Abu Ubayda ibn Jarroh

Abu Ubayda Omir ibn Abdulloh ibn al-Jarroh ibn Hilol (Alloh undan rozi bo‘lsin), mashhur sahobalardan. Makkalik ilk musulmonlar qatori Islomga kirgan. U Quraysh qabilasining Bani Fixr urug‘idan bo‘lib, sulolasi yettinchi otada (Fixrda) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sulolalari bilan birlashadi. Avval Habashistonga, keyin Madinaga ko‘chganlardan. Tirikligida jannat bashorati berilgan o‘n saodatmand sahobiyning biri, ya’ni Asharai Mubashsharadan. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bilan barcha yurishlarda qatnashgan. Islom tarixida shijoatli, o‘ta jasur jangchi, buyuk sarkarda, odil, hayoli, ishonchli kishi sifatida tanilgan. Rasululloh vafotlaridan so‘ng va Hazrati Umardan keyin Islom ummatiga rahbarlik taklif etilganida ko‘nmagan. Hijratning 18 (milodiy 639) yili Shomda tarqalgan bir kasallikdan O‘rdunda vafot etdi, qabri Amyo qishlog‘ida.
* * *
Abdulloh ibn Umar (Alloh undan rozi bo‘lsin) bunday deydi: «Quraysh qabilasida uch kishi bor: ular insonlarning eng ochiq chehrali, go‘zal axloqli va hayolisidirlar. Agar sizga gapirguday bo‘lishsa, bir luqma ham yolg‘on qo‘shishmaydi, agar siz ularga gapirsangiz, sizni yolg‘onchiga chiqarishmaydi. Bular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarrohlardir» (Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin).
* * *
Abu Ubayda Islomga birinchilardan bo‘lib Abu Bakr Siddiq chorlovi bilan kirgan, Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Ma’zun, Arqam ibn Abu Arqam (Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin) bilan birga Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga borib, shahodat kalimasini aytgan edilar. Ilk musulmonlar ko‘rgan barcha qiyinchilik, xo‘rlik, Islom dushmanlarining jabr-sitamini u kishi ham boshdan kechirdilar. Keyinchalik mushriklar bilan bo‘lgan ma’rakalarda alohida shijoat va mardlik ko‘rsatdilar. U kishining Allohga iymoni kuchli, Islom ummati orasida ishonchga sazovor, omonatga vafodor edi.
* * *
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Uhud kunining eng ko‘zga ko‘ringan qahramonlaridan biri bo‘ldilar. Uhud urushining ishtirokchilaridan Abu Bakr Siddiq bunday hikoya qiladilar: «Uhud urushi kuni Rasululloh odamlardan ajrab yolg‘iz qolganlarida men birinchilardan bo‘lib u Zot tomon yurdim. Qarasam, bir odam u Zotning oldilarida himoya qilib urush qilmoqda: «Talha bo‘lsa edi, otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin! Talha bo‘lsa edi, otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin!» deb borsam, orqamdan Abu Ubayda xuddi qushdek uchib keldi. Birgalashib yetib borsak, Rasulullohning oldilarida Talha yiqilib yotgan ekan. Rasuli akram alayhissolatu vassalom: «Birodaringizga qarang, u haqlidir», dedilar. Shu payt Payg‘ambar alayhissalomning yonoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulg‘aning halqasini kiritib yubordi. Uni Payg‘ambar alayhissalomdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda: «Alloh xayringni bersin, Abu Bakr, menga qo‘yib ber», dedi va u kirgan narsani chiqara boshladi. Payg‘ambar alahissalomga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi tushdi. So‘ngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana: «Abu Bakr, Alloh xayringni bersin, menga qo‘yib ber», dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir tishi tushdi. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning o‘shanda tushgan ikki tishlari umr bo‘yi u kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sadoqatlari nishoni bo‘lib qoldi.
* * *
Muhammad ibn Ja’far hikoya qiladi: «Bir kuni Rasululloh solllallohu alayhi vasallam huzurlariga nasroniylar guruhi kelib: – Ey Abul Qosim, o‘rtamizdagi mol-mulkni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan qirpichoq bo‘lib ketayozdik. Siz, musulmonlar, to‘g‘riso‘z, omonatdor kishisizlar. Shuning uchun bir ishongan odamingizni bizga qo‘shib bersangiz, u mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa! – deyishdi. – Ertaga kelinglar, sizlarga eng ishongan odamimni qo‘shib beraman, – dedilar Faxri Koinot. Bu hikoyani Umar ibn Xattob (Alloh undan rozi bo‘lsin) davom ettiradi: – Ertasi kuni peshin namozini o‘qish uchun masjidga odatdagidan ertaroq keldim. Alloh haqqi, umrim bino bo‘lib, biror marta odamlar orasida qozilik qilishni istamagan edim, lekin o‘shanda Sarvari olam «Bu ishga meni tanlasalar-ku», degan orzu bilan yonardim. Payg‘ambar alayhissalom bizga peshinni o‘qib bergach, ortlariga o‘girildilar. Nigohlari bilan odamlar orasidan kimnidir axtara boshladilar. Men umid bilan bo‘ynimni cho‘zib qaradim. Payg‘ambarimiz nazarlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. «Mehmonlar bilan birga borib, ular kelisha olmayotgan masalani odillik bilan hal qilib ber», deb buyurdilar. «Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi», deb qo‘ydim ichimda. Anas ibn Molikdan (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta har bir ummatning amini (o‘ta ishonchli kishisi) bo‘ladi, bizning aminimiz Abu Ubayda ibn Jarrohdir», dedilar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
* * *
Jobir ibn Abdullohdan (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Ubayda ibn Jarrohni bosh qilib bizlarni Quraysh karvonini poylash uchun yubordilar. U Zot alayhissalom bizni bir idish xurmo bilan ta’minladilar, boshqa narsa topa olmadilar. Abu Ubayda bizlarga bir dona-bir donadan xurmo berar edi. «Uni nima qilar edinglar?» deb so‘radim. «Go‘dak so‘rganga o‘xshatib, so‘rar edik. So‘ngra ustidan suv ichar edik. Ba’zilarimiz tayoqlarimiz bilan barg qoqib kelar edik. Keyin uni ho‘llab yer edik», dedi» (Abu Nu’aym rivoyati).
* * *
Abu Sa’laba (roziyallohu anhu) quyidagilarni aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uchrab: «Ey Allohning Rasuli, yaxshi ta’lim olish uchun meni bir odamga yo‘llang», dedim. Shunda u Zot meni Abu Ubayda ibn Jarrohga yubordilar va: «Men ta’limingni va odobingni yaxshilaydigan kishiga jo‘natdim», dedilar» (Ibn Asokir rivoyati).
* * *
Abu Umoma Boxiliydan (Alloh undan rozi bo‘lsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr, Umar, Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhum va bir guruh sahoba bilan o‘tirgan edilar. Bir idishda sharbat keltirildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Abu Ubaydaga tutdilar. Shunda Abu Ubayda: «Siz o‘zingiz oling, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Sen ol!» dedilar u Zot. Abu Ubayda piyolani oldi va uni ichishdan oldin yana: «Siz o‘zingiz oling, ey Allohning Rasuli!» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ich, baraka, albatta, ulug‘larimizdadir. Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattamizni ulug‘lamasa, bizdan emas», dedilar» (Tabaroniy rivoyati). Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhu) Shomga voliy qilib tayinlanib, katta mansabga ega bo‘lganidan keyin ham zarracha o‘zgarmadi. Qo‘l ostida o‘sha vaqtdagi dunyoning eng kuchli lashkari turganiga qaramay, oddiy askardek yuraverdi. Shomdagi odamlar Islomdan oldin dabdabaga o‘rganib qolishgan edi. Musulmonlar amirining ahvoli birpasda hamma yoqqa ovoza bo‘lib tarqab ketdi.
* * *
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hazrati Umar Shomga kelgan kuni shomlik juda ko‘p odam va kattalar kutib olishdi. Shunda Umar: «Og‘aynim qani?» deb so‘radi. «Kim u?» deyishdi. «Abu Ubayda», dedi Hazrati Umar. «Hozir keladi», deyishdi. Abu Ubayda kanop yuganli tuyani minib keldi. Hazrati Umar Abu Ubayda ibn Jarroh bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Keyin uning uyiga kirdi. Uyda qilich, qalqon, egar-jabduqdan boshqa narsa ko‘rmadi va: «Boshqa sheriklaringga o‘xshab sen ham u-bu qilmadingmi?» deb so‘radi. «Ey mo‘minlar amiri, yotib-turgani shu ham yetadi», dedi Abu Ubayda. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Sendan boshqa hammamizni dunyo o‘zgartib yubordi, ey Abu Ubayda», dedi» (Imom Ahmad, Abdulloh ibn Muborak, Abu Nu’aym rivoyati). Mana shuning uchun ham Hazrati Umar Abu Ubayda ibn Jarrohni juda yaxshi ko‘rar va hurmat qilar edi. U kishi hamma rahbarlari, ishboshilari va voliylari Abu Ubayda ibn Jarrohga o‘xshash bo‘lishini orzu qilar edi.
* * *
Imom Buxoriy «Tarixi sag‘ir»da Zayd ibn Aslam roziyallohu anhudan, u kishi Ubay roziyallohu anhu qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Umar ibn Xattob o‘z sohiblariga: «Orzu qilinglar!» dedi. «Men bir uy to‘la dirhamlarim bo‘lishi va ularni Allohning yo‘lida infoq qilishni orzu qilurman», dedi biri. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Men mana shu uy to‘la oltinlarim bo‘lishi va ularni Allohning yo‘lida infoq qilishni orzu qilurman», dedi boshqasi. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Men mana shu uy to‘la javharlarim bo‘lishi va ularni Allohning yo‘lida infoq qilishni orzu qilurman», dedi yana biri. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Bundan boshqa orzumiz yo‘q», deyishdi ular. Shunda Umar: «Ammo men mana shu uy to‘la Abu Ubayda ibn Jarroh, Muoz ibn Jabal va Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhum kabi odamlar bo‘lishini va ularni Allohning toati uchun omil qilishni orzu qilar edim», dedi. So‘ngra u Huzayfaga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. So‘ngra u Muoz ibn Jabalga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. So‘ngra u Abu Ubaydaga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. «Ana, sizlarga aytmabmidim!» dedi Umar».
* * *
Shomda vabo tarqalayotgani hammayoqda shov-shuv bo‘lganda Abu Ubayda roziyallohu anhu xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan quyidagi amrni oldilar: «Mening senga bir hojatim chiqib qoldi. Sendan boshqa men uchun uni hal qila olmaydi. Agar ushbu maktubim senga kechasi yetib borsa, tong otmasdan men tomonga yo‘l olishingni talab qilaman. Agar ushbu maktubim senga kunduzi yetib borsa, kech bo‘lmasdan men tomonga yo‘l olishingni talab qilaman». Abu Ubayda roziyallohu anhu maktubni o‘qib ko‘rib: «Mo‘minlar amirining menga tushgan hojatini bildim. U kishi boqiy emas kimsani boqiy qilmoqchi», dedilar. So‘ngra quyidagi maktubni yozdilar: «Ey mo‘minlarning amiri, menga tushgan hojatingni bildim. Men musulmonlar lashkari ichidaman. Ularga yetgan narsadan o‘zimni chetga olmoqchi emasman. Alloh mening va ularning haqida O‘z hukmini qilmaguncha ulardan ajramoqchi emasman. Qachon senga ushbu maktubim yetib borsa, meni talabingdan halol qil. Menga qolishga izn ber». Hazrati Umar maktubni o‘qib, qattiq yig‘ladilar. U kishining atrofida turganlar: «Nima, Abu Ubayda o‘libdimi, ey mo‘minlarning amiri?» dedilar. «Yo‘q. Lekin o‘lim unga yaqinlashibdi», dedilar u kishi. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu odamlar orasida yurib, ularni sabrga chaqirar edilar. Oxiri dard u kishining o‘zlariga ham xuruj qildi. Sinchaloqlariga kichkina bir narsa chiqdi. Odamlar u kishiga tasalli bermoqchi bo‘lib, hech narsa emas, dedilar. U kishi bo‘lsa, Allohdan umidim bor, shunga ham baraka bersa, ajab emas, dedilar. Oxiri u kishi xasta bo‘lib yotib qoldilar. Ibn Asokir Sa’id ibn Abu Sa’iddan rivoyat qiladi: «Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Urdunda vaboga chalinganida (qabri o‘sha yerda) o‘sha yerda hozir bo‘lgan musulmonlarni chaqirib: «Men sizlarga bir vasiyat qilaman. Agar uni qabul qilsangiz, yaxshilikda bardavom bo‘lursizlar–namozni o‘qinglar, zakotni beringlar, Ramazon oyi ro‘zasini tutinglar, sadaqa qilinglar, haj qilinglar, umra qilinglar. Bir-biringizga nasihat qilinglar. Amirlaringizga nasihat qilinglar, ularni aldamanglar. Dunyo sizni halok qilmasin. Agar bir odam ming yil yashasa ham, albatta, mening siz ko‘rib turgan holimga tushishi bor. Alloh taolo bani odamga o‘limini yozgandir. Ular o‘larlar. Ularning eng farosatlisi o‘z Robbisiga itoatkorroq bo‘lgani va qaytar kuni uchun ko‘proq amal qilganidir. Vassalomu alaykum va rahmatullohi! Ey Muoz, odamlarga namoz o‘qib ber». Ana shundan keyin Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu vafot etdilar. Alloh taolo bu kishidan rozi bo‘lsin!
Ahmad MUHAMMAD tayyorladi