Ali ibn Abu Tolib
Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttalib (karramallohu vajhahu) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kabi Makkaning Quraysh qabilasi, hoshimiylar urug‘idan. Milodiy 600 yili Makkada tug‘ilganlar. Rasuli akramni himoyaga olgan amakilari Abu Tolibning o‘g‘illari. Onalari Fotima binti Asad. Abu Tolibning oilasi katta, sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun kichik o‘g‘illari Ali besh yoshidan Rasulullohning uylarida turdi, u Zotning tarbiyalarida bo‘lib, irfon xazinalaridan fayz oldi. Keyinchalik Payg‘ambarimizning qizlari Fotimai Zahroga uylanib, u Zotga kuyov bo‘ldilar. Sarvari koinotga payg‘ambarlik kelganida erkaklardan birinchi Abu Bakr Islomni qabul qilgan bo‘lsa, bolalardan birinchi bo‘lib o‘n yoshli Ali musulmonlikni qabul qildi. Hazrati Alining butun hayotlari Rasululloh alayhissalom bilan yonma-yon kechdi. Hijrat asnosida Payg‘ambarimiz himoyalari uchun hayotini xavf ostiga qo‘yib, u Zotga Quboda yetib oldilar. Islom dushmanlari bilan bo‘lgan janglarning barchasida buyuk qahramonliklar ko‘rsatdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida jasadlarini o‘zlari yuvdilar. Hazrati Ali biror marta butga sig‘inmaganlari va johiliyat iflosliklaridan uzoqda bo‘lganlari uchun «karramallohu vajhahu» (Alloh yuzini mukarram qilsin) deb sifatlanganlar. Bu kishi katta olim, Qur’oni karim bilimdoni, fozil, saxiy, yuksak taqvo sohibi, Islomning mashhur notig‘i va voizi edilar. Rasuli akramdan 586 ta hadis rivoyat qilganlar. Asharai mubashsharadan va Xulafoi roshidinning to‘rtinchisi edilar. Besh yil xalifalik qildilar. Umrlari oxirida Kufada yashab, hijriy 40 (milodiy 661) yili o‘n yettinchi ramazon kuni xavorijlar yuborgan Abdurahmon ibn Muljam degan shaxs tomonidan halok etilib, shahid bo‘ldilar.
Payg‘ambar alayhissalom Alini juda yaxshi ko‘rganlar, izzat-ehtirom ko‘rsatib, hurmatlaganlar. Bunga u Zotdan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar guvohlik beradi: Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Men kimning mavlosi (homiysi) bo‘lsam, Ali ham uning mavlosidir», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati); Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alini munofiq yaxshi ko‘rmaydi. Uni mo‘min yomon ko‘rmaydi», der edilar» (Imom Termiziy rivoyati); Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh meni to‘rt kishini sevishimga buyurdi va U Zotning O‘zi ularga muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, bizga ularning ismlarini aytib bering», deyishdi. «Ali ulardan biridir», deb uch marta aytdilar. Keyin «Abu Zarr, Miqdod ibn Asvad va Salmon», dedilar. «U Zot ularga muhabbat qilishni menga buyurdi va O‘zi ham ularga, albatta, muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati); Habashiy ibn Junada roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ali mendandir. Men Alidandirman. Men ado etishim lozim bo‘lgan narsalarni faqat o‘zim yoki Aligina ado etadi», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati); Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa so‘rasam, berar edilar. Agar sukut qilsam, o‘zlari berar edilar» (Imom Termiziy rivoyati); Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilarida bir parranda (go‘shti) bor edi. Shunda u Zot: «Ey Allohim, huzurimga xalqingning ichidan O‘zingga eng sevimlisini keltirgin, men bilan ushbu parrandadan yesin», dedilar. Ali kelib, u Zot bilan yedi»; Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men hikmat hovlisiman, Ali uning eshigidir», dedilar» (Imom Termiziy, Tabaroniy va Hokim rivoyat qilishgan. Xuddi shu rivoyatning Imom ibn Abdul Barr keltirgan lafzida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Men ilmning hovlisiman, Ali uning eshigidir. Kim ilmni istasa, uning eshigidan kelsin», deganlar).
Bu ham faqat hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘zlariga xos fazilat bo‘lib, bunda u kishiga boshqalar sherik bo‘la olmagan. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu musulmon ummati ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi eng ilmli kishi edilar. Yechilishi qiyin bo‘lgan masalalarni o‘sha kishi yechar edilar. Bu o‘ta mashhur bo‘lganidan, keng tarqalgan masalga aylanib ketgan. Arablarda hozirgacha biror masala yechilmay qolsa, «Bu bir masalaki, uni yechgani Abul Hasan yo‘q», degan gap aytiladi. Abul Hasan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning kunyalaridir. Albatta, bu maqomlar hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning musulmon ummati tarixida va butun insoniyat tarixida eng sharafli va komil insonlardan ekanlarini ko‘rsatadi.
Ibn Sa’d, Tabariy va boshqa ulamolar hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning ko‘rinishlari haqida quyidagilarni rivoyat qilishgan: «U kishi o‘ta bug‘doyrang edi. Ko‘zlari katta va og‘ir edi. Qorni chiqqan edi. Soqoli katta va qalin edi. Ko‘kragidagi junlari ko‘p edi. Bo‘yi pastga yaqinroq edi. Bilagining paylari yo‘g‘on, boldirining paylari ham yo‘g‘on edi. Yuzi eng chiroyli odamlardan edi. Oq tushgan soch va soqolini o‘zgartirmas edi. Sertabassum edi».
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karimning birinchi oyatlarini nozil qilib, u Zotni Payg‘ambar qilib tanlab olganda Ali o‘n yoshli bola edi. Insoniyat tarixida eng ulkan o‘zgarish yasagan bu hodisadan birinchilardan bo‘lib xabar topgan ham Ali ibn Abu Tolib bo‘ldi.
O‘sha kundan boshlab, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu insoniyatni zulmatlardan nurga chiqarish uchun Alloh taoloning amri bilan yolg‘iz o‘zlari kurash boshlagan, yonlariga turmush yo‘ldoshlari Xadija onamizni qo‘shgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bu ezgu ishlariga uchinchi kishi bo‘lib qo‘shildilar. Ali o‘sha kundan boshlab Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan yuborilayotgan oyati karimalarni birinchilardan bo‘lib eshitadigan, o‘qib-uqadigan va amal qiladigan kishiga aylandilar. U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ajramas, u kishining barcha ishlarida birga bo‘lar edilar. Ular Islomga oid barcha narsalarni hech kimga bildirmay, sir saqlar edilar. Namozni ham berkinib o‘qishar edi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hijratlari asnosida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu katta shijoat va jasorat ko‘rsatgan edilar. Bu haqda imom Ahmad ibn Hanbal Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Quraysh bir kecha Makkada mashvarat qildi. Kimdir ertalab: «Muhammadni ushlab, bog‘lab qo‘yinglar», dedi. Boshqalari esa: «Yo‘q, uni o‘ldirish kerak», deyishdi. Ba’zilari: «Makkadan chiqarib yuboringlar», dedi. (Oxiri ular har qabiladan bittadan kuchli va chapdast yigitni tanlab olib, bir guruh tuzish va o‘sha guruh kechasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yotgan joylariga bostirib kirib, baravar birdaniga qilich solishga kelishdilar. Shunday qilinganda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qonlari barcha qabilalarga teng tarqab, u kishining qarindoshlari hech kimdan o‘ch ola bilmasliklari ko‘zda tutilgan edi.)
Alloh taolo buni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bildirdi. Hazrati Ali Rasulullohning to‘shaklariga kirib yotdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa Makkadan chiqib, g‘orgacha yetib oldilar. Mushriklar Ali roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deb o‘ylab, kechasi bilan poylab chiqdilar. Ertalab yopirilib kirib, Alini ko‘rganlarida Alloh ularning makrlarini fosh etdi. Ular: «Og‘ayning qani?» deb so‘radilar. Ali : «Bilmayman», dedi. Ular Rasulullohni izlaridan axtarib ketishdi. Toqqa yetganlarida adashtirib qo‘yishdi. Tog‘ning tepasiga chiqib, u Zot Abu Bakr bilan yashirinib o‘irgan g‘or yonidan o‘tishdi. G‘orning og‘zidagi o‘rgimchak uyasini ko‘rib: «Agar u bu yerga kirganida, o‘rgimchak uyasi bo‘lmas edi», deb o‘tib ketishdi. Rasululloh o‘sha joyda uch kun qoldilar».
Madinada Islom jamiyatining shakllanishi va rivojlanib borishidagi barcha ishlarda hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu faol qatnashdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Madinai Munavvaraga hijratlarining ikkinchi yili, aniqrog‘i, hijratdan o‘n to‘qqiz oy o‘tib, Ramazon oyida katta Badr urushi bo‘ldi. Nafaqat Islom tarixida, balki butun insoniyat tarixida Badr urushining ahamiyati nihoyatda kattadir. Bu urush bo‘lib o‘tgan kunni Alloh taolo «Furqon kuni», ya’ni haq bilan botil farqlanib, ajrim bo‘lgan kun, deb nomlagan. O‘sha kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayroq tikishga amr etdilar. Bayroqlar uchta edi. Birini Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu ko‘tarib yurdi. Qolgan ikkitasining rangi qora bo‘lib, ularni Ali ibn Abu Tolib va Sa’d ibn Muozlar ko‘tarishdi. Insoniyat tarixidagi eng hal qiluvchi urushda iymon lashkarining bayroqdori (yalovbardori) bo‘lish hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga nasib etdi. Bu ham u kishining mislsiz fazllaridan biri edi.
Rasuli akramning qizlari Madinaga ko‘chib kelishgach, hazrati Fotimaning qo‘lini so‘rab, bir necha ulug‘ sahobalar sovchi qo‘yishdi. Ammo Rasululloh ularni qaytaraverdilar. U Zot suyukli qizlarini hazrati Aliga zavjalikka munosib ko‘rganlarini sezgan sahobalar Aliga bu haqda maslahat berishdi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu ularning gaplaridan shijoatlanib, Fotimai Zahroning qo‘llarini so‘rash uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq joyda turdilar va u Zot eshitadigan qilib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim. O‘zimning biror narsam ham yo‘q edi. Ammo yaqinlik va mehrlaridan umidvor bo‘lib so‘radim», dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gapni darhol mulohaza qildilar va u kishiga og‘ir botmaydigan qilib: «Biror narsang bormi (mahrga)?» dedilar. «Yo‘q, ey Allohning Rasuli», deb javob berdilar Ali . «Hutamiyya sovuting qani?» dedilar. «O‘zimda, ey Allohning Rasuli», dedilar. «Bo‘lmasa, o‘shani ber», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
Ali ibn Abu Tolib tezda borib, sovutni olib keldilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni sotib, kelinga sep qilishni buyurdilar. Sovutni Usmon ibn Affon roziyallohu anhu to‘rt yuz yetmish dirhamga sotib oldi. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bu pulni keltirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qo‘ydilar. U Zot muborak qo‘llari bilan ularni oldilar va bir qismini Bilol roziyallohu anhuga berib, atir va xushbo‘y narsa sotib olib kelish uchun topshirdilar. Qolganini Ummu Salama roziyallohu anhoga berib, kelinga kerakli narsalarni sotib olishni tayinladilar. So‘ngra Muhammad sollallohu alayhi vasallam sahobalarini chaqirib, qizlari Fotimani Ali ibn Abu Tolibga to‘rt yuz misqol kumush mahr bilan, qoim sunnat va vojib farizat sharti ila nikohlab berayotganlariga ularni guvoh qildilar. U Zot nikoh xutbasini kelin-kuyovning haqlariga duo qilish, ularga baxt-saodat va solih zurriyot tilash bilan tamomladilar.
Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu o‘ta kambag‘al va dunyo ishlariga zohid bo‘lganlaridan ularning hayotlari yo‘qchilik, iqtisodiy tanglik bilan o‘tar edi. Bu haqiqat mo‘’tabar hadis, siyrat va tarix kitoblarimizda kelgan ko‘plab rivoyatlarda aksini topgan.
Hijratning uchinchi yili shavvol oyida Uhud jangi bo‘ldi. Unda Alloh taoloning lashkarlari o‘z dinlari va vatanlarini himoya qilib, tog‘utning lashkarlari ustiga sherdek tashlandilar. Allohning lashkarlari orasida «Sheri Xudo» laqabini olgan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu fidokorliklari bilan alohida ajralib turar edilar. Hazrati Alining bahodirligi, shijoati va dushmanga bo‘lgan nafrati ibratga loyiq edi. U kishi keskir qilichlarini havoda o‘ynatib, «Allohu akbar!» deb, mushriklarning boshiga tinmay ajal urug‘ini sochar edilar. Jang davomida misli ko‘rilmagan qahramonlik va fidokorlik ko‘rsatib urushayotgan musulmonlarning bayroqdori Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu shahid bo‘ldilar. Islom bayrog‘i u kishining qo‘lidan tushib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuni chaqirib, bayroqni u kishiga topshirdilar. Hazrati Ali esa bir qo‘llari bilan Islom bayrog‘ini, ikkinchi qo‘llari bilan mashhur zulfiqor qilichlarini tutib, mushriklarga qiron keltirishni davom ettirdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu ikki shuhrat egasini taqdirlab: «Zulfiqordek qilich yo‘q, Alidek yigit yo‘q», deganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuni bir necha jangchi guruhlar, ya’ni sariyyalarga boshliq qilib, alohida topshiriqlar bilan ham yuborganlar. Bu sariyyalarning eng kattasi Yamanga yuborilgan sariyya edi. Ularning hammasida hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o‘zlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan yuklangan vazifalarni sharaf bilan ado etganlar. Ummu Atiyya roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda u kishi aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir lashkar yubordilar. Ularning ichida Ali ham bor edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini ko‘tarib turib: «Ey Allohim, menga Alini ko‘rsatmay turib meni vafot ettirmagin», deganlarini eshitdim» (Imom Termiziy rivoyati).
Hijratning beshinchi yili bo‘lgan Handaq (Ahzob) urushida ham hazrati Ali bemisl jasorat ko‘rsatdilar. Qurayshliklardan Amr ibn Abdi Vurd al-Omiriy musulmonlarni yakkama-yakka olishuvga chaqirdi. Hazrati Ali ikki marta u bilan olishuvga chiqmoqchi bo‘ldilar, ammo ikki safar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini qaytardilar. Amr musulmonlarni ayblay boshlaganidan keyin hazrati Ali unga qarshi chiqdilar. Ikkalalari to‘qnashgan paytda hazrati Ali Amrga: «Ey Amr, qurayshlik biror kishi seni ikki narsaga chaqirsa, yaxshisini olishga Allohga ahd qilgan eding-ku?!» dedi. «To‘g‘ri», dedi Amr. «Men seni Allohga, Uning Rasuliga va Islomga chaqiraman», dedi Ali . «Menga ularning keragi yo‘q», dedi Amr. «Men seni olishuvga chaqiraman», dedi Ali . «Nima uchun, ey jiyan? Allohga qasamki, men seni o‘ldirishni xohlamayman», dedi u. «Men seni o‘ldirishni istayman», dedi Ali . Shunda Amr qizishib ketdi va egardan tushib, otini so‘yib yubordi. Ali bilan jangga hozirlandi. U Aliga tomon yurdi. Olishuv boshlandi. Amr qilich solgan edi, Ali qalqoni bilan to‘sdi. Ammo qilich qalqonni yorib o‘tib, Alining boshini yaraladi. Ali o‘z navbatida muzaffar qilichi bilan kuchli zarba berib, Amrni qatl etdi. Musulmonlar takbir aytishdi. Qolgan mushriklar orqalariga qaramay qochishdi.
Haybar urushi va unda hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning ko‘rsatgan mislsiz qahramonliklari haqida hadislarda, urush, siyrat va tarix kitoblarida juda ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Ulardan ba’zilarini keltiramiz: Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Haybarda Ali Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ortda qolgan edi. Uning ko‘zi og‘rib qolgan edi. U «Men ortda qolar ekanmanmi?!» dedi-da, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib oldi. Alloh fath qilgan tongning kechasidan oldingi oqshom chog‘ida Rasulullohu sollallohu alayhi vasallam: «Ertaga bayroqni Alloh va Uning Rasuli yaxshi ko‘radigan kishiga beraman yoki Allohni va Uning Rasulini yaxshi ko‘radigan kishi oladi. Alloh unga, albatta, fath beradi», dedilar. Qarasak, Ali turibdi. Shuni umid qilgan edik. «Mana, Ali », deyishdi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bayroqni unga berdilar. Alloh unga fath berdi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Haybar kuni Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga: «Allohga qasamki, Alloh sening sababingdan bir kishini hidoyatga solmog‘i, sen uchun eng afzal ne’matlardan ko‘ra yaxshiroqdir», degan so‘zlari musulmonlarning fath ishlaridagi shiori bo‘lib qolgan edi. Hazrati Alining Handaq va Tabuk g‘azotlaridagi jasoratlari, fidoyiliklari ham tillarda doston bo‘lgan.
Zulhijja oyidan besh kun qolganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hajdan qaytib keldilar. Yangi, o‘n birinchi hijriy yilning birinchi oyi muharram ham o‘tdi. Safar oyining oxiriga kelib, dushanba kuni u kishining xastaliklari boshlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bemorliklariga qarashda erkaklardan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bosh-qosh bo‘lib turdilar. U Zotning vafotlari, dafnlari va bunga tegishli barcha ishlarda hazrati Ali karramallohu vajhahu barcha ishlarni boshqardilar. Imom Ibn Moja, Ibn Sa’d va Tabaroniy qilgan rivoyatning imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan keltirgan matnida quyidagilar aytiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘irlashib qolganlarida huzurlarida Oisha va Hafsa bor edi. Birdan Ali roziyallohu anhu kirib keldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rishlari bilan boshlarini ko‘tardilar va: «Menga yaqinroq kel! Menga yaqinroq kel!» dedilar. U kelib, u Zotni o‘z ko‘ksiga suyadi. So‘ngra vafot etgunlaricha u Zotning oldilarida bo‘ldi. Vafot etganlarida esa u Zotni yuvish, janozalarini o‘tkazishga bosh bo‘ldi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammaddan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘riga qo‘yilganda Ali : «U Zotga (janozasiga) birov imom bo‘lmaydi. U Zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomingizdir», dedi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib turib, janoza o‘qir edilar. Ularning imomi yo‘q edi. Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilarida turib olib: «Assalomu alayka, ayyuhannabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohim! Biz guvohlik beramiz. U Zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani yetkazdilar. Ummatga nasihat qildilar. Allohning yo‘lida to Alloh dinini aziz qilguncha va kalimasini oliy qilguncha urush qildilar. Ey Allohim! Bizni u Zotga nozil bo‘lgan narsaga ergashadiganlardan qilgin. U Zotdan keyin bizni sabotli qilgin. U Zot bilan bizni jam qilgin», der edi. Odamlar «Omin!» deyishar edi. Shunday qilib, u Zotga er kishilar, so‘ngra ayollar, keyin bolalar janoza o‘qidilar». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Ali ibn Abu Tolib, Fazl ibn Abbos va Usoma ibn Zayd roziyallohu anhum qabrga qo‘yganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin musulmonlar ommasi Abu Bakr Siddiqni xalifa qilib saylaganlarida hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ham u kishiga bay’at qildilar. U kishi bu ma’nodagi ba’zi tushunmovchiliklar va xilofga sabab bo‘ladigan holatlarga ham qattiq qarshi turdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan meros haqidagi birinchi xalifa bilan Fotima onamiz oralarida bo‘lib o‘tgan tushunmovchilikda ikki tarafni yarashtirishga ham aynan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu harakat qildilar.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu birinchi xalifa davrida ikkinchi vazir bo‘lgan bo‘lsalar, ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrlarida xalifaga yana ham yaqinroq bo‘ldilar. Hech bir sho‘ro majlisi u kishisiz o‘tmas, xalifa ham hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning fikrlarini olmay turib, biror katta ishga qaror qilmas edi. Hazrati Umarning davrlarida hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Islom jamiyatining bosh qozisi ham edilar. Ibn Sa’d Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob: «Ali ichimizda eng yaxshi qozidir», dedi». Ibn Sa’d Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob Ali yo‘q bo‘lgan paytdagi qiyin masalada Allohning panohini so‘rar edi».
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlarida hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning Islom jamiyatidagi tutgan o‘rinlari yana ham yuqoriga ko‘tarildi. Avvalo, Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning o‘zlari xuddi hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kabi xalifalikka muqobil nomzod bo‘lsalar-da, o‘z nomzodlarini qaytarib olmagan bo‘lsalar ham, Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nomzodlarini oldinga surganlarida u kishidan keyin birinchi bo‘lib bay’at qildilar. Keyin esa u kishining yonlarida turib, ixlos bilan xizmat qildilar. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu deyarli har bir ishda hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhusiz qaror qabul qilmas edilar.
Imom Tabariy Muhammad ibn Hanafiyadan rivoyat qiladilar: «Usmon roziyallohu anhu qatl qilinganida otam bilan birga uyda edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari kelib hazrati Ali roziyallohu anhuga: «Anavi kishi qatl qilindi, endi odamlarga imom lozim. Bugungi kunda bu ishga sendan ko‘ra haqli odam yo‘q. Sendan avval Islomga kirgan ham yo‘q. Sendan ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin ham yo‘q», deyishdi. «Bunday qilmanglar, menga vazir bo‘lganim amir bo‘lganimdan yaxshidir», dedi. «Allohga qasamki, senga bay’at qilmay qo‘ymaymiz», deyishdi. «Unday bo‘lsa, faqat masjidda, menga bay’at maxfiy bo‘lmasligi kerak. Menga bay’at faqat musulmonlarning roziligi bilan bo‘lishi kerak», dedi. U kishi masjidga kirganida muhojirlar bay’at qilishdi. So‘ngra boshqalar bay’at qilishdi».
So‘ngra hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu minbarga chiqib, xalifa sifatida o‘zlarining birinchi xutbalarini qildilar. Alloh taologa hamdu sano aytganlaridan keyin quyidagilarni aytdilar: «Albatta, Alloh azza va jalla hidoyat qiluvchi Kitob nozil qilgandir. Unda yaxshilik va yomonlik bayon qilingandir. Bas, yaxshilikni olingiz, yomonlikni qo‘yingiz! Allohning farzlarini ado qilsangiz, U Zot sizga jannatni beradi. Albatta, Alloh haromlarni harom qilgandir. Ular majhul emasdir. U Zot musulmonning hurmatini hamma hurmatlardan afzal qildi. Musulmonlarni ixlos va birlikka qattiq amr qildi. Odamlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishi chin musulmondir, faqat haq bilan bo‘lsa, mustasno. Musulmonga ozor berish joiz emas, faqat vojib bo‘lgan narsa bilan bo‘lishi bor».
Islom olamining rahbari bo‘lishiga qaramay xalifa Ali kamtarligini, hoksorligini, oziga ko‘nib, oddiy kiyinishini va zuhdu taqvosini unutmadi. Abu Nu’aym Amr ibn Qaysdan rivoyat qiladi: «Aliga: «Ey mo‘minlarning amiri, nima uchun ko‘ylagingizni yamab yurasiz?» deyildi. «Qalbning xushu’si uchun va mo‘minning iqtido qilishi uchun», dedi»; Abu Nu’aym Zayd ibn Vahddan rivoyat qiladi: «Alining huzuriga Basra ahlining hay’ati keldi. Ularning ichida xavorij ahlidan Ja’d ibn Na’ja degan ham bor edi. U Alini kiyimida aybladi. Shunda Ali: «Kiyimimga nima bo‘libdi? Kibrdan uzoqroq, musulmonning iqtido qilishiga loyiqroq», dedi»; A’mash roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali roziyallohu anhu tushlikka ham, kechqurunga ham Madinadan keltirgan narsasini yer edi»; Abu Nu’aym Abdulloh ibn Sharikdan, u bobosidan rivoyat qiladilar: «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga folunj keltirildi va oldiga qo‘yildi. Shunda u: «Albatta, sening hiding yoqimli, ranging go‘zal, ta’ming yoqimli, lekin men nafsimni o‘rganmagan narsasiga o‘rgatishni xohlamayman», dedi».
Imom Buxoriy «Adabul-mufrad»da kiyimfurush Solihdan, u momosidan rivoyat qiladilar: «Ali roziyallohu anhuning bir dirhamga xurmo olib, dastro‘moliga solib, ko‘tarib ketayotganini ko‘rdim. Bir odam: «Ey mo‘minlarning amiri, sizning o‘rningizga men ko‘taray», dedi. «Yo‘q. Oila boshlig‘i o‘zi ko‘tarishi yaxshidir», dedi u»; Ibn Asokir Zazaondan rivoyat qiladi: «Ali roziyallohu anhu voliylik vaqtida bozorlarda yolg‘iz o‘zi yurar edi. Adashganga yo‘l ko‘rsatar, yo‘qolgan narsani e’lon qilar va zaifga ko‘mak berar edi. Savdogar va baqqollarning oldidan o‘tganda, «O‘sha oxirat diyorini Biz yer yuzida takabburlik va buzg‘unchilikni istamaydiganlar uchun qilurmiz» oyatini tilovat qilar va: «Ushbu oyat odamlarga voliy va ahli qudrat bo‘lganlardan adolatli va tavozu’lilari haqida nozil bo‘lgan», der edi».
Hazrati Ali sahobalarning eng ulug‘ olimlaridan edilar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida u Zotga nozil bo‘lgan oyati karimalarni yozib borgan oz sonli kotiblaridan bo‘lish bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’oni Karimni to‘liq yod olgan va yod olganlarini u Zotga o‘qib berib, o‘tkazib olgan qorilardan biri ham edilar. Keyinchaliy u kishi Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qanday qabul qilib olgan bo‘lsalar, boshqalarga ham xuddi o‘shanday qilib o‘tkazdilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahudan Qur’oni Karimni to‘liq yod olib, o‘tkazgan ulug‘ zotlar ichida Abul Asvad ad-Dualiy, Abu Abdurrahmon as-Silmiy, Abdurrahmon ibn Abu Laylo va boshqalar bor edilar. Qur’oni Karimning mashhur yetti qiroatidan biri bo‘lgan «Hamza qiroati» hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan ham rivoyat qilinishi bejiz emas.
Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ham katta ilmiy xizmat qilganlar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan besh yuz sakson oltita hadisi sharifni rivoyat qilganlar. Bu hadisi shariflarni hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘g‘illari, katta sahobiylar va tobe’inlar rivoyat qilishgan. U kishidan rivoyat qilingan xutbalar, maktublar va turli munosabatlarga oid fikrlar u kishining haqiqiy ulkan olim ekanlarining yorqin dalilidir. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan va Sayyid Murtazo tomonidan jamlangan «Nahjul balog‘a» kitobi hammaning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Bu kitob qadimdan katta e’tibor bilan o‘rganib kelingan va unga ko‘plab sharhlar yozilgan.
Hazrati Alining xalifalik davri ulkan fitnalar zamoniga to‘g‘ri keldi. U kishi rahbar bo‘lganlarida Jamal va Siffiyn voqealari yuz berdi. Hazrati Ali turli toifachi va fitnachi guruhlarga qattiq qarshi turdilar, Islom birodarligini asrab qolish, fitnalarga barham berishda mislsiz matonat va jonbozlik ko‘rsatdilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu fitnachi xavorijlar bilan turli yo‘llarni ishga solib, gaplashib ko‘rdilar, nasihat qildilar, ammo foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, ularni yo‘lga solishdan umidlarini uzganlaridan so‘ng: «Agar bizga qarshi xuruj qilmasangiz, sizlarni masjidlarimizdan man qilmaymiz. Modomiki, qo‘llaringiz biz bilan ekan, sizlarni o‘ljadan mahrum qilmaymiz. Bizga qarshi urush qilmaguningizcha, biz sizga qarshi urush qilmaymiz», dedilar. Bu hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning nihoyatda bag‘rikeng inson ekanlariga yana bir dalildir. U kishi o‘zlarini kofir deb turgan qavmga ana shunday iltifotlarni ko‘rsatayotgan edilar.
Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu o‘z odamlariga urushni zinhor avval boshlamaslikni qattiq tayinlab qo‘ygan edilar. Xavorijlar birinchi bo‘lib urush boshladilar. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning odamlaridan yetti kishi shahid bo‘ldilar, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xavorijlarning chiqishi haqida o‘z hadisi shariflaridan birida oldindan xabar aytib qo‘ygan edilar. Bu hadisi sharifni hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan imom Muslim va imom Abu Dovudlar rivoyat qiladilar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Muhammad alayhissalom dorilfununlarining peshqadam tolibi o‘zlarining sof iymonlari bilan nomardlar, xoinlar va hiylakorlarga ro‘baro‘ bo‘lib qolgan edilar. Ammo u kishi nima bo‘lganda ham, iymonni salomat saqlashni barcha narsadan ustun qo‘ygan edilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu doimo haq yo‘lni axtarar va Alloh taoloning roziligini topadigan ishni qilishga harakat qilar edilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu qayoqqa burilsalar, haq ham o‘sha yoqqa burilishini esa Muhammad sollallohu alayhi vasallam duo qilib, Alloh taolodan so‘ragan edilar.
O‘sha kuni hazrati Alini o‘ldirishga qasd qilgan xavorijlardan Abdurrahmon ibn Muljam ikkita odami bilan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni namozga chiqadigan joylarida kutib turdi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu odatdagidek, odamlarni bomdod namoziga uyg‘otib, o‘zlari kelaverdilar. Abdurrahmon ibn Muljam poylab turib, u kishining qoq peshonalariga qilich bilan urdi. Qon otilib, hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning soqollarini bo‘yadi. Odamlar qattiq yaralangan hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni uylariga ko‘tarib olib ketishdi. U kishi yo‘lda zo‘rg‘a ko‘zlarini ochib, o‘zlarini ko‘tarib ketayotganlarga: «Namozdan kech qolmanglar», dedilar.
Odamlar namozni o‘qib bo‘lib, hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan xabar olish uchun yugurdilar. Shu payt qotilni ham ushlab olib kelishdi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu ko‘zlarini arang ochib, qotil Abdurrahmon ibn Muljamni tanidilar va: «Senmiding? Senga doim yaxshilik qilgan edim-ku!» dedilar. So‘ngra o‘g‘illariga, o‘z odamlariga nazar soldilar. Ularning barchasi qotilni parchalab tashlashga shaylanib turar edilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu ularga qarab: «Buni yaxshi joyga qo‘yinglar. Yaxshilab qaranglar. Agar yashab ketsam, uni nima qilishni o‘zim bilaman. Qasos olamanmi, afv qilamanmi, bu − mening ishim. Agar o‘ladigan bo‘lsam, uni mening ortimdan jo‘natinglar. U bilan Robbil olamiynning huzurida xusumatlashaman. Men uchun bundan boshqani o‘ldirmanglar. Albatta, Alloh haddan oshganlarni xush ko‘rmas», dedilar.
Amirul mo‘minin hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga juma kuni bomdoddan oldin suiqasd qilingan bo‘lsa, u kishi shanba kuni mag‘rib vaqtida jon taslim qildilar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu bu dunyoni tark etganlarida oltmish uch yoshda edilar. U kishining xalifaliklari uch oyi kam besh yil davom etdi. Ibn Sa’dning ta’kidlashlaricha, hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni o‘g‘illari Imom Hasan va Husayn hamda Abdulloh ibn Ja’far yuvganlar. Janozalarini Imom Hasan o‘qiganlar.
Mashhur tarixchilarimizdan Ibn Kasir rahmatullohi alayhining ta’kidlashlaricha, hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kufadagi Dorul Xilofaga dafn qilinganlar. U kishining yaqin kishilari janoza marosimlarini va dafnlarini xavorijlardan maxfiy tutish uchun yashirin holatda o‘tkazganlar. Shuning uchun hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning janozalari va dafnlari haqida aniq va to‘liq ma’lumotlar kam. Aksincha, turli ishonchsiz ma’lumotlar bisyor.