Musofir odamning kuni mashaqqat uzbekcha sher

Musofir odamning kuni mashaqqat
Musofir odamning kuni mashaqqat

Charchadim demaydi, rostin aytmaydi,
Sog‘inch qiynasa ham sira aytmaydi,
Uyim - joyim deya, yilda qaytmaydi.
Saharda uyg‘on deb, bong urar soat,
Musofir odamning kuni mashaqqat.

Ko‘ziga ko‘rinar keksa otasi,
Tushida jilmayar murg‘ak bolasi,
Tunlari yosh to‘kib, eslar onasin.
Sizga men tilayman sabr, qanoat,
Musofir odamning kuni mashaqqat.

Kunlar o‘tar sekin, oylar galma-gal,
Mehnat qilar, hatto, oy chiqqan mahal.
Tunni tun demaydi, qadamlar dangal.
Yaratgan qo‘llasin, sizda bor hikmat,
Musofir odamning kuni mashaqqat.

Qalbini yoritmas hech qanday chiroq,
So‘lim qishlog‘idan bo‘lsa gar yiroq,
Yo‘qchilik yo‘qladi, ayb emas biroq.
Bolam-chaqqam, deya tortmoqda zahmat,
Musofir odamning kuni mashaqqat.

Birovga aytmaydi og‘risa joni,
Yod olib yashaydi Qodir Xudoni,
Ozor bermang yana ko‘ngli gadoni.
Mungli o‘y surmoqlik ularga odat,
Musofir odamning kuni mashaqqat.

Sizni men qadrlab yozdim bu she’rni,
Orzular aritsin manglaydan terni.
«Hech qachon unutmang tug‘ilgan yerni»
Qalbingizda bo‘lsin yurtga muhabbat,
Musofir odamning kuni mashakkat!

Fikr qo'shish