Tanga baliqlar va itbaliq

Dize bilan Mize kumush rangli yaltiroq tangachalari bor ikkita kichkina baliqcha ekan. Ular ota-onalari bilan dengizdagi uyida yashashar ekan. Ona baliq kun bo'yi tozalik bilan mashg'ul bo'lar ekan. Kichkina uyning u tarafiga bu tarafiga suzar, dumini likillatib ishlarini qilar ekan. Kiraverishdagi o'tlarni tozalar, toshlarni o'z joyiga qo'yar ekan. Bir kuni u hamma joyni tartibga keltirgandan keyin: - Ertaga ozgina mog'or to'plab, derazaning pardalarini yangilasam, yaxshi bo'lardi,- debdi. Dize bilan Mize sal nariroqda to'p o'ynashardi. Dize onasining gapini eshitib qolibdi va o'yinni tashlab Mizega: Onamiz juda charchadi. Pardalar uchun ozgina mog'or topib, uni xursand qilishga nima deysan? - deb pichirlabdi. Yaxshi fikr! Onam xursand bo'ladi, - debdi Mize. So'ng ular onalariga: Onajon,biz biroz suzib kelamiz, - deyishibdi. - Yaxshi,lekin hovlidan tashqariga chiqmanglar. Tashqarida baliqchilar, katta baliqlar, hatto itbaliqlar bor, - debdi ona baliq. Dize bilan Mize tashqariga chiqib, yamyashil mogʻor qidirishga kirishib ketishibdi. Ammo yaqin atrofda unaqasini topa olishmabdi. U yerni qaraylik, bu yerni qaraylik deb anchagina uzoqlashib ketishibdi. Ular suzib itbaliqning uyi oldiga borib qolishibdi. Mana, bu yerda ajoyib mog'or bor ekan! - debdi Mize. Dize hamma mog'orlarni to'play boshlabdi. Shu payt Mize baqirib yuboribdi: Voy, itbaliq! - U bizni ko'rsa, tutib oladi, - debdi Dize qo'rquv bilan. Ular darhol mog'orlar orasiga berkinishibdi. Itbaliq biroz uzoqlashgach, ikkalasi ham shiddat bilan uyiga qarab suza boshlashibdi. Qo'rquvdan orqalariga ham qarashmabdi. Shu tarzda suzib ketishayotganda boshlarining ustida sharpani sezib qolishibdi. To'satdan yuqoridan bir ovoz eshitilibdi: Qarmoqni tushir! Mize xavotir bilan: Baliqchilar, - debdi. Qarmoqdan uzoqroq boʻlishimiz kerak! Qani, tez suz, - deb baqiribdi Dize. Ular bor kuchlari bilan suzishibdi. Nafaslari tiqilib uyga yetib borishibdi. Ona baliq eshik oldida ularni xavotir bilan kutib turgan ekan. Baliqchalar dumlarini silkitib bo'lgan voqealarni gapirib berishibdi. Ona baliq titrab: Qanday qo'rqinchli! - deb ularni tinglabdi. Oxirida u shunday debdi: U yerda nima ishingiz bor edi? - debdi jahl bilan. Biz sizga yordam bermoqchi edik. Pardalar uchun mog'or yig'ib, sizni xursand qilmoqchi edik, deyishibdi baliqchalar. Ona baliq bu gapni eshitib: Menga yordam bermoqchiligingiz juda yaxshi. Ammo mog'or yig'ish uchun hali kichkinasizlar, debdi. Aqlimga bir fikr keldi, deb baqirib yuboribdi Dize. - Biz guldonga qo'yish uchun hovlimizdagi rang-barang dengiz gullarini tera olamiz! - Bu ish ajoyib bo'ladi,- deb javob beribdi ona baliq. Dize bilan Mize sevinch bilan hovliga suzib ketishibdi.