Namozni o'tirib o'qish hukmi haqida
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmatlari tufayli, Alloh taolo bizga U zotni dinda yengillik va bag‘ri kengliklarga yo‘l ochish uchun yubordi. U zot o‘z ummatlariga farz amallarni ado etishni, xususan, bemor, uzri bor insonlarga g‘amxo‘rlik qilib, ularga namoz o‘qishni oson qilib berdilar. U Zot namozning ba’zi ruknlarini tark qilib emas, balki uning ruknlarini yengillashtirib bajarishga izn berdilar. Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi».
(Baqara surasi, 185-oyat).
Bugungi kunga kelib masjidlarda, shu bilan birga, xonadonlarda ba’zi bir uzrli sabablarga ko‘ra stulga o‘tirib namoz o‘qiydigan otaxon va onaxonlarimiz soni ko‘payib bormoqda. Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, shunday holatda ham ushbu sohibi uzrlar toqatidan tashqari narsaga taklif qilinmaydi. Zero, Alloh taolo aytadi: «Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas».
(Baqara surasi, 286-oyat).
Quyida uzri sababli stulga o‘tirib namoz o‘qiydigan otaxon va onaxon, aka-ukalarimizga bunday namoz o‘qishning ahkomlari haqida batafsil ma’lumot bermoqchimiz. Avval ushbu mavzuga oid hadisi sharif bilan tanishib o‘tsak.
Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Mening bavosir(kasal)im bor edi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan namoz (qanday o‘qilishi) haqida so‘radim. U zot: «Tik turib o‘qi. Agar qodir bo‘lmasang, o‘tirib o‘qi. Agar qodir bo‘lmasang, yonboshlab o‘qi», dedilar».
(Buxoriy rivoyati).
(Mazkur hadisda zikr qilingan “Bavosir” – gemmoroy kasalligi bo‘lib, o‘tirib ishlaydigan insonlarda ko‘p uchraydi.)
Sharh: Bu yerda faqat farz namozlari haqida so‘z borayotganini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Ammo, sunnat va nafl namozlarni uzri bor odam bemalol o‘tirib o‘qiyveradi.
Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘limlaridan oldin aksar sunnat namozlarini o‘tirib o‘qiganliklari haqida sahih rivoyatlar kelgan. Biroq turib o‘qishga qodir bo‘lgan inson, sunnat va nafllarni ham turib o‘qigani afzal. Namozxonning turib o‘qishga qodir bo‘la turib, stulga yoki yerga o‘tirib namoz o‘qishligi joiz bo‘lmaydi. Imron ibn Husayn roziyallohu anhu bavosir kasali bor odam namozini qanday holatda o‘qishi haqida so‘ragan bo‘lsalar ham, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga umumiy javob berdilar. Buning ichiga og‘ir kasalliklari, jumladan qon bosimi baland yoki belida churrasi (grijasi) bor kasallar ham kiradi. Yuqoridagi hadisda berilgan savoldan bemorligi tufayli odam tik tura olmasa, namoz o‘qishi qanday bo‘ladi, chunki namozda tik turish farz-ku, degan ma’no anglashiladi. Javobdan esa, namozda tik turishga qodir bo‘lgan kishi uchun farz, degan ma’no anglanadi. Namozdagi oltita rukn, ya’ni takbiri tahrima aytmoq, qiyom – tik turish, qiroat, ruku’, sajda va tashahhuddagi qa’da o‘tirishlarning birontasini uzrsiz ravishda bajarmaslik namoz o‘quvchidan soqit qilinmaydi. Agar inson bu ruknlarning ba’zilarini bajrishga ojizlik qilsa ham, qolgan ruknlarini bajarishi unga vojib bo‘ladi. Masalan namozda qiyom – tik turishni olsak. Agar inson bir ozgina tik turishga qodir bo‘lsa, namozni tik turgan holda boshlab, ruku’ paytigacha toqat qila olmasa, xohlagan paytida o‘tirib olib, namozni davom ettirishi mumkin.
Namozni tik turgan holda o‘qishga ojizlik qilgan kishi ruku’ qilishga qodir bo‘lsa, unga ruku’ qilishligi vojib bo‘ladi. “Ojizlik” deganda, tik tursa o‘ziga biror noqulaylik yetadigan yoki kasali zo‘rayib, yoxud tursa boshi aylanib ketadigan bemorlar tushuniladi. Ammo tik turishida hiyolgina mashaqqat hosil bo‘ladigan bo‘lsa, bu uzr hisoblanmaydi. Shu kabi jamoat namoziga bemalol yurib kelgan odam, qanday qilib tik turib namoz o‘qishga bahona topishi mumkin?! Bunda insonning ibodatga dangasalik qilganligi zohir bo‘ladi. To‘g‘ri, agar ruknlarni bajarishda uzri bo‘lsa, sunnat namozlardan tashqari farz namozini ham o‘tirib o‘qishi mumkin. Ammo bu faqat ruxsat xolos, taqvo yuzasidan, uzri bor odamlar ham birozgina qodir bo‘lsa, o‘sha ruknlarni qodir bo‘lganicha bajargani afzal. Shu kabi, tik turib o‘qishga qodir odam, agar bel og‘rig‘i tufayli ruku’ qila olmasa, imkon qadar bir oz egilib rukuni bajaradi. Demak, ushbu ikki ko‘rinishdagi uzri bor odamlarga o‘tirib o‘qishlik joiz bo‘lmaydi. Chunki bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Tik turib o‘qi. Agar qodir bo‘lmasang, o‘tirib o‘qi...» – degan so‘zlari dalil bo‘la oladi. Endi, bir odam uzri sabab umuman ruku’ qilishga qodir bo‘lmasa, unda stulga o‘tirib, ikki qo‘li bilan tizzasini xuddi oddiy hollarda ruku’ qilgandek mahkam ushlab bir oz egiladi. So‘ng rukudan «samiallohu liman hamidah», – deb tik turib, «robbana va lakal hamd»ni aytadi. Chunki qiyom – tik turish namozning ikkinchi ruknidir. Sajda qilishga qodir odam esa, albatta sajda qilishligi vojib bo‘ladi. Chunki Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yetti a’zo ila sajda qilishga amr qilindim: «Peshona ila, deb qo‘llari bilan burunlariga (ham) ishora qildilar, ikki qo‘l, ikki tizza va ikki oyoqning uchlari ila va kiyim va sochni yig‘ishtirmasligimizga», – dedilar».
(Buxoriy va Muslim rivoyati).
Agar sajda qilishga qodir bo‘lmasa, unda, ruku’ qilishdan farqli o‘laroq, yana stulga o‘tirib bir oz pastroq egilib sajda qiladi. Ammo ulamolar sajda qilinayotgan paytda zinhor oldiga kursicha qo‘yib olish yoki biror-bir ko‘tarilib turgan narsaning ustiga sajda qilishdan qaytarishadi. Chunki agar oldidagi narsaga qo‘lini qo‘yib, sajda qilinsa, o‘sha narsa (kursicha yoki stul) sajdani pastroq qilishga monelik qiladi, buning oqibatida esa ruku’ bilan sajdaning farqi ajralmay qoladi. Ayni shu holatda (ikki qo‘lni havoda muallaq ko‘tarib yoki) ikki qo‘li bilan tizzasini xuddi oddiy hollarda ruku’ qilgandek mahkam ushlab, bir oz pastroq egilib sajda qilinadi. Bu yo‘l keng tarqalgandir.
Ulamolar tik turish, ruku’ va sajda qilishga umuman qodir bo‘lmagan kishi namozni o‘tirgan yoki yostiqqa suyangan holida imo-ishora bilan o‘qiydi, faqat, rukudan ko‘ra sajda ishoratida boshini pastroq egadi, deyishgan.
Endi jamoat namozida stulga yoki yerga o‘tirib namoz o‘quvchining safda qanday turish holati haqida so‘z yuritamiz. Stulga o‘tirib namoz o‘qiydigan odam uchun stulning orqa oyoqlari safda turganlarning oyoqlari tovoni bilan bir tekisda turadi. Agar ushbu uzrli namozhonlar niyatlarida: “Safdagilardan oldinda tursam, oldinga chiqib ketar ekanman, yaxshisi, stulni orqaga surib, ular bilan bir safda turaman,” – desalar, unda orqa safdagi odamga sajda qilayotgan paytda noqulaylik paydo bo‘lib, unga mashaqqat yetadi. Endi yerda o‘tirib namoz o‘qiydigan odam xohlasa – chordona qilib, xohlasa ikki oyog‘ining ustiga yoki oyoqlarini to‘g‘riga uzatib, tik turganlar bilan yelkasini bir safga to‘g‘irlab o‘tirib o‘qishi joiz bo‘laveradi.
Homilador ayollar ham sunnat va nafllardan tashqari faqat farz namozlarni tik turib o‘qiydilar. Ammo bunga qodir bo‘lmasalar, shariatda ularga faqat ikki holatda o‘tirib namoz o‘qishga ruxsat berilgan: yo tabib (shifokor) ko‘rsatmasiga ko‘ra, yoki tik turish mashaqqat tug‘dirganda. Zero, ana shunday hollarda ular uzrli hisoblanadilar.
Ammo bu ular uchun qiyin bo‘lmasa yoki tabib (shifokor) maxsus taqiqlovchi ko‘rsatma bermagan bo‘lsa, barcha namozlarini odatdagidek o‘qiganlari afzal.
Tayyorada (samolyotda) ketayotgan odam manziliga yetib olgunicha namoz vaqti o‘tib ketmasligini aniq bilsa, yo‘lda farz namozlarni o‘qimaydi. Chunki yetib borgan manzilida namoz ruknlarini to‘liq bajargani afzal. Ammo, namoz vaqti o‘tib ketishini aniq bilsa yoki bunga shubhalansa, vaqti kelgan namozni o‘tirib va iloji bo‘lsa, qiblaga yuzlanib, o‘qib oladi. Qiblaga yuzlanishning yoki qiblani aniqlashning iloji bo‘lmasa, dilida old tarafni qibla deb hisoblab, namozni ado qilaveradi. Vallohu a’lam. Yana Alloh bilguvchidir.