Nabiy alayhissalom qo‘llari bilan ko‘tarib olgan sahoba

Nabiy alayhissalom qo‘llari bilan ko‘tarib olgan sahoba
Nabiy alayhissalom qo‘llari bilan ko‘tarib olgan sahoba


Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u sahoba haqida «Bu mendandir va men undanman» dedilar.

Bu sahobani ko‘pchiligimiz tanimaymiz. Moddiy jihatdan faqir, ammo iymonga boy, moli, mansabi, uyi yo‘q, to‘shagi tuproq, bolishi bilagi, taom topsa yer, topmasa ro‘za tutardi. Biroz ko‘rimsiz, ammo go‘zal xulqli bu sahobaning ismi Julaybib roziyallohu anhu edi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hali uylanmagan bu sahobani juda yaxshi ko‘rar, unga hazil qilardilar. Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga «Ey Julaybib, uylanmaysanmi?» dedilar.

Sahoba: «Ey Allohning Rasuli, meni kim ham uylantirardi?» dedi. Puli ham, chiroyi ham, taniqli oilasi ham bo‘lmagan bu inson shundoq savol bergan edi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Men seni uylantiraman, ey Julaybib» dedilar. Sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaradi va «Ey Allohning Rasuli, unda mening hech vaqosi yo‘q kishi ekanimni ko‘rasiz» degan edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Lekin Allohning nazdida sen hech vaqosi yo‘q kishi emassan» dedilar.

Ansorlar beva qolgan qizlarini hali turmushga bermagan bo‘lsalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga taklif qilib ko‘rardilar.

Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlardan biriga «Qizingni qo‘lini so‘rayman» dedilar.

Ansoriy «Bizni xursand qildingiz, bajonidil» dedi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Qizingni o‘zim uchun so‘ramayapman» dedilar. Ansoriy: «Ey Allohning Rasuli, kim uchun so‘rayapsiz?» dedi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Julaybib uchun» dedilar.
Ansoriy: «Onasi bilan maslahatlashib ko‘ray» dedi va uyiga borib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizingning qo‘lini so‘rayaptilar», dedi.

Ayoli «Qandoq yaxshi, bajonidil» dedi.

Ansoriy «U zot sollallohu alayhi vasallam uni o‘zlari uchun emas, Julaybib uchun so‘rayaptilar» dedi.

Shunda ayoli norozi ohangda «Julaybib uchunmi?» dedi va qizini unga uzatmasligini aytdi. Qizi parda ortida turib bo‘layotgan suhbatni eshitdi va ota-onasining rad javobi bermoqchiligini sezib ularning oldiga chiqdi. «Menga kim sovchi bo‘lib keldi?» deb so‘radi. Onasi unga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘layotganlarini aytdi. Shunda qizi «Sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rad javobini bermoqchimisizlar? Meni o‘sha odamga uzatinglar, u zot sollallohu alayhi vasallam meni zoye qilmaydilar, agar u zot sollallohu alayhi vasallam o‘sha kishini sizlarga kuyov bo‘lishiga rozi bo‘lgan ekanlar, meni o‘sha kishiga nikohlab qo‘yinglar» dedi.

Ota-ona qizlarining fikriga qanoat hosil qilib, «To‘g‘ri gapirding» deyishdi va otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib bo‘lgan hodisani aytib berdi va «Qizimni Julaybibga nikohlayvering» dedi. Shunday qilib, ikki yosh nikohlandi va yangi oila barpo bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qizning haqqiga «Ey Alloh, uning ustidan yaxshilikni seldek yog‘dirgin va hayotini toru tang qilmagin» deb duo qildilar.

Oila qurganlariga ko‘p bo‘lmay, tashqarida g‘azotga chaqiruv bo‘ldi. Hamma sahobalar qatori yangi kuyov ham Alloh taoloning yo‘lida g‘azot sari otlandi.

Jang tugab, sahobalar shahid bo‘lganlarni izlab yurganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulardan «Hech kimni yo‘qotmadinglarmi?» deb so‘radilar. Ular «Falonchini yo‘qotdik, falonchini yo‘qotdik» deyishdi. Birozdan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulardan «Hech kimni yo‘qotmadinglarmi?» deb so‘radilar. Ular «Yo‘q» deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Lekin men Julaybibni yo‘qotib qo‘ydim. Uni o‘ldirilganlar ichidan izlanglar» dedilar. Sahobalar uni izlab oxiri o‘ldirilgan yettita dushman yonidan topdilar. U dushmanlarni o‘ldirgach ular uni o‘ldirishgan edi. «Ey Allohning Rasuli, mana u, o‘zi o‘ldirgan yetti dushmanning yonida ekan, so‘ng ular uni o‘ldirishibdi» deyishdi sahobalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning oldiga bordilar va «Yettitasini o‘ldiribdi va uni o‘ldiribdilar. Bu mendandir va men undanman, bu mendandir va men undanman, bu mendandir va men undanman» dedilar. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini qo‘llari bilan ko‘tarib oldilar va unga qabr qazildi. Julaybib roziyallohu anhu uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ikki qo‘llaridan boshqa so‘ri, bolish yo‘q edi. So‘ng u kishini qabrga qo‘yildi va uni yuvganlari zikr qilinmadi.

Julaybib roziyallohu anhu uchun sovchilik qilinganda qiz ota-onasiga «Sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rad javobini bermoqchimisizlar? Meni o‘sha odamga uzatinglar, u zot sollallohu alayhi vasallam meni zoye qilmaydilar» degan edi. Qizning Alloh taologa bo‘lgani iymoni, U Zotga ishonchi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rgani sababidan Alloh taolo uni zoye qilmadi, unga ko‘p yaxshiliklar ato qildi, boylik berdi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu: «Madinada undan ko‘ra ko‘p infoq qiladigan juvonni ko‘rmadim» deganlar.

Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Ey Alloh, uning ustidan yaxshilikni seldek yog‘dirgin va hayotini toru tang qilmagin» deb qilgan duolari barakasi ila u ayolga ko‘p mol ato etdi va hayotini farovon qilib qo‘ydi.

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Meni ajablantirgan ulug‘ sahoba

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin......

Payg‘ambar sharaflagan xonadon egasi (Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu)

Xolid ibn Zayd ibn Kulayb Hazrajiy Ansoriy roziyallohu anhu Abu Ayyub Ansoriy nomi bilan mashhur bo‘lgan madinalik taniqli sahobiylardan. Madinaning Hazraj qabilasidan, Bani Najjor urug‘idan......

Hazrati Umar roziyallohu anhu havas qilgan sahobalar

Hazrati Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qaynotalari, sahobalari, asharai mubashsharaning biri, peshqadam sahobalarning biri bo‘lsalar ham ba’zi sahobalarga havas qilganlar va ularning o‘rnilarida bo‘lib qolishni istaganlar......

Nuaym ibn Mas’ud

Nuaym ibn Mas’ud (Alloh undan rozi bo‘lsin) xassos qalbli, zakovatli, tadbirli va dono yigit bo‘lgan. Hech qanday muammo uni tashvishga sololmas, har qanday qiyinchilik qarshisida dovdirab ham qolmas edi. Alloh taolo topqirlik, uddaburrolik va sog‘lom fikr ato qilgan chin sahro o‘g‘loni edi......

Najoshiy va Uvays Qaraniylar sahobami yoki tobeinmi?

Savol: Habashiston podshohi Najoshiy va Uvays Qaraniy hazratlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida iymon keltirishgan. Ammo korib suhbatlashishmagan. Ikkovlari sahoba yoki tobein deyiladimi, yoki boshqa nom bilan ataladilarmi?......

SA'D IBN ABU VAQQOS (r.a.) ning to‘liq ismi...

SA'D IBN ABU VAQQOS (r.a.) ning to‘liq ismi Molik ibn Vahb ibn Abdumanof al-Qurayshiy Zahriy(taxminan 590-674) bo‘lib, sahoba va makkalik ilk musulmon, Muhammad (s.a.v.)ning qo‘riqchilaridan biri bo‘lgan......

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (2)

Ummu Fazl eri Abbosdan o‘g‘li Abdulloh bilan birga Madinaga hijrat qilish uchun izn so‘radi. Abbos Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘z oilalari bilan birgalikda Madinaga hijrat qilishga izn so‘rab xat yozdilar......

Bu ummatning eng ishonchli kishisi

Sahobalar uchun eng muhim maqsad Allohning diniga xizmat qilish, Uning rizosiga erishish edi! Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni qo‘mondonlikdan bo‘shatib, o‘rnilariga Abu Ubayda roziyallohu anhuni qo‘mondon etib tayinlaydilar......

Salmoni forsiy necha yil yashagan?

Savol: Salmoni forsiy roziyallohu anhu 250-350 yil yashagan ekan, deb eshitdim. Shu gap rostmi?......

Oxirgi vafot etgan sahobalar ro‘yxati

Savol: Men shu paytgacha eng oxirgi vafot etgan sahoba Anas ibn Molik deb yurardim. Kuni kecha masjidda bir namozxon eng oxirgi vafot etgan sahoba Abu Tufayl ekan, deb qoldi. Iltimos, shunga aniqlik kiritsangizlar......

Fikr qo'shish