Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham? sevgi haqida she'r
Agar so'zim she'r bo'lmasa bir kun kelib,
Agar qo'lim tuta olmay qolsa qalam,
Va'foli do'st, sadoqatli oshiq bo'lib
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham?!
Tizzalardan mador ketsa qaylargadir,
Liboslarim nogoh bo'lsa eski, juldir,
Omad mendan araz qilsa nelargadir,
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham?!
Har yil kelgan bahor birdan kelmay qo'ysa,
Hech kim mening yo'rig'imga yurmay qo'ysa,
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham.
Sochlarimga bevaqt oqlar oralasa,
Eshigimdan gado o'ylab mo'ralasa.
Vujudimda dardlar itdek bolalasa,
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham.
Xudo urib, men qadringni bilmay qo'ysam,
Sen yoqtirgan ko'ylagimni kiymay qo'ysam,
Bir kun kelib seni mutloq suymay qo'ysam,
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham?!
Hasta bo'lib, yurolmayin, yotib qolsam,
Bu omonat dunyosidan o'tib qolsam,
Seni tashlab chin uyimga ketib qolsam,
Aytchi, meni sevasanmi o'shanda ham.