Xo‘roz mingan bola (ertak)


Bo‘rivoy hovliga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Don cho‘qilayotgan xo‘rozni bir tepib, qoqolatdi-yu, ko‘chaga oshiqdi. Kechqurun hovli chetidagi tovuqxonada tepki yegan xo‘roz yig‘lamsirab, hasrat qila boshladi:
– Men hovlini begona xo‘rozlardan himoya qilib, o‘g‘ri hakkani quvsam, shumi oqibat?
– Shuni ayting, – bir oyog‘i qiyshayib, dardini to‘kdi qora makiyon. – Kecha meni rogatkada otdi. Oyog‘im, qanotim kechasi bilan og‘rib chiqdi.
– Buning chorasini ko‘rish kerak. Qo-qo-qo, – chuvullashdi boshqa tovuqlar.
– Qanday qilamiz? Katta xo‘jayinga ayta olmaymiz. Baribir ishonmaydi.
– Boshqa hovliga ketsak-chi?
– Uyam bo‘lmaydi, – dedi toji qizarib xo‘roz, chunki narigi hovlidagi ola xo‘roz bilan anchadan buyon chiqishmas, qolaversa, makiyonlarning u hovliga o‘tib ketishini xohlamas edi.
– Bir tinchgina joy bo‘lsa, don bilan yemish mo‘l bo‘lsa! – orzu qildi qo‘noqda qimirlab tovuqlardan biri.
– U Susambil, faqat kitoblardagina bor, – ko‘zini yumib, horg‘ingina gapga qo‘shildi keksa ona tovuq.
Shu payt katak yonidagi yog‘ochga ikkita kaptar kelib qo‘ndi:
– Hoy egachilar! Nima shovqin? – so‘rashdi ular.
– E, nimasini aytasiz?! – dedi ona tovuq. – Bo‘rivoy degan bola bor. Rosa dodimizni berayapti. Undan o‘lib qutulamiz, shekilli.
– Yoki qochib, – yig‘lamsirab qo‘shildi boshqasi. Kaptarlar bir-biriga qarab olishdi: “Aytamizmi?”
– Uning chorasi bor, – dedi boshini bir qimirlatib ko‘k rangli kaptar. – Biz yaqinda qishloq chetidagi tut daraxtiga qo‘nib, dam olgandik. Unda sehrgarlikdan xabari bor ukki yashaydi. U xohlagan jonzotini kichraytirib qo‘ya oladi.
– Lekin bu xavfli, – ogohlantirdi ikkinchi kaptar.
– Kelinglar, ertaga bir kuzataylik-chi, – deyishdi kaptarlar. Ertasi kuni tovuqlar bilan don cho‘qilayotgan kaptarlardan biri rogatkadan otilgan toshdan yarador bo‘ldi. Yaqinlashib kelayotgan Bo‘rivoydan zo‘rg‘a qutulib, uyning chordog‘iga uchdi. Birozdan keyin sherigi yoniga qo‘ndi.
– Ahvoling qanday?
– Yomon, qon oqayapti. Biror chora ko‘rmasak, ucholmayman, shekilli.
– Kel, men yordamlashaman.
Ikkalasi bir amallab parvoz qilishdi. O‘sha tutga qo‘nib, Ukkini kutishdi. Oradan bir don cho‘qigulik vaqt o‘tgach, daraxt kovagidan Ukki ko‘rindi.
– Nima gap, hurmatli qo‘shqanotlar? – Viqor bilan tebrandi donishmand qush.
– Ukki janoblari, bizga yordam bering, – baravar ququrlashdi kaptarlar. Keyin hovlidagi g‘alati voqealarni, Bo‘rivoyning qiliqlarini aytib berishdi.
– Ha, yomon, juda yomon bo‘libdi, – boshini chayqab dedi Ukki.
– Atrofdagi jonzotlarga ozor berish kechirilmas gunohdir. Bobomning aytishicha, yer yuzidagi hamma jonzotlar ahil, inoq yashashi kerak ekan. Agar o‘rtada ahillik yo‘qolsa, mehr-oqibat bo‘lmas ekan!
– E, bu bolaga mehr-oqibatni tushuntirib bo‘lmaydi, – deyishdi qushlar.
– Balki unga sehrli kitob bersak, shu kitobdagi nasihatlarni o‘qib, aqli kirib qolar, – umid bilan ularga qaradi Ukki.
Keyingi kun tut daraxtidagi yig‘inda Ukki g‘azabini bosolmay, shunday dedi: – Bo‘rivoy men xonada qoldirgan kitobni uyning to‘riga uloqtirdi. Muqovasi yirtilib, varaqlari sochilib ketdi.
– Esiz kitob.
– Yomon bola ekan u.
– Yomon ham gapmi, – yig‘lamsirab gapga qo‘shildi yarador kaptar, – yomonlardan yomon.
Hamma umid bilan donishmand Ukkiga qaradi. U biroz o‘ylanib turgach, ichkariga kirib ketdi. Va qanotlarida bir giyohni olib chiqdi.
– Bu sehrli narsa, bobom, undan ehtiyot bo‘lib foydalaninglar, deb aytgan.
– Ayni vaqti hozir, – chug‘urlashdi qushlar.
– Keyin pushaymon qilib qolmaymizmi, ishqilib? – Atrofga savol nazari bilan boqdi Ukki.
– Yo‘q, yo‘q, – deyishdi qanotlilar.
– Bo‘lmasa, bu ishning rejasini tuzaylik. Giyohni bolaning yuziga urish kerak. Buni kim uddalay oladi? – Hech qaysi qushning yuragi dov bermasdi. Ular bir-biriga qarab, chug‘urlashib qo‘yishdi.
Men urinib ko‘raman, – oldinga chiqdi yarador kaptarning sherigi. – Chorasini ko‘rmasak, bir kunmas bir kun meni ham uradi.
Donishmand Ukki unga nima qilish kerakligini o‘rgatdi. Bolani qanday chalg‘itib turish, qanday hujumga o‘tish kelishib olindi. Hamma baravar o‘sha hovliga qarab uchdi. Bo‘rivoy bu paytda kaptarga tuzoq yasamoqda edi. “Agar tiriklay ushlasam, narigi ko‘chadagi Sobirga pullayman!” – degan xayol bilan turgan edi, sal nariroqqa bir kaptar qo‘ndi. Bola qo‘ynidan don olib sochdi.
– Kel, kelaqol, – Bo‘rivoy unga yaqinroq siljidi. Ikki qo‘li bilan to‘rni paypaslay boshladi. Shu payt qush “par” etib osmonga ko‘tarildi-yu, hayron qolgan bolaning yuziga o‘zini urdi.
– Voy,... yuzim, – dedi-yu Bo‘rivoy o‘tirib qoldi. Qushlar jim bo‘lib, natijani kuta boshladilar. Bola o‘rnidan turmoqchi edi, bo‘lmadi. Hammasidan qizig‘i u kichraya boshladi. Kichrayib-kichrayib, oxiri bir qarich bo‘lib qoldi.
– Ana xolos, – dedi angrayib ona tovuq.
– Pishdi gilos, – piching qildi Ukki. – Endi ko‘ngillaring to‘ldimi? Men ketdim.
U uyi tomon uchib ketdi. Hamma uning izidan qarab turgan paytda bola sekin sirg‘alib uyga qochmoqchi bo‘ldi.
– E yo‘q, hurmatli bolakay, – oldidan to‘sib chiqdi Xo‘roz.
– Qayoqqa? Bir tepish o‘ynamaymizmi?
Bo‘rivoy “Yo‘q, yo‘q!” deguncha bo‘lmay, xo‘rozning tepkisidan uchib ketdi. U havoda aylanib borib, o‘siq o‘tlar orasiga tushdi. Emaklab yashirinmoqchi edi, tovuqlardan biri tumshug‘ida uni ilib oldi va... “mana, mana” deb yana tepkilay boshladi.
Ikkinchi tepkidan keyin bola umbaloq oshib, anor shoxlariga ilinib qoldi. Tovuqlardan qutuldi-yu, lekin hamma yog‘i shilinib, tirnalib ketdi.
– Hurmatli Xo‘rozvoy, jon tovuqlar! Meni cho‘qimanglar. Men sizlarga don olib kelaman.
– Ho, endi hurmatli bo‘lib qoldikmi? – Ko‘zlaridan o‘t chaqnadi Xo‘rozning. – Qo‘limizga tushsang bilasan.
Xo‘roz va tovuqlar aylanib-aylanib, uni tutolmagach, uyning orqa tarafiga o‘tib ketishdi. Bo‘rivoy bo‘lsa bundan foydalanib, anordan tushib yugurib uyiga kirib oldi. Uning bu ahvolini ko‘rib, ota-onasi rosa tashvishga tushishdi. Lekin na iloj, qo‘llaridan hech narsa kelmadi. Endi bola o‘ynagani hovliga chiqolmasdi, chunki xo‘rozdan qo‘rqardi. Ammo kun bo‘yi uyda o‘tirish ham koni azob ekan. Goh derazaning yonida turib hovlini tomosha qilib o‘tiradi, goh kichkinaligidagi o‘yinchoqlarini o‘ynaydi. Lekin hech narsa o‘rtoqlari bilan mazza qilib o‘ynaganiga yetmasdi. Endi borsa o‘rtoqlari ham qo‘shmasa kerak, chunki o‘zi shunday qilardi. Nega shu ahvolga tushdi-a? Bo‘rivoy buning sababini sal-pal anglaganday bo‘ldi, negaki, yaqinda darsda shunga o‘xshash voqeani o‘qituvchisi tushuntirib bergandi. Ammo qilgan xatosini bo‘yniga olgisi kelmasdi.
Kech bo‘lib qoldi. Tovuqlar katakka kirishdi, lekin eshigi ochiq qoldi. Eshikni yopadigan onasi qo‘shninikida gaplashib qoldi. Bo‘rivoy deraza peshtaxtasida tik turganicha atrofni kuzata boshladi. Shu payt molxonaning orqa tarafida, daraxtlar orasida tulkining dumi ko‘rinibdi.
– Obbo, endi nima bo‘ladi?
Bola zo‘r berib kuchugini chaqira boshladi. Hushtak chaldi, lekin hushtagi avvalgidek chiqmadi. “Nima qilsam ekan?” – deb rosa boshi qotdi. Agar tulki tovuqxona eshigi ochiqligini ko‘rsa, ahvol chatoq! Bitta ham tovuq qolmaydi.
O‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q. Bo‘rivoy derazadan tushdi-da, sekin tashqariga mo‘raladi. Hammayoq tinch. Tovuqlar yaqinlashib kelayotgan xavfdan bexabar. Bola katakka yaqinlashib, qo‘lidagi cho‘p bilan eshik ilgagini tushirdi. Eshik yopildi. “Xayriyat!” Ko‘ngli tinchlanib endi uyga qaytmoqchi edi, shu tarafga qarab kelayotgan tulkiga ko‘zi tushdi. Yashirinish kerak, ammo qayerga? Tovuqxonaga kirmoqchi bo‘ldi, ammo dahshatli oyoqlar esiga tushdi. Bu orada tulki ham yetib keldi. Kichkina bolani ko‘rib hayron bo‘ldi. Bo‘rivoy qo‘rqqanidan ko‘zini “chirt” yumib oldi. Tulki uni hidlab-hidlab, nari ketdi. Tovuqxonani aylanib, kirolmadi. Keyin bir sakrab, qo‘shni hovliga o‘tib ketdi. Bu holatni ona tovuq ko‘rib turgan edi. Bo‘rivoyning yaxshi ish qilganini bilib, o‘zicha fikrlagan bo‘ldi.
Ertasi kuni kutilmaganda ona tovuq kasal bo‘lib qolibdi. Na don cho‘qibdi, na suv ichibdi. Tovuqlar barchasi uning atrofida to‘planishib, nima qilishni, qanday yordam berishni bilishmay boshi qotibdi. Xo‘roz tomga chiqib, cho‘zib-cho‘zib qichqiribdi. Uning tovushini eshitib haligi juft kaptarlar uchib kelishibdi.
– Nima gap, hurmatli xo‘roz? – deb so‘rashibdi ular. Xo‘roz va tovuqlar bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Kaptarlar kasal tovuqni sinchiklab ko‘zdan kechirishibdi va narigi mahallada ham shunday kasallik boshlanganini aytishibdi.
– Buning davosi bormi? – tashvishga tushib so‘rabdi xo‘roz.
– Bor emish, – javob qildi bir kaptar. – Anavi ko‘rinib turgan tog‘da yovvoyi bodom bor ekan. Uning danagini ezib yedirilsa tuzalar emish. Bo‘lmasa...
– Nima bo‘lmasa?! – baravar qoqolashibdi tovuqlar.
– Kasallik barchaga o‘tib, parranda zoti qirilar emish.
– Voy, voy, endi nima qildik? Bekorga o‘lib ketaveramizmi?
– O‘sha bodom danagini olib kelish kerak! Tovuqlar bor tovushlari bilan katakni boshlariga ko‘tarishibdi.
– Jim! Kisht-ye! – darg‘azab xo‘roz u yoqdan-bu yoqqa yura boshlabdi. – Biror chorasini toparmiz axir! – Hamma unga umid bilan boqibdi. Chunki u hammadan aqlli ekan-da.
– U tog‘ga siz makiyonlarning borishingiz foydasiz, nega-ki, tulki degan xavf bor.
– Unda kim boradi? – deyishibdi patlari shalpayib tovuqlar.
– Bo‘rivoy borishi kerak! – debdi hammani hayron qoldirib Xo‘roz, – chunki u odam bolasi, bizdan yaxshi fikrlay oladi.
– U xohlarmikan? – debdi qizil makiyon.
– Iltimos qilamiz, – qaror qilibdi Xo‘roz. Tashqariga chiqqan bolani tovuqlar darrov tumshug‘ida ilib, katakka keltirishibdi. Xo‘roz eshik yonida turib olibdi. Bo‘rivoy qo‘rqqanidan bir burchakka biqinibdi.
– Jon tovuqlar. Meni cho‘qimanglar, nima desanglar olib kelaman. Oshxonada makka doni ham, bug‘doy ham bor. Ko‘p olib kelaman. Xo‘roz unga bo‘lgan hodisani tushuntiribdi.
– Sen bizga ana shu ishda keraksan, Bo‘rivoy. Bo‘lmasa ona tovuqdan ayrilib qolamiz. Nima deysan?
– Roziman, – debdi bola, chunki tovuqlarga bergan ozoridan vijdoni qiynalayotgan ekan. “Yaxshilik ham qilish kerak-ku!” – o‘ylabdi u. U uyidan bitta tayoq va xaltacha olib chiqibdi.
– Ketdik.
– Menga minib olaqol, – debdi Xo‘roz. – Shunda tezroq yetib olamiz. Ikkalasi shitob bilan toqqa yo‘l olishibdi. So‘qmoqlardan yurib, jarliklardan uchib o‘tishibdi. Nihoyat tog‘ga yetib kelishibdi. Balandlikka ko‘tarilishibdi-yu, yovvoyi bodomga ko‘zlari tushibdi. Uning tepa shoxlarida mevalari osilib turganmish. Endi tayoq bilan bodomni qoqamiz, deb turishsa, shu tarafga kelayotgan tulkini ko‘rib qolishibdi.
– Ahvol chatoq, Bo‘rivoy, – debdi Xo‘roz. – U meni ko‘rdimi, tashlanishi aniq.
– Buning chorasi bor, – debdi bola. Keyin cho‘ntagidan paqildoqlar chiqaribdi.
– Hozir “sichqonning ini ming tanga” bo‘ladi. Tulki bodom daraxti ustidagi xo‘roz bilan kichkina bolani ko‘ribdi. Tamshanib tepaga sakrabdi. Bo‘yi yetmabdi, lekin ketmabdi ham. Shu payt Bo‘rivoy bitta paqildoqni pastga tashlabdi. U shunaqangi paqillabdiki, tulki miltiq otildi, deb o‘ylabdi. “O‘ldim” debdi-yu, tura qochibdi. Xo‘roz bilan bola darrov bodomlarni terishibdi-da, qishloqqa qaytishibdi. Endi bodomni yanchish kerak ekan. Bola oshxonadan kichkina hovonchani olib kelibdi. Ko‘plashib, bir amallab dori tayyorlashibdi. Uni ichgan ona tovuq sal yengillashibdi. Bo‘rivoy rosa charchagan ekan, uyga kiribdi-yu, tappa qotib uxlab qolibdi. Bir soatlardan keyin o‘ziga kelib uyg‘onsa, otasi bilan onasi tovuqlarning kasal bo‘layotgani haqida gapirishayotganini eshitib qolibdi.
– Narigi mahallada yoppasiga kasal bo‘lishibdi.
– Keyin nima qilishibdi? – tashvishlanib so‘rabdi onasi.
– Nima qilishardi, – debdi otasi, – so‘yib, qozonga bosishadi. “Axir buning davosi bor-ku”, o‘ylabdi Bo‘rivoy. Lekin fikrini ota-onasiga tushuntira olmabdi. Borib tovuqlarni ogohlantiray, – deb o‘ylab sekingina uydan sirg‘alib chiqibdi-da, katakka chopibdi.
– Tezroq bu yerdan ketmasanglar, kech bo‘ladi.
– Ammo qayerga boramiz? – hayron bo‘libdi Xo‘roz.
– Soy bo‘yida amakimning tashlandiq hovlisi bor. Hech kim turmaydi. Ketdik, o‘sha yoqqa.
Yana bola xo‘rozni minib olibdi, tovuqlar ergashishibdi. Rostdan ham hovli keng, hech kim yo‘q ekan. Shu yerda dorivor bodomdan hammalari to‘yib yeyishibdi. Bu orada kasallik ham qishloqdan chekinibdi. Bo‘rivoy xo‘rozga minib ikki-uch marta oshxonasidan ularga don olib kelibdi. Haligi bir juft kaptarlar ham ular bilan yashashibdi, oziqlanishibdi.
Nihoyat ularning o‘z hovlisiga qaytadigan vaqti bo‘libdi. Hammalari shod-xursand, sog‘-salomat yurganidan kayfiyatlari ko‘tarilib, hovlida bexavotir sayr qila boshlashibdi. Faqat Bo‘rivoyning yuragiga qil sig‘mas emish. Axir u o‘rtoqlaridan ajralib qolibdi-da. Uning bu holatini ona tovuq sezibdi.
– Uni kechirish kerak, – debdi u.
– Rost, – deyishibdi qo‘sh kaptarlar. – Biz hammasini ko‘rdik. U butunlay o‘zgargan.
– Bo‘lmasa, – debdi Xo‘roz. – O‘sha giyohni olib kelinglar. Kaptarlar xursand bo‘lishib, tut daraxtiga uchishibdi. Donishmand Ukki bolaning yaxshi tomonga o‘zgarganini eshitib, “ho-ho” deb kulibdi va sehrli giyohni beribdi. Kaptarlardan biri kechasi bola uxlab yotganida uning yuziga sekingina giyohni tegizibdi. O‘zi derazadan uchib chiqib ketibdi. Ertalab Bo‘rivoy uyg‘onsa yana avvalgi holiga qaytgan emish. U juda ham xursand bo‘libdi. Onasiga yordam beribdi. Tovuqlarga suv, don beribdi. U endi sira ham yomonlik qilmas ekan. Axir bo‘lib o‘tgan voqeadan yaxshigina saboq olibdi-da.