Najot qo‘ng‘irog‘ini kim bosgan edi?

Najot qo‘ng‘irog‘ini kim bosgan edi?
Najot qo‘ng‘irog‘ini kim bosgan edi?

Shaharlararo avtobus bekatiga yaqin minoradan taralgan muqaddas chorlov quloqlardan kirib, ko‘ngillarga taralardi. Abdulloh ro‘zasini ochdi-yu, shoshilgancha Mersedes avtobusining orqa eshigidan ichkari kirdi. Qo‘lidagi kichkina sumkani orqa o‘rindiqqa qo‘yib, pastga tushdi. Jomadonlarni yukxonaga joylayotgan yordamchi tomon yurdi. Haydovchi yordamchisi o‘rta bo‘yli, sabza mo‘ylabli yigit edi. Abdulloh, meni tushunarmikin, deya taraddudda qoldi. Ammo so‘rab ko‘rishdan boshqa chorasi yo‘q edi.

— Salom hamshahar, — dedi tortinibroq.

— Labbay akajon, — yordamchi unga yuzlandi.

— Avtobusni besh daqiqa to‘xtatib turolasanmi, shom nomozini o‘qib kelsam degandim.

Yordamchi Abdullohga boshdan oyoq razm soldi. So‘ng:

— Hoziroq jo‘naymiz aka, — dedi qo‘llarini ustiga artarkan. — Vaqt bo‘ldi, kuta olmaymiz.

— Besh daqiqada kelaman, axir!

— Yo‘lda o‘qirsiz.

— Vaqti juda qisqa bo‘ladi. Hozir ulgurmasam...

— Uzr aka!

Yordamchiga qolsa, besh daqiqa kutishning hecham ziyoni yo‘q edi. Aksincha, bir-ikkita bo‘sh qolgan o‘rinni ham to‘ldirib olardi. Lekin, iloji yo‘q, deb qo‘ydi. So‘zidan qaytgisi kelmayapti. Buning ustiga ishga yangi kelgani uchun haydovchining fe’lini ham yaxshi bilmaydi. Tanimagan kishisi uchun tanbeh eshitib qolishi mumkin.

— Ikki daqiqa kechroq jo‘nasak nima qiladi, — Abdulloh yolvorishga tushgandi.

— Nima gap, nega tortishayapsan? — yon tomondan dag‘al ovoz eshitildi. Ikkovi ham ovoz kelgan tomonga qaradi. Qorachadan kelgan, qorni ko‘ylagini yirtguday osilgan, qalin mo‘ylovli, o‘rta yoshlardagi bir kishi ular tomon kelardi. Yordamchi boshlig‘ini ko‘rib sergaklandi:

— Bu yo‘lovchi namoz uchun besh daqiqa so‘rayapti.

— Buning nimasi bahslashadigan masala. Borsin, o‘qib kelsin. — Haydovchi Abdullohga yuzlandi. — Qani hamshahar, tezda o‘qib qayt, bizni ham duo qil. Kutib turamiz.

Abdulloh sevinib ketdi. U qaytgach, avtobus qo‘zg‘aldi. Joyiga o‘tirar ekan, hamma joyi horg‘inlikdan sirqirardi. Ulov Malatya avtobekatidan chiqqanda oqshomning ola-bula qorong‘uligi tobora quyuqlashib borardi. Mersedesning o‘tkir chiroqlari qorong‘ulik bag‘rini tilib borardi.

Haydovchi peshtoqdagi oynadan yo‘lovchilarni kuzatdi. Kimdir gazeta o‘qir, boshqasi o‘rindig‘ini yotqizib, uxlashga hozirlik ko‘rardi. U ikki kundan buyon tuzuk uxlayolmadi. Kecha tunda ham yo‘lda edi. Bosib kelayotgan horg‘inlikni ketkazish uchun radioning qulog‘ini buradi. Undan ajoyib qo‘shiq taralardi. Huzurlangan haydovchi cho‘ntagidan sigareta olib tutatdi. Istanbul safarlaridan birida yashirincha sotib olgandi. Yutoqib tutun tortarkan, «Shu sabil qolgurni erkin sotishga qo‘yishsa nima qilarkin», deya g‘udranib qo‘ydi. U uzoq yo‘llarga yurishdan zerikkandi. Osoyishta bir ish bo‘lsa jon deb o‘tib ketardi.

Abdulloh esa orqa o‘rindiqlarni hech yoqtirmasdi. Buning ustiga ikki semiz kishining o‘rtasida siqilib qolgan, oyoqlarini uzatolmas, asabiylashardi. Uxlashga urinar, lekin yota olmasdi. U Malatyaga tijorat uchun kelgan, endi uyiga qaytayotgandi. Kunduzi rosa yurib charchagan, ammo onasi, rafiqasi va shirintoy o‘g‘li Usmondan ayro qolishga sabri chidamay yo‘lga otlangandi.

Onasi u har gal safarga otlanganida duo qilarkan, «Musofir yo‘lovchiman, deya namozingni tashlab qo‘yma», deb tayinlardi. Otasi o‘lganidan buyon barcha savdo ishlari uning zimmasiga tushgan, ishni boshlaganiga uncha ko‘p bo‘lmagani uchun ham zahmat tortayotgandi.

U uyqusizlikdan qizargan ko‘zlarini yordamchiga tikdi. So‘lg‘in qoracha yuzida umidsizlik aks etsa-da, yana unga murojat qildi. Orqa oyna bilan o‘rindiqlar orasidagi yordamchining joyiga ishora qilib:

— Shu joyga biroz mizg‘ib olsam maylimi? — dedi.

Rad javobini kutgandi, ammo yordamchi unga jilmayib qaradi:

— O‘ting aka, yotib rohatlanib uxlang.

— Rahmat ukajon, joning omon bo‘lsin!

Abdulloh darhol yonidagi kishidan uzr so‘rab orqaga o‘tdi. Kostyumini yechib, yostiq qildi. O‘ta toliqqanidan motor tovushi va ulovning silkinishiga ham ko‘nikib, tezda uxlab qoldi.

Avtobus Malatya tepaliklari tomon tirmashib chiqarkan, ovozi shamolda kecha sukunatiga qorishib ketardi. Haydovchining ko‘zlari uyqusizlikdan tez-tez yumilar, boshi oldiga egilib ketardi. Yo‘lovchilarning aksariyati uxlagani uchun uning bu holidan bexabar edi. Endi ulov tog‘ yo‘liga o‘rlay boshlagandi.

Abdulloh uyqu asnosida u yoqdan bu yoqqa ag‘darilar ekan, oyog‘i haydovchi bilan yordamchi o‘rtasidagi aloqani ta’minlovchi, yo‘lda tushadigan yo‘lovchilarni bildirish uchun qo‘llanadigan tugmaga tegib ketdi. Qo‘ng‘iroq tovushidan uyqusirab uyg‘ongan haydovchi tormozni qattiq bosib yubordi. Katta avtobus qattiq silkinib to‘xtadi. Yo‘lovchilar sarosima bilan uyg‘ondi. Endi ko‘zi ilingan yordamchi ham nima bo‘lganiga hayron edi. Orqa o‘rindiqqa zarb bilan urilgan Abdulloh achchiqlanib ko‘zlarini ochdi. Haydovchi yordamchidan suv so‘radi. Tashqari zim-ziyo, ulovning yaqinni yorituvchi faralari miltillabgina turibdi. Haydovchi qo‘l tormozini tortib, yuzini yuvib olish uchun pastga tushdi-yu, baqrayib qoldi. Mersedes tik jarlik tomon burilgan va bir qadam berida to‘xtagan edi. Haydovchi o‘ziga kelgach, hayajondan yordamchiga baqirib yubordi:

— Qo‘ng‘iroqni kim bosdi?!

— Oqshomda bizdan namoz uchun besh daqiqa izn so‘ragan kishi mendan iltimos qilib, orqaga o‘tib yotgandi. Kechiring ustoz.

— Haydovchining esa hayajoni bosilmas:

— Bu bir mo‘’jiza, mo‘’jiza! — deya takrorlardi.

Abdulloh esa bu voqeadan xabarsiz holda orqa o‘rindiqda o‘tirgancha sumkasidan saharlik uchun olgan yeguliklarini chiqarayotgandi...

Turk tilidan Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Fikr qo'shish