Tushlarimga kirasan bolam

Tushlarimga kirasan bolam
Tushlarimga kirasan bolam

Munisaning tushiga bugun yana o‘g‘li Umidjon kirdi. U oppoq kiyimda emish. Hadeb hovlini aylanib, Unga qarab, qiqir-qiqir kularmish.
Munisa: "Kel, o‘g‘lim, ovqatingni yeb ol”, deya chaqirsa, Umidjon sho‘xlik qilib qochib ketar va bir zumda g‘oyib bo‘larmish. Munisa esa "Bolam”, deya yig‘lab qolaverarkan…

Ayol qo‘qqisdan uyg‘onib ketdi. Beixtiyor ungida yoshlangan ko‘z yoshlarini arta boshladi va atrofga jovdirab o‘g‘lini qidira boshladi.
Qani edi tushi ungiga aylanib qolsa-yu, nuridiydasini to‘yib-to‘yib bag‘riga bossa. Afsus taqdiri azalning hukmiga biror chora topmoq mushkul ekan. Yo‘qsa, u tilab olgan o‘g‘lidan judo bo‘lib o‘tirarmidi?!

Munisa tibbiyot bo‘yicha tahsil olayotgan kezlari Nodir ismli yigit bilan tanishib qoldi. Keyin yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelib, oila qurishdi. Ular ketma-ket uchta qiz farzandli bo‘lishdi. Nodirning kungli g‘ashlana boshladi. Go‘yo o‘g‘il farzandi yo‘qligi oilada fayz-barakani aritayotgandek edi. Endi kun ora urush janjal avj olardi.

Nodir ichib kelar, "Nega mening o‘g‘lim yo‘q? Menga o‘g‘il kerak, bildingmi, qiz tug‘adigan xotin bilan yashamayman, ket”, deya Munisaning dilini xira qilardi. Xudo ayolning jonini temirdan, sabr-qanoatini pulatdan yaratgan desa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Munisa bularning barchasiga sabr bilan tishini-tishiga qo‘yib chidadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Allohning bu mushtipar ayolga rahmi keldi va qo‘chqordek o‘g‘il ato etdi. Nodirning quvonchini so‘z bilan tariflab bo‘lmasdi.

Umidjon tug‘ildi-yu, oiladagi janjallar barham topdi. Xushnud kunlar boshlandi. Umidjon sal esini tanib qolgach, uni bog‘chaga berishdi. Chunki kuni bo‘yi Munisa va Nodir ishda, qizlari esa maktabda bo‘lardi. Umidjon 5 yoshga to‘ldi. U juda sho‘x, o‘yinqaroq bola bo‘lgan edi. Bog‘chadan tez-tez qochib kelar, tengdoshlari bilan qayerlargadir o‘ynab ketib qolardi.

Bir kuni u qo‘shni bog‘chadosh bolalar — Hasan va Husan bilan birgalikda bog‘chadan qochib ketdi va o‘rtoq yigitchalarga "Ketdik, cho‘milishga boramiz. Sizlarni dadam meni ko‘p cho‘miltiradigan joyga olib boraman”, dedi. Bolalar shux-shodon bo‘lib, ekin yerlarni sug‘orish uchun maxsus qazilgan ko‘l tomon yetaklashib yugurib ketishdi. Bu vaqtda Munisa shifoxonada bemorlar bilan ovora edi. Shu payt unga bog‘chadan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini aytishdi. Tarbiyachilardan: "Umidjon qo‘shningizning bolalari bilan yana qochib ketibdi, ulardan darak yo‘q”, degan xabarni eshitdi.

"Hech qisi yo‘q, uyda bo‘lsa kerak, opalari ham maktabdan kelib qolgandir” deya o‘yladi Munisa.
Nodir shu kuni negadir ishdan ertaroq qaytdi. Endi darvozasiga yaqinlashayotganidan qo‘shnisi Akbar shoshilgancha: "Nodir, Zafarning egiz o‘g‘ilchalari ko‘lga cho‘kibdi, birini topib shifoxonaga jo‘natdik. Ikkinchisi yo‘q”, deb qoldi. Nodir shoshilib o‘sha tomonga yugurdi. Ular ham ko‘lga tushib egizlarning ikkinchisini qidira boshlashdi.

Shu payt Nodirning ko‘zi qamishlar orasida yuz tuban yotgan bolaga tushdi va darhol borib bolani ko‘tardi-yu, dahshatdan baqirib yubordi.

Bu o‘zining tilab olgan o‘g‘li Umidjon edi. Shu orada egizlarning ikkinchisi Hasanni ham jonsiz holda topishdi.
Uyiga kelgan Munisa erining qo‘lida yotgan jonsiz norasidasini ko‘rib, hushini yo‘qotdi.
Ertasi kuni dilni larzaga soladigan dod-faryod bilan dunyoga to‘ymay ketgan uch go‘dakni qabrga qo‘yishdi.

Mana shu voqeadan so‘ng Munisa sakkiz oy farzandi dog‘ida betob bo‘lib yotib qoldi. Endi tuzalib oyoqqa turganida, bir kuni eri ichib kelib, "Sen befahm o‘g‘limga eplab qarolmading”, deya jazava bilan xotinini dupposlay boshladi. Erining beayov kaltaklashi tufayli ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

Singlisining zulum ko‘rayotganini ko‘rgan Munisaning akasi bu haqda Ichki ishlar bo‘limiga ariza berdi. Bundan xabar topgan Nodir esa jazavaga tushib uyiga kirib, hovli darvozalarini tamballab oldi.

Hali shifoxonadan chiqib ulgurmay, eri o‘zini osib qo‘yganligi haqidagi shumxabarni eshitgan Munisaning dili yana larzaga keldi.
Shu tariqa taqdirning achchiq zarbalarini yelkasiga ortgan Munisa uch qizi bilan yolg‘iz qolibketdi.
Taqdir zarbalari tufayli Munisa ich-ichidan ezilib: "Qani edi, barchasi tush bo‘lib qolsa”, deya faryod qilsa-da, matonat bilan yashashni ham unutib qo‘ygani yo‘q!

Fikr qo'shish