Tulkining uyi

Tulkining uyi
Tulkining uyi


Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, obod dasht qishlog‘ida tomorqasi kattagina ahil oila yashar ekan. Uy bekasining buyurtmasiga ko‘ra ota-o‘g‘il shu tomorqalari chetida qurgan yangi qo‘noq – tovuqkatak binoyidek chiqibdi. Mo‘jaz hovlisi sim to‘r bilan o‘ralgan. Erta-indin tovuqlar shu joyga ko‘chiriladi. Tushdan keyin bekaning o‘g‘li Javlon qarasa, zanjirdagi Olg‘ir laqabli itlari yangi qo‘noqqa intilib tinmay hurayotganmish. Asta borib mo‘ralabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qo‘noqda sariq-qo‘ng‘ir yungli bir tulki ko‘zlari chaqnab, pusib o‘tirganmish. Hurpaygan dumi uzun, uchi oq.

– Bu yerda nima qilyapsan? – so‘rabdi Javlon. – Tovuq o‘margani keldingmi?

– Yo‘g‘-e, – debdi Tulki qaltirab, – qornimni to‘ydirish uchun menga dashtdagi kemiruvchilar, u-bu o‘limtiklar ham yetadi, tovuqlaring bilan ishim yo‘q. Iltimos, anavi itingni ovozini o‘chir, ovchilar mendan xabar topishsa, holimga voy. Keyin hammasini bafurja tushuntiraman.

Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan Tulkiga bolaning rahmi kelibdi, itining yoniga borib:

– Olg‘ir, jim bo‘l, – deb buyruq beribdi.

– Nima uchun axir? – deb Olg‘ir hayratdan yarmi shalpaygan quloqlarini dikkaytiribdi. – Yaramas Tulki kelib qo‘noqqa kirib ketsa-yu, ko‘ra-bila turib, men jim o‘tiraymi?

– Niyati yomonga o‘xshamaydi, hozir o‘zim u bilan yaxshilab gaplashaman, sen shovur ko‘tarmay turgin.

– Xo‘p, xo‘p, xo‘p, – deb qo‘yibdi Olg‘ir quloqlarini tushirib, noiloj, buyruqqa bo‘ysunib.

Javlon qo‘noqqa qaytib, Tulkidan nega bu yerga kelganini surishtiribdi.

– Ikkita ovchi ortimdan tinmay ta’qib qilyapti, – debdi Tulki ko‘ziga yosh olib. – Hozir shu yerga ham meni izlab kelib qolishsa, ajabmas. Ularning niyati, dashtdagi barcha yovvoyi hayvonlarni qirib bitirish. O‘tgan yili bo‘rilar yovuz kimsalardan zada bo‘lib, allaqayoqlarga qochib ketishdi. Ayni paytda o‘sha kunlar bizning ham boshimizga tushdi. Kaklik, jayra, bo‘rsiq, quyonlar ham tumtaraqay bo‘lishmoqda. O‘qqa uchganlar, tuzoqqa ilinganlar qancha. Ertalab mening izimga tushishgandi, oyog‘imdan mador ketgach, qishloqdan boshpana topishga majbur bo‘ldim.


– Tag‘in aldayotgan bo‘lmagin, ming qilsa ham “ayyor” degan noming bor, – shubhalanibdi Javlon.

– Aldamchilikka balo bormi, – yanada ma’yus tortibdi tulki. – Hayotim qil ustida turibdi-yu.

Shu payt ko‘cha tomondan do‘rillagan ovoz eshitilibdi. Javlon qarasa, yelkasiga miltiq osgan, ko‘zlari olaygan ikki nafar ovchi tomorqalarga bo‘ylab, nimanidir izlashyapti.

Buni ko‘rgan bola Tulkining aytganlariga ishonibdi, qo‘noq panasiga o‘tib jim o‘tiribdi, ammo sotib qo‘ymasmikan, degan o‘yda itidan xavotir olibdi.

Olg‘ir sotmabdi, bir og‘iz hurmabdi ham. Ovchilar ketgach, Javlon itining yoniga kelibdi.

– Rahmat senga, Tulkivoyni o‘limdan saqlab qolding, – debdi.

– Tulkining tirik qolishiga qarshi emasman, lekin meni mensimasdan qo‘riqlayotgan hovlimga kirib, aynan qo‘noqda o‘tirganiga hecham chiday olmayapman, ayt, bu yerdan ketsin, – deb g‘ingshibdi Olg‘ir.

– Biroz sabr qil, hozir hal qilamiz, – deya Javlon uy tomon ketibdi. Ovqat olib kelib Tulkiga yedirayotgan pallada Olg‘ir yana bo‘ralatib hurishni boshlabdi.

– Jim, jim, – Javlon itining oldiga yugurib boribdi. – Bu nima qilganing? Ovqatni qizg‘anyapsanmi?

– Men ovqat qizg‘anayotganim yo‘q, – debdi Olg‘ir, – qo‘noqda tulki borligiga chiday olmayapman. Uyalib ketyapman, burchimni bajarmay turolmayapman.

– Olg‘irvoy, – deb Javlon itining boshini silabdi. – Shovqin ko‘taraversang chatoq bo‘ladi. Tulkining hayotini saqlab qolishimiz kerak. Uniyam tushun-da, axir.

– Xo‘p, xo‘p, xo‘p, – Olg‘ir yana bolaning amriga bo‘ysunibdi.

Tulki bilan gaplashib turgan payt Javlonning singlisi kelib qolibdi, uyam qo‘noqdagi “alomat”ni ko‘ribdi. Avvaliga qo‘rqibdi, keyin ko‘zi ko‘nikib, tomosha qilibdi.

– Ko‘rganingni boshqalarga ayta ko‘rma, – deb tayinlabdi Javlon. – Bechora Tulkiga yomon bo‘lishi mumkin.

– Bo‘pti, aytmayman, – qizaloq ko‘ylakchasining etagini hilpiratgancha uy tomon yugurgilab ketibdi. Xonaga kiriboq: “Dada, aya, yangi tovuqkatakda tulki yo‘q”, – deb sirni “yashiribdi”.

– Qanaqa tulki? – deb so‘rashibdi uydagilar.

– Rangi sariq, juda chiroyli, – tushuntiribdi qizcha.

Hamma yangi tovuqkatak atrofiga yig‘ilibdi.

– U tovuq o‘margani kelmabdi, ovchilardan qochibdi, o‘zi aytdi, – debdi Javlon.

– Quturgan bo‘lmasin tag‘in, – dadasi xavotirga tushibdi.

Javlon Tulkining boshidan kechirganlarini, uni izlab kelgan ovchilar haqida ham gapirib beribdi. Sho‘rlikni qutqarib qolishga hammasini ko‘ndiribdi. Mayli, biznikida yashayveradi, deyishibdi uydagilar.

– Endi anavi qo‘noqda tovuq, bu qo‘noqda tulki boqarkanman-da, – debdi ayasi qoshlarini chimirib.

Hamma kulibdi, aya ham qo‘shilib kulibdi. Tulki esa:

– Sizlarga rahmat, yaxshi odamlar ekansiz, lekin ketmasam bo‘lmaydi, tug‘ishganlarimni topishim kerak, mening uyim – yovvoyi tabiat, – debdi.

Alqissa, butun oila Tulkiga oq yo‘l tilab, uyiga javob berishga qaror qilishibdi. Javlonning dadasi achinish ohangida:

– Yaxshi ish bo‘lmayapti-da, – debdi boshini chayqab.

Olg‘ir ham qayrilma dumini likillatib:

– Omon bo‘l! – deya Tulkiga yaxshi tilak tilabdi. – Senga bir narsa bo‘lsa mening ham bu yerda keragim yo‘q, tovuqlarni nimadan qo‘riqlayman, hammamiz bir-birimizga bog‘liqmiz, bizlarning borligimiz, turli sarguzashtlarimiz hayotni rang-barang qiladi, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, sen va xo‘jayinlaring tushungan narsani ovchilar ham tushunsa edi. Senga rahmat, boshim omon bo‘lsa, tag‘in kelib qolarman, do‘stim, – debdi Tulki.

– Xo‘p-xo‘p, xo‘p-xo‘p, – deb Olg‘irvoy past, ammo yo‘g‘on ovozda hurib qo‘yibdi.

– Sen xavotir olma. Tong otishi bilan Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga borib, voqeani tushuntiraman. Brakonyerlarni jazolashadi, – debdi Javlonning dadasi.

Tulki hamma bilan xayr-xo‘shlashgach, o‘ng-so‘liga alanglagancha tomorqadan chiqibdi-da, qorong‘ida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Shlyapa kiygan haykallar

Tog‘dagi bir qishloqda nihoyatda kambag‘al chol bilan kampir yashar edi. Er-xotin poxoldan shlyapa to‘qishar, chol ularni shaharga sotgani olib borardi. Savdosi yurishsa, biror yegulik olib qaytardi. Shlyapa sotilmagan kuni qariyalar och-nahor uxlashga majbur bo‘lishardi......

Toshqotgan ajdarho

Qadimda Boysun bilan Sho‘rchi orasidagi kichik so‘qmoq Qoradaradan o‘tardi. Savdogar, yo‘lovchi karvonlari ming azob bilan dara ichidan o‘tib, Hisor tomonlarga borishardi......

Qirq yamoq haqi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, biz ko‘rmagan, biz bo‘lmagan zamonlarning birida ikki qo‘shni bo‘lgan ekan. Biri o‘ta boy, bo‘g‘zigacha moy, ikkinchisi uning xizmatida sochi oqargan, ammo kosasi oqarmagan kambag‘al ekan......

G'alati it

Bir bor ekan, bir yo'q ekan. Katta bir adirda bir qancha itlar birga yashashar ekan. Bu itlarning ranglari turlicha ekan. Biri qora,bir oq, biri jigarrang ekan. Bir kuni bu yerga olachi por it kelibdi. Itlar uni uzoqdan ko'rib hayron bo'lib qolishibdi......

Boylik topgan bola

Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir cholning ikki o‘g‘li bo‘lib, ulardan biri sabrli va mehnatkash, ikkinchisi esa yalqov va ishyoqmas ekan. Katta o‘g‘il tinmay mehnat qilgani uchun ham sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, dangasa o‘g‘il xo‘ppa semiz va dardmand ekan......

Xo‘roz mingan bola (ertak)

Bo‘rivoy hovliga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Don cho‘qilayotgan xo‘rozni bir tepib, qoqolatdi-yu, ko‘chaga oshiqdi. Kechqurun hovli chetidagi tovuqxonada tepki yegan xo‘roz yig‘lamsirab, hasrat qila boshladi......

Tulkining uyi

Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, obod dasht qishlog‘ida tomorqasi kattagina ahil oila yashar ekan. Uy bekasining buyurtmasiga ko‘ra ota-o‘g‘il shu tomorqalari chetida qurgan yangi qo‘noq – tovuqkatak binoyidek chiqibdi. Mo‘jaz hovlisi sim to‘r bilan o‘ralgan. Erta-indin tovuqlar shu joyga ko‘chiriladi. Tushdan keyin bekaning o‘g‘li...

Ari bilan Kapalak

Ari bilan ipak qurti bir bog'da yashaydigan inoq do'stlar ekan. Ular kunlarni shu bog'da o'ynab o'tkazaishar ekan. Lekin oxirgi kunlarda ipak qurti ari bilan oʻynamay qo'yibdi. Ari qachon ipak qurtining oldigakelsa: - Charchaganman, uyqum kelyapti, - der ekan. Bir kuni ari ipak qurti yotgan daraxt yaprog'iga qo'nib xafa bo'lgan ohangda: Sen nega...

Ayiqning tug'ilgan kuni

Bir bor ekan, bir yo'q ekan. Katta o'rmonning o'rtasida bir uy bor ekan. O'sha uyda ota ayiq, ona ayiq va Maymoqvoy ismli kichkina ayiqcha yashar ekan. Bahorning oxirgi kunlaridan birida ona ayiqning tug'ilgan kuni nishonlanar ekan. Maymoqvoy bir necha kun onasining tug'ilgan kunida uni qanday xursand qilishni o'ylabdi......

Sichqonning gugurt qutilari

Kichik bir qishloqda xaroba bir uy bor ekan. Bu uyda ikkita sichqon yashar ekan. Ular birbirlarini juda yaxshi ko'rishar, bir-birlarini yaxshi tushunishar ekan. Sichqonlar faqat bir mavzuda kelisha olmas ekanlar: gugurt qutilari. Erkak sichqon gugurt qutisini yig'ishni yaxshi ko'rar ekan. Qachon bo'sh gugurt qutisini ko'rsa, uni olib uyga keltirar...

Izohlar 1

  1. Офлайн
    Inomjon
    Inomjon 27 января 2022 19:30
    Shunday ertsklardan kòproq tashab turinglar rahmat oldindan

Fikr qo'shish