Men axir vaqtincha ketganman xolos uzbekcha sher

Men axir vaqtincha ketganman xolos
Men axir vaqtincha ketganman xolos

Sog‘insam bir misra baydim yozarman,
Yurakda ne bo‘lsa socharman to‘kib.
Uyqusiz tunlarda tonglar otarman,
Ona yurt jamoling ko‘zlarim kutib !

Sendan olisdaman kechirgin, bir oz
Men axir vaqtincha ketganman xolos...

O‘zga yurt tuprog‘in egasi o‘zga,
Men bunda omonat, begonadurman.
Hech narsa ko‘rinmas gohida ko‘zga,
Sog‘inchning dastidan devonadurman !

Har kimning o‘z yeri o‘zigadir mos...
Men axir vaqtincha ketganman xolos...

O‘zimni aldayman ovutmoq istab,
Kuz o‘tib, qish kelar, so‘ngra bahor deb.
Shoshaman onlarning ortidan quvlab,
Bodom gullariga yetib boray deb !

Tunlari tushimda teraman gilos...
Men axir vaqtincha ketganman xolos...

Bir kuni tentirab qaytarman ishon,
Shodlikdan tuprog‘ing o‘pishim ham rost.
Sen ko‘ksim to‘riga joylangan iymon,
Sog‘inchdan har kuni o‘lganim ham rost !

O‘zingdan o‘zgaga qilmasman ixlos...
Men axir vaqtincha ketganman xolos...

Fikr qo'shish