Tulkining uyi

Tulkining uyi
Tulkining uyi


Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, obod dasht qishlog‘ida tomorqasi kattagina ahil oila yashar ekan. Uy bekasining buyurtmasiga ko‘ra ota-o‘g‘il shu tomorqalari chetida qurgan yangi qo‘noq – tovuqkatak binoyidek chiqibdi. Mo‘jaz hovlisi sim to‘r bilan o‘ralgan. Erta-indin tovuqlar shu joyga ko‘chiriladi. Tushdan keyin bekaning o‘g‘li Javlon qarasa, zanjirdagi Olg‘ir laqabli itlari yangi qo‘noqqa intilib tinmay hurayotganmish. Asta borib mo‘ralabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qo‘noqda sariq-qo‘ng‘ir yungli bir tulki ko‘zlari chaqnab, pusib o‘tirganmish. Hurpaygan dumi uzun, uchi oq.

– Bu yerda nima qilyapsan? – so‘rabdi Javlon. – Tovuq o‘margani keldingmi?

– Yo‘g‘-e, – debdi Tulki qaltirab, – qornimni to‘ydirish uchun menga dashtdagi kemiruvchilar, u-bu o‘limtiklar ham yetadi, tovuqlaring bilan ishim yo‘q. Iltimos, anavi itingni ovozini o‘chir, ovchilar mendan xabar topishsa, holimga voy. Keyin hammasini bafurja tushuntiraman.

Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan Tulkiga bolaning rahmi kelibdi, itining yoniga borib:

– Olg‘ir, jim bo‘l, – deb buyruq beribdi.

– Nima uchun axir? – deb Olg‘ir hayratdan yarmi shalpaygan quloqlarini dikkaytiribdi. – Yaramas Tulki kelib qo‘noqqa kirib ketsa-yu, ko‘ra-bila turib, men jim o‘tiraymi?

– Niyati yomonga o‘xshamaydi, hozir o‘zim u bilan yaxshilab gaplashaman, sen shovur ko‘tarmay turgin.

– Xo‘p, xo‘p, xo‘p, – deb qo‘yibdi Olg‘ir quloqlarini tushirib, noiloj, buyruqqa bo‘ysunib.

Javlon qo‘noqqa qaytib, Tulkidan nega bu yerga kelganini surishtiribdi.

– Ikkita ovchi ortimdan tinmay ta’qib qilyapti, – debdi Tulki ko‘ziga yosh olib. – Hozir shu yerga ham meni izlab kelib qolishsa, ajabmas. Ularning niyati, dashtdagi barcha yovvoyi hayvonlarni qirib bitirish. O‘tgan yili bo‘rilar yovuz kimsalardan zada bo‘lib, allaqayoqlarga qochib ketishdi. Ayni paytda o‘sha kunlar bizning ham boshimizga tushdi. Kaklik, jayra, bo‘rsiq, quyonlar ham tumtaraqay bo‘lishmoqda. O‘qqa uchganlar, tuzoqqa ilinganlar qancha. Ertalab mening izimga tushishgandi, oyog‘imdan mador ketgach, qishloqdan boshpana topishga majbur bo‘ldim.


– Tag‘in aldayotgan bo‘lmagin, ming qilsa ham “ayyor” degan noming bor, – shubhalanibdi Javlon.

– Aldamchilikka balo bormi, – yanada ma’yus tortibdi tulki. – Hayotim qil ustida turibdi-yu.

Shu payt ko‘cha tomondan do‘rillagan ovoz eshitilibdi. Javlon qarasa, yelkasiga miltiq osgan, ko‘zlari olaygan ikki nafar ovchi tomorqalarga bo‘ylab, nimanidir izlashyapti.

Buni ko‘rgan bola Tulkining aytganlariga ishonibdi, qo‘noq panasiga o‘tib jim o‘tiribdi, ammo sotib qo‘ymasmikan, degan o‘yda itidan xavotir olibdi.

Olg‘ir sotmabdi, bir og‘iz hurmabdi ham. Ovchilar ketgach, Javlon itining yoniga kelibdi.

– Rahmat senga, Tulkivoyni o‘limdan saqlab qolding, – debdi.

– Tulkining tirik qolishiga qarshi emasman, lekin meni mensimasdan qo‘riqlayotgan hovlimga kirib, aynan qo‘noqda o‘tirganiga hecham chiday olmayapman, ayt, bu yerdan ketsin, – deb g‘ingshibdi Olg‘ir.

– Biroz sabr qil, hozir hal qilamiz, – deya Javlon uy tomon ketibdi. Ovqat olib kelib Tulkiga yedirayotgan pallada Olg‘ir yana bo‘ralatib hurishni boshlabdi.

– Jim, jim, – Javlon itining oldiga yugurib boribdi. – Bu nima qilganing? Ovqatni qizg‘anyapsanmi?

– Men ovqat qizg‘anayotganim yo‘q, – debdi Olg‘ir, – qo‘noqda tulki borligiga chiday olmayapman. Uyalib ketyapman, burchimni bajarmay turolmayapman.

– Olg‘irvoy, – deb Javlon itining boshini silabdi. – Shovqin ko‘taraversang chatoq bo‘ladi. Tulkining hayotini saqlab qolishimiz kerak. Uniyam tushun-da, axir.

– Xo‘p, xo‘p, xo‘p, – Olg‘ir yana bolaning amriga bo‘ysunibdi.

Tulki bilan gaplashib turgan payt Javlonning singlisi kelib qolibdi, uyam qo‘noqdagi “alomat”ni ko‘ribdi. Avvaliga qo‘rqibdi, keyin ko‘zi ko‘nikib, tomosha qilibdi.

– Ko‘rganingni boshqalarga ayta ko‘rma, – deb tayinlabdi Javlon. – Bechora Tulkiga yomon bo‘lishi mumkin.

– Bo‘pti, aytmayman, – qizaloq ko‘ylakchasining etagini hilpiratgancha uy tomon yugurgilab ketibdi. Xonaga kiriboq: “Dada, aya, yangi tovuqkatakda tulki yo‘q”, – deb sirni “yashiribdi”.

– Qanaqa tulki? – deb so‘rashibdi uydagilar.

– Rangi sariq, juda chiroyli, – tushuntiribdi qizcha.

Hamma yangi tovuqkatak atrofiga yig‘ilibdi.

– U tovuq o‘margani kelmabdi, ovchilardan qochibdi, o‘zi aytdi, – debdi Javlon.

– Quturgan bo‘lmasin tag‘in, – dadasi xavotirga tushibdi.

Javlon Tulkining boshidan kechirganlarini, uni izlab kelgan ovchilar haqida ham gapirib beribdi. Sho‘rlikni qutqarib qolishga hammasini ko‘ndiribdi. Mayli, biznikida yashayveradi, deyishibdi uydagilar.

– Endi anavi qo‘noqda tovuq, bu qo‘noqda tulki boqarkanman-da, – debdi ayasi qoshlarini chimirib.

Hamma kulibdi, aya ham qo‘shilib kulibdi. Tulki esa:

– Sizlarga rahmat, yaxshi odamlar ekansiz, lekin ketmasam bo‘lmaydi, tug‘ishganlarimni topishim kerak, mening uyim – yovvoyi tabiat, – debdi.

Alqissa, butun oila Tulkiga oq yo‘l tilab, uyiga javob berishga qaror qilishibdi. Javlonning dadasi achinish ohangida:

– Yaxshi ish bo‘lmayapti-da, – debdi boshini chayqab.

Olg‘ir ham qayrilma dumini likillatib:

– Omon bo‘l! – deya Tulkiga yaxshi tilak tilabdi. – Senga bir narsa bo‘lsa mening ham bu yerda keragim yo‘q, tovuqlarni nimadan qo‘riqlayman, hammamiz bir-birimizga bog‘liqmiz, bizlarning borligimiz, turli sarguzashtlarimiz hayotni rang-barang qiladi, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, sen va xo‘jayinlaring tushungan narsani ovchilar ham tushunsa edi. Senga rahmat, boshim omon bo‘lsa, tag‘in kelib qolarman, do‘stim, – debdi Tulki.

– Xo‘p-xo‘p, xo‘p-xo‘p, – deb Olg‘irvoy past, ammo yo‘g‘on ovozda hurib qo‘yibdi.

– Sen xavotir olma. Tong otishi bilan Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga borib, voqeani tushuntiraman. Brakonyerlarni jazolashadi, – debdi Javlonning dadasi.

Tulki hamma bilan xayr-xo‘shlashgach, o‘ng-so‘liga alanglagancha tomorqadan chiqibdi-da, qorong‘ida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Sichqonning gugurt qutilari

Kichik bir qishloqda xaroba bir uy bor ekan. Bu uyda ikkita sichqon yashar ekan. Ular birbirlarini juda yaxshi ko'rishar, bir-birlarini yaxshi tushunishar ekan. Sichqonlar faqat bir mavzuda kelisha olmas ekanlar: gugurt qutilari. Erkak sichqon gugurt qutisini yig'ishni yaxshi ko'rar ekan. Qachon bo'sh gugurt qutisini ko'rsa, uni olib uyga keltirar...

Tanga baliqlar va itbaliq

Dize bilan Mize kumush rangli yaltiroq tangachalari bor ikkita kichkina baliqcha ekan. Ular ota-onalari bilan dengizdagi uyida yashashar ekan. Ona baliq kun bo'yi tozalik bilan mashg'ul bo'lar ekan. Kichkina uyning u tarafiga bu tarafiga suzar, dumini likillatib ishlarini qilar ekan. Kiraverishdagi o'tlarni tozalar, toshlarni o'z joyiga qo'yar...

Bahodir tabib

Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda, juda olis tomonda, baland tog‘lar etagidagi kichkina bir kulbada Bahodir ismli bola bobosi va buvisi bilan yashar ekan. Bahodir yashaydigan shaharda vabo kasali keng tarqalgan bo‘lib, otasi va onasi shu kasalga chalinib vafot etgan ekan. Buvasi uni erkalab, Bahodirtoy, deb chaqirarkan. Ammo bu baxtli...

Sabr daraxtining mevasi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Katta bir shahar bo‘lgan ekan. U yerning aholisi judayam mehnatkash ekan. Bu shaharda bir etikdo‘z yashar ekan. Uning Ko‘sa ismli o‘g‘li bor ekan. Etikdo‘z har kuni charchab ishdan qaytganda Ko‘sa bilan suhbatlashar, bolasining biyron javoblaridan yayragan etikdo‘z birpasda charchog‘ini unutib yuborarkan. Kunlar...

Kenguru va shifokor Laylak

Qadim zamonlarda kichkina kenguru yashagan ekan. U ota-onasi bilan yashar ekan. Kengurular tug'ilganda juda kichkina bo'lar ekan. Ular olti oylik bo'lguncha onasining qornidagi xaltachada yurar, ona suti bilan ovqatlanishar ekan. Kangu ham tug'ilgandan beri onasining xaltasida yashar ekan. Bu yerlarga bahor kelibdi. Hamma hayvonlar tabiat qo'ynida...

Toshqotgan ajdarho

Qadimda Boysun bilan Sho‘rchi orasidagi kichik so‘qmoq Qoradaradan o‘tardi. Savdogar, yo‘lovchi karvonlari ming azob bilan dara ichidan o‘tib, Hisor tomonlarga borishardi......

Tulkining uyi

Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan, obod dasht qishlog‘ida tomorqasi kattagina ahil oila yashar ekan. Uy bekasining buyurtmasiga ko‘ra ota-o‘g‘il shu tomorqalari chetida qurgan yangi qo‘noq – tovuqkatak binoyidek chiqibdi. Mo‘jaz hovlisi sim to‘r bilan o‘ralgan. Erta-indin tovuqlar shu joyga ko‘chiriladi. Tushdan keyin bekaning o‘g‘li...

Shokoladli kecha

Ziyoda sakkiz yoshli yoqimtoy qiz ekan. Qishki ta'til kunlarida u ko'p vaqtini xonasida o'yinchoqlar o'ynab o'tkazar ekan. O'sha kuni Ziyoda xonasida koptok o'ynayotganida onasi oshxonadagi shkafga katta qutida shokolad qo'yayotganini ko'rib qolibdi. Qizaloq shokoladni juda yaxshi ko'rar ekan. Shuning uchun butun hayoli shokolad qutisida bo'libdi....

Boylik topgan bola

Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir cholning ikki o‘g‘li bo‘lib, ulardan biri sabrli va mehnatkash, ikkinchisi esa yalqov va ishyoqmas ekan. Katta o‘g‘il tinmay mehnat qilgani uchun ham sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, dangasa o‘g‘il xo‘ppa semiz va dardmand ekan......

Ayiqning tug'ilgan kuni

Bir bor ekan, bir yo'q ekan. Katta o'rmonning o'rtasida bir uy bor ekan. O'sha uyda ota ayiq, ona ayiq va Maymoqvoy ismli kichkina ayiqcha yashar ekan. Bahorning oxirgi kunlaridan birida ona ayiqning tug'ilgan kuni nishonlanar ekan. Maymoqvoy bir necha kun onasining tug'ilgan kunida uni qanday xursand qilishni o'ylabdi......

Izohlar 1

  1. Офлайн
    Inomjon
    Inomjon 27 января 2022 19:30
    Shunday ertsklardan kòproq tashab turinglar rahmat oldindan

Fikr qo'shish