Roziman uzbekcha sher

Roziman
Roziman

Holimdan kimlardir erinmay kulsa,
Xor o‘lsam, dillari shodlikka to‘lsa.
Men hatto kiprik ham qoqib qo‘ymayman
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Zahar tutsa hamki asal deb ichgum,
Joningni tut desa, o‘ylanmay kechgum,
Ranjitolmas meni bu damda hech kim
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Kamini bildirmay ortiq etarman,
Rizoliq ko‘yini tortiq etarman.
Toshlarni boshimga yostiq etarman
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Noshukrlar kabi sochlarni yulmay,
Ketarman indamay ertani bilmay.
Shodon damlarimga hijolat bo‘lmay
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

O‘rgandim har nega tilni tiyishga,
Hattoki birovning g‘amin yeyishga.
Tilim bormas yomon kunlar deyishga
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Ne foyda bilmagan ishga qon yutib,
Yo devona misol beparvo o‘tib...
Solih Odam kabi natija kutib
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Shukrki, qalbimda yo‘q erur gumon,
Taqdirga ters boqmoq ishdir eng yomon!
Xayr bor, yomonlik aslo yo‘q debon
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Boshim ko‘tarmasman oyatlar tinglab,
Og‘risam qarshilik qilmasman ingrab,
Eng go‘zal onlarga yig‘lab va xo‘ngrab
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Rosulim o‘rgatgan buyuk bir sunnat,
Qalbimga o‘rnashgan faqat xush niyat.
Tinmayman baribir so‘rab ofiyat
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Paxtadek yog‘ilgay yomg‘iru do‘li,
O‘ng tomon tuyulgay ulashgan so‘li!
Jannatga kirishning eng oson yo‘li
Roziman Xudoyim ne yozgan bo‘lsa!

Fikr qo'shish