Sa’d ibn Mu’oz
Qahramonimiz Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning to‘liq ismi Sa’d ibn Mu’oz ibn Nu’mon ibn Imru’lqays ibn al-Ash’al al-Avsiydir. Bu sersavlat, ulug‘vor, novcha, qizil yuzli inson yoshlik chog‘idayoq o‘z qabilasiga boshliq bo‘lgan edi. Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu Islomga kirganida o‘ttiz bir yoshda edi. Uning musulmon bo‘lishi qissasi ham ajoyib. Birinchi yasriblik musulmonlar talabiga binoan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Islomni o‘rgatish uchun Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni qo‘shib yuborgan edilar. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu va yasriblik musulmonlar aholini Islomga da’vat qilishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalom tavsiyalari bo‘yicha ish olib borar edi. U odamlarga Qur’on o‘qitish, Islom ta’limi berish va din ahkomlarini o‘rgatishni ajoyib uslub bilan yo‘lga qo‘yar edi.
Gohida ba’zilar uning oldiga o‘ldirmoqchi bo‘lib, qurol ko‘tarib kirishar edi. Ammo Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning shirin muomalasi, qiroati va Islom haqidagi so‘zlaridan keyin ko‘ngli erib, musulmon bo‘lar, u kishi nima topshiriq bersa, o‘shani so‘zsiz bajaradigan bo‘lib chiqar edi. Yasrib bo‘ylab Islom misli ko‘rilmagan tezlikda tarqalib borar edi. U yerdagi bosh qabilalar–Avs va Xazrajning ko‘plab odamlari, jumladan, Sa’d ibn Mu’oz va Usayd ibn Huzayr kabi qavmning ulug‘lari ham Islomga kirishdi. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning Islomga kelishlari Yasribda musulmonchilikning keng tarqalishiga sabab bo‘ldi. U kishi musulmon bo‘lgan kundan boshlab, bu shaharda musulmonlarning joniga oro kirdi. Kelasi haj mavsumiga borgan musulmonlar ichida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu ham bor edi. Madinalik musulmonlar «Aqaba»da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan kechasi yashirin uchrashadigan bo‘lishdi. To‘planib bo‘lib qarashsa, yetmish uch erkak va ikki ayol–Nasiba binti Ka’b va Asma binti Amr ibn Adiylar kelgan ekan. Hammalari to‘planib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuta boshlashdi. Bir vaqt u Zot kelayotganlari aniq bo‘ldi. Yonlarida bir kishi ham bor edi.
Yaqin kelganida u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ekani ma’lum bo‘ldi. Orada muloqot bo‘ldi. Musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ulardan nimani talab qilsalar, o‘shanga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ular ichidan o‘n ikkita naqib saylashni so‘radilar. Ular o‘n ikki kishini tanlashdi. U Zot naqiblarga: «Sizlar o‘z qavmingizga xuddi Iyso ibn Maryamning havoriylari kafil bo‘lgandek kafilsizlar. Men o‘z qavmimga kafilman», dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on tilovat qildilar, Allohga da’vat, Islomga targ‘ib qildilar va: «Ayollaringiz va bolalaringizni nimadan himoya qiladigan bo‘lsangiz, meni ham o‘shandan himoya qilishingiz sharti ila sizlarning bay’atingizni qabul qilaman», dedilar. Baro ibn Ma’rur Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarini olib, birinchi bo‘lib bay’at qildi. Keyin hamma birma-bir bay’at qilib chiqdi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Endi kelgan joylaringga boraveringlar», dedilar. Ana shu tarzda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu Islom tarixidagi eng mashhur uchrashuvlardan birining qatnashchisi degan sharafga muyassar bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlarida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu va qabiladoshlarining eshiklari muhojirlarga keng ochilgan edi. Ular mol-mulklarini ham muhojirlarga minnatsiz tutishdi. Vaqti-soati yetib, insoniyat tarixi g‘ildiragini boshqa tomonga burib yuboruvchi va hal qiluvchi Badr jangi kuni ham keldi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan, son jihatidan bir necha marta ko‘p dushman bilan to‘qnashuv ayon bo‘lib qoldi. Jangga tayyorlanish jarayonida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga maslahat soldilar. Bir necha kishi o‘z fikrini aytdi.
So‘ngra Miqdod ibn Amr turib: «Ey Allohning Rasuli! Allohning amriga yuravering, biz siz bilanmiz. Biz Bani Isroilga o‘xshab: «Sen va Robbing ular bilan urushaveringlar, biz esa bu yerda o‘tirib turamiz», demaymiz. Siz va Robbingiz ularga qarshi urush qilinglar, biz ham sizlar bilan birga jang qilamiz. Sizni haq ila yuborgan Allohga qasamki, bizni Barkul G‘imodga (Yamanning chekkasidagi bir joy) boshlasangiz ham, ketaveramiz», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand bo‘lib, uning haqiga yaxshi duolar qildilar. Shu bilan birga, Rasululloh ansoriylar fikrini ham eshitishni xohladilar. Payg‘ambar alayhissalom ular faqat shahar ichidagina menga yordam berishsa kerak, deb o‘ylar edilar. Chunki ular hijratdan oldingi ikkinchi «Aqaba» bay’atida Rasulullohni o‘zlari va bolalarini himoya qilgandek himoya etishga va’da berishgan edi. Shuning uchun ham Rasululloh: «Ey odamlar, menga maslahat beringlar!» deya yana bir bor nido qildilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu turib: «Ey Allohning Rasuli! Siz bizni nazarda tutyapsiz, shekilli?» deb so‘radi. Payg‘ambarimiz: «Shunday», deb javob qildilar. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «O‘zingizga vahiy qilingan ishdan boshqasiga duch kelib qolganga o‘xshaysiz. Biz sizga iymon keltirganmiz, sizni tasdiq etganmiz. Siz keltirgan narsani haq deb shahodat berganmiz. Sizga quloq osib, itoat qilishga ahdu paymon berganmiz. Ey Allohning Payg‘ambari, nimani xohlasangiz, shuni qilavering.
Sizni haq ila yuborgan Allohga qasamki, agar bir dengizni ko‘rsatib, unga sho‘ng‘isangiz, biz ham orqangizdan bitta qolmay sho‘ng‘iymiz. Kimni xohlasangiz, yoningizga oling, xohlamaganingizdan uzoq bo‘ling. Mol-mulkimizdan ham istaganingizcha olavering. Siz olgan molimiz o‘zimizda qolganidan ko‘ra suyukliroqdir. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yo‘ldan hech yurganim yo‘q, nima bo‘lishini ham bilmayman. Ammo ertaga dushmanga yo‘liqishdan qo‘rqmaymiz. Urush vaqtida sabr qilamiz. To‘qnashuv paytida Sizga sodiqmiz. Shoyadki, Alloh bizga ko‘zingizni quvontiradigan ishlarni nasib etsa. To‘g‘ri, ba’zi qavmlarimiz ortda qoldi. Ularning Sizga bo‘lgan muhabbati biznikidan kam emas. Sizga bo‘lgan itoatimiz ularnikidan kuchli emas. Ammo ular karvon uchun ketilmoqda, degan o‘y bilan chiqmay qolishdi, xolos. Sizga bir soyabon qurib, ulovlaringizni o‘sha yerga to‘playlik. So‘ngra dushmanga ro‘baro‘ bo‘laylik. Agar Alloh bizni aziz qilib, dushmanimiz ustidan g‘olib qilsa, xo‘p yaxshi. Agar ish boshqacha bo‘lsa, unda tuyalarga minasiz-da, ortimizda qolganlarga yetib olasiz», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sevinganlarini bildirib: «Ey Sa’d! Alloh bundan ham yaxshi hukm qiladimi?!» dedilar.
Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning so‘zi tamom bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qani, Alloh barakoti bilan, yuringlar! Alloh menga ikki toifadan birini va’da qildi. Allohga qasamki, men u qavmning yiqiladigan joylarini ko‘rayotgandekman», deya mujda berdilar. Odamlar jangga duch kelishlarini, ular qasd qilgan karvon allaqachon o‘tib ketganini anglashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari qalblarda nusrat kelishiga ishonch tug‘dirdi. Mana shulardan ham Badr jangi kuni Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu qanchalar ahamiyatli ishni amalga oshirganini bilib olsak bo‘ladi. O‘sha kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayroq tikishga amr etdilar. Bayroqlar uchta edi. Birini Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu ko‘tarib yurdi. Qolgan ikkitasining rangi qora bo‘lib, ularni Ali ibn Abu Tolib va Sa’d ibn Mu’ozlar ko‘tarishdi. Islom tarixidagi eng birinchi va eng ahamiyatli jangda musulmonlarning bayroqdori bo‘lish sharafi Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga nasib etgani ham u Zotning kim ekanlarini yana bir bor namoyon qilmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar dushman tomon yurib borib, o‘sha yerdagi quduq yoniga joylashishga qaror qilishdi. Quduq yoniga joylashganlaridan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xurmo shoxlari va po‘stlog‘idan bir qarorgoh−kapa qurildi. Uning eshigi oldida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu qilichini yalang‘ochlab, qorovullikda turdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kapa qurish va u Zotni qo‘riqlab turish fikri ham Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning o‘zidan chiqqan edi.
Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu o‘ta saxiy odam edi. U, ayniqsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xursandchiliklari uchun hech narsani ayamas edi. Bu holni hazrati Ali va Fotimai Zahro roziyallohu anhumoning to‘ylari kunidagi hodisadan ham bilib olsak bo‘ladi. To‘y kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilish kerak», dedilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» dedi. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab keldi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu uyida ham tez-tez ziyofat uyushtirib turar edi. O‘sha ziyofatlarda u kishi hurmatidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ishtirok etar edilar. Imom Ibn Moja Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Mu’oznikida iftor qildilar va so‘ngra: «Aftora indakum as-soimuun va akala taomakum al-abror va sollat alaykum al-maloika», ya’ni «Huzuringizda ro‘zadorlar iftor qilishdi, taomingizni yaxshilar yeyishdi va farishtalar sizga salavot aytishdi», dedilar».
Ushbu duo musulmonlar uchun sunnat bo‘lib qoldi. Ular birortalarinikida ziyofatda bo‘lishsalar, albatt, ushbu duoni o‘qishadi. Uhud urushida esa musulmonlar katta sinovga uchrashdi. Kamonchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato tufayli qurshovda qolganlar tum-taraqay bo‘lib qocha boshlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonlarida oz sonli kishilargina sobit turdi. O‘sha oz sonli bahodirlarning biri Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu edi. U kishi belni mahkam bog‘lab, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni dushmandan mardonavor himoya qildi. Ibn Abu Shayba Amr ibn Shurahbiyl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga Xandaq kuni o‘q tekkanda uning qoni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga oqa boshladi. Abu Bakr roziyallohu anhu kelib: «Voy, belim sinibdi-ku!» deya boshladi. «Jim tur, ey Abu Bakr!» dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. So‘ngra Umar roziyallohu anhu kelib: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!» dedi». Muslim va Abu Dovudlar Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilishadi: «Sa’d ibn Mu’oz bilagidagi tomiridan yarador bo‘ldi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z qo‘llari bilan mishqosni qizdirib bosdilar. So‘ngra uning qo‘li shishib ketgan edi, U Zot ikkinchi bor yana qizdirib bosdilar». «Mishqos» qizdirib yaraga bosiladigan asbob.
Ahzob urushida ulkan sahobiy Sa’d ibn Mu’oz bilaklaridagi qon tomirlariga o‘q tegib qattiq yaralanganlar. U kishining hurmatlaridan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemorga o‘zlari qaraganlar va ushbu rivoyatda bayon qilinganidek, davolash ishlarini ham shaxsan o‘zlari olib borganlar. Qon oqib turgan tomirga issiq narsani bosib qonni to‘xtatish o‘sha vaqtdagi birdan-bir uslub edi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yarador Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuni masjidi Nabaviyga chodir qurib, o‘sha yerga yotqizishga amr qildilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bemor Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga doimo o‘zlari qarab turishlari uchun shunday qilgan edilar. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu masjidda bemor yotgan holida Alloh taologa iltijo bilan quyidagi duoni qildi: «Ey Allohim! Agar Quraysh bilan bo‘ladigan urushdan biror narsani qoldirgan bo‘lsang, meni ham o‘sha uchun qoldirgin. Chunki men uchun Rasulingga ozor bergan, u Zotni yolg‘onchiga chiqargan va haydagan qavmga qarshi jang qilishdan sevimliroq ish yo‘q. Ey Allohim! Agar biz bilan ularning orasida urushni aritgan bo‘lsang, menga bugun yetgan musibatni shahidlikka yo‘l qilgin! Meni Bani Qurayzadan ko‘zim to‘ymaguncha o‘ldirmagin!» Alloh taolo Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning avval Bani Qurayza haqidagi duolarini qabul ayladi. Sa’d ibn Mu’oz Bani Qurayza g‘azotidan keyin vafot etdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Sa’dning o‘limidan Arsh titradi», dedilar.
AHMAD tayyorladi