Ular urishib qolishdi

Ular urishib qolishdi
Ular urishib qolishdi

Ular urishib qolishdi. Ertalab ayol barqavt uyg‘ondi-da nonushta dasturxonini tayyorlab, o‘zi choyini ichib turib ketdi. Eri uyg‘onib, nonushta qilgani keldi. Qo‘liga qaynatilgan tuxumni olib archishga tushdi. Ayolining kelishini kutdi.
U kelmadi. Stakandagi sutni ho‘pladi. Sovib qolibdi. Mazza qilib choy ichgisi keldi. Ishtahasi qochdi. Ayol qo‘lida non ko‘tarib kirib keldi. Dasturxonga o‘tirgisi keldi. O‘tirolmadi. Ketdi.

Birozdan so‘ng ko‘cha eshigining tovushi eshitildi. «Ishga ketdilar, shekilli» dedi, ayol. Oshxonaga kirib stol ustini yig‘ishtirmoqchi bo‘ldi. Qarasa, hech narsa yeyilmabdi.

- Ha, tuxumni tozalab berishimni kutganmidingiz?! Siz mening mehrimga arzimaysiz!? Kechagi gaplaringiz qalbimni parchaladi! - dedi. G‘azablanib idishlarni yig‘ishtira boshladi va, ko‘zlari ikki atirgulga tushdi. Biri oq, biri qizil. Ostida xat ham bor edi. Unda:
«Bismillahir Rohmanir Rohiym!
Hayotimdagi eng go‘zal gul, sevimli ayolim, jismimning ruhi, abadiy mahbubamga...
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, mehribonim!
Nonushtaga kelishingni qanchalar kutganimni bilsang edi!? Lekin, bu sharafdan mahrum bo‘lganimdan choy icholmadim. Bo‘g‘zimdan o‘tmadi...
Sening har kungidek meni ishga go‘zal tabassum ila kuzatishingni qanchalar kutganimni bilsa eding...
Suyukligim! Shayton meni g‘azab otiga mindirdi. Xato qildim. Nohaq edim! Uzrimni qabul qilasanmi?» deb yozilgandi. Ayolning ko‘zyoshlari varoqni ivitdi. Uni qattiq bag‘riga bosib:
- Meni ham kechiring, Azizim! - dedi!

So‘ng asalari misoli uchgandek ishga kirishdi. Erining eng sevimli taomlarini tayyorladi. Uylarni o‘zgacha tozaladi. Gullar bilan bezatdi. O‘zi pardoz - andozini qilib, munosib tarzda erini kutib olishga hozir bo‘ldi.

Ular bir - birlarini o‘zgacha tabassum bilan qarshiladilar. Ayolning tilidan bol, yuz - ko‘zidan muhabbat, nur va rizo yog‘ilardi...

.... Har biringiz oilaviy baxtni barpo qilishga birgalikda harakat qiling!

.... Qalbdan chiqqan «UZR»ni so‘z orqali ifoda etolmasangiz, maktub orqali yuboring! Mushkulingizni hal qiling!

.... Mustahkam uy, odamlarning aralashuvidan uzoq, baxtli oila qurish, bu hayotdan chiroyli zavq olish o‘z qo‘llaringizda!

Fikr qo'shish