yuziga fotiha tortib yubordi.

Shu payt osmon gumburlagandek, qizning ko‘z oldi qorong‘ilashib, chaqmoq chaqqandek bo‘ldi. Yuragi dukullab, qattiq qo‘rqib ketdi. Qalbida: “Hoy qiz, nima qilayapsan, Xudodan qo‘rq!” degan hayqiriq otildi. Shu lahzada shayton vasvasasini yanada kuchaytirdi. “Nimaga qo‘rqasan, qo‘lingga falon millionlik uy-joy o‘tdi. Aslo qo‘rqma, duo bilan hamma o‘laversa, odam qolarmidi, maqsadingdan qaytma, hammasiga tupur”. Nafsi esa yanada botir bo‘lishga undadi. U shaytonning vasvasasiga va nafsiga ergashdi. Uning ko‘ziga uy katta baxt va omad keltiradigandek, Allohning g‘azabi, amakining duosi hech narsadek ko‘rindi. Yuzlarga fotiha tortilgach, yaqinlari undan yuz o‘girishdi. Shunday qilib, hayot davom etaverdi. Ammo qiz xotirjamligini yo‘qotdi. Tashqaridan xushchaqchaq, baxtlidek ko‘rinsa-da, ichini it kemirardi. Oradan uch-to‘rt yil o‘tdi. Xayoli parishon bo‘lib qoldi. Uyquga yotdi deguncha amakisining duosi bo‘g‘ardi. Otasining norozi qiyofasi paydo bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, uyni chiroyli qilib ta’mirladi. Ayniqsa, vannaxonaga katta e’tibor qaratdi. Eng zamonaviy vanna o‘rnatdi va eng sifatli kafellardan yotqizdi. Ta’mir ishlari tugagach, mazza qilib vannada cho‘milmoqchi bo‘ldi. Vannaga kirdi, hidli sovun va xushbo‘y shampundan foydalandi. Vannadan sachragan suvli sovun va shampunlar kafelga tushib, uni juda sirpanchiq qilib yubordi. Cho‘milib bo‘lgan qiz nimagadir sakrab vannadan chiqdi. Kafelga sirpanib boshi bilan vannaga urildi va hushidan ketdi. Hushsiz yotarkan, ko‘z oldidan gunohlari qator bo‘lib o‘tdi. Uni shifoxonaga olib kelishdi. Bir necha kun hushsiz yotdi. U hushsiz holida: “Meni kechiring amaki, dada, kechiring”, derdi. Shifokorlar bir necha marta operatsiya qilishdi. Foydasi bo‘lmadi. Alloh bergan jon omonatini egasiga topshirdi. Chunki jon omonatiga xiyonat qilish qo‘lidan kelmasdi.

Ey aziz farzand! Unutmangki, amaki ota o‘rnida ota bo‘ladi, tog‘a esa yetti otaning o‘rnini bosadi, xola ona o‘rniga ona deb bejizga aytilmagan. Ular ham ota-onadirlar. Ularning duolari ham dargohi ilohiyda maqbulligini bilib, ularni xursand qilish va ranjitmaslik kerakligini o‘rganaylik. Qasam va ontimizga sodiq bo‘laylik.

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi

Fikr qo'shish