Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan sevgi haqida sher

Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan

Umr daryo kabi oqaverarkan,
Kunlar erta sari boqaverarkan,
Yoningda mexribon yoring bo‘lsa ham,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Olovi so‘nmaskan ilk muxabbatning,
Ozori tinmaskan ilk muxabbatning,
Yozig‘i shu ekan achchiq hayotning,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Seni suyishlari tatimas ekan,
Sen deb kuyishlari tatimas ekan,
Ilk sevgiga dunyo arzimas ekan
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Tuhfasi osmonga termulgan ko‘zlar,
Aytilmay, yurakka ko‘milgan so‘zlar,
Bilmadim hayotdan ne ma’no izlar,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Armonlar yo‘limga qalashib bo‘lgan,
Xijron hayotimga qasdlashib tolgan,
Visolning ko‘yida adashib qolgan,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Ovutmoq istayman, taskin topilmas,
O‘tmishim va ertam murosa bilmas,
Faqat sog‘intirar, bir bora kelmas,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

bas endi dardlaring to‘kma,
Ertadan bahting kut, o‘tmishing so‘kma,
Yo‘q, meni ovutmoq istamang, to‘xtang,
Umr daryo kabi oqaverarkan,
Ilk sevgi yurakni yoqaverarkan!

Fikr qo'shish