Bahor, kelib lolalaringni uzbekcha sher

Bahor, kelib lolalaringni
Bahor, kelib lolalaringni

Bahor, kelib lolalaringni
Mening bo‘m-bo‘sh yuragimga ek.
Chug‘urlasin qaldirg‘ochlaring,
Endi tilga kirgan boladek!

Go‘dak bo‘lay yana bir kunga,
Jimjiloqda yalab sumalak.
Gumburlasin momoqaldiroq,
Tars yorilsin osmonu-falak!

Balog‘atga yetay...
Sen kelib,
Yuragimda ishq olovin yoq.
Duv qizargan quloqlarimga,
Bitta dona binafshangdan taq!

Kelin bo‘lay...
To‘yimga sen kel,
Shaftoligul ko‘ylaklar kiydir.
So‘ng umrimning to‘rt faslini ham,
Baxtga to‘ldir,shodlikka to‘ldir.Yana kelsang...
Oydayin to‘lay,
Kimlarningdir ko‘zin kuydirib.
Etagimga umidimni sol,
Dovuchchalar yegiz to‘ydirib.

Sovuqlarni yengay ilinjda,
Bahoroyim, bahorim bor deb.
Onam duo qilsinlar uzoq,
Qaynoqqina ko‘k somsadan yeb.

Yilda bir bor kelaver yo‘qlab,
Keksamanmi, yoshmi, baribir.
Bilasanku hamma fasldan,
Seni yaxshi ko‘raman axir!

Bahor, kelib lolalaringni
Mening bo‘m-bo‘sh yuragimga ek...

Fikr qo'shish