Ikki o't orasida.. (Voqea real xayotdan olingan)
Raxima telefon go'shagini joyiga qo'ydi-da, bo'shashgancha divanga o'tirib qoldi. Sal narida olti yashar o'g'li Adxam xayron boqib turar, na onasiga yaqin kelishni, na tashqariga chiqib ketishni bilmay arosatda edi.
— Demak, kelgani rost. — asabiy pichirladi Raxima. — Go'shakdan odamlarning baqir-chaqirlari aniq eshitilib turibdi. U aeroportda. Uzog'i bilan bir soatda etib keladi. Bilib qolsa-ya!?. Anvar akam bilan uchrashib yurganimdan habar topsa-ya!?. E, nima qilardi? O'zidan ko'rsin. Olti yildan beri dom-daraksiz edi. Men nima qilishim kerak? Kutishim kerakmidi? Bolam-chi? Uni bog'chadan oladigan ellik ming so'mga boqarmidim? O'zim-chi? Mendayam yurak bor, istak-hoxish bor. Yo'q, qo'lidan xech narsa kelmaydi. Uyga kiritsam xam jon desin.
— Oyi, nega hafasiz? — Raxima o'g'lining ovozini eshitib birdan boshini ko'tardi va shosha-pisha o'rnidan turdi.
— Hafa emasman, bolajonim. — dedi Adxamning boshini silab. — Dadang kelayotgan ekan.
— Dadam?.. Qaysi dadam, oyi?
— Qaysi dadang bo'lardi? O'zingning dadang-da! Aytgandim-ku, uzoqqa ishlagani ketgan deb! Ana o'sha Raxmatali dadang-da! Senga o'yinchoqlar, daftar-kitoblar olib keladi.
— Ura, dadam kelayaptiykan, ura!.. — Bolakay beihtiyor ko'zlari chaqnab irg'ishlay ketdi.
— Oyi, o'rtoqlarimgayam chiqib aytsam maylimi dadam kelayotganini?..
— Albatta, boraqol! Faqat uzoq qolib ketmagin-a! Dadang kelib seni qidirib qolmasin!
— Yo'q, tezda qaytaman, oyi!..
* * *
O'g'ilchasi chiqib ketgach, Raxima yana telefonga yopishdi. Go'shakdan tanish ovozni eshitgani xamono, salom-alikni xam yig'ishtirib qo'yib, maqsadga o'tdi.
— Anvar aka, endi uch-to'rt kun uchrashmay turamiz shekilli. — dedi xiyla titrab.
— Nega?
— Erim… Kelyapti ekan?.. Xozir qo'ng'iroq qildi.
— Nima qipti? Uni… Uni kiritasanmi uyingga?
— Nega kiritmay? O'zining uyi. Qolaversa, bolamning otasi. Xali ajrashmagan bo'lsak.
— Bekor qilasan. U olti yildan beri dom-daraksiz ketsin-da, sen xech narsa bo'lmaganday kutib olgin!
— Anvar aka… — Raxima picha ovozini ko'tardi. — Siz xam meni qiynamasangiz-chi! Kelsa nima bo'pti? Sizminan uchrashmayman deyotganim yo'q-ku!..
— Shunaqa deysan-da!.. Lokigin… Ho'p, qachon uchrashamiz? Shundan gapir, jonim!
Raxima extiyot shart tashqari eshikka bir nigox tashlab olib javob qildi:
— O'zim qo'ng'iroq qilaman!
* * *
Eshik bezovta taqilladi. Raxima yuragi dukillagancha eshik ro'parasiga borib o'rtadagi teshikchadan tashqariga boqdi. Xa, o'sha! Pod'zdda boshiga kepka kiygan, uzun bo'yli, mallasoch Raxmatali turardi. Ancha ozibdi. Malla sochlariga oq oralabdi. Bu kepka ostidan chiqib turgan tutam-tutam sochlarga nazari tushgan odamga aniq ko'rinyapti.
Raxima eshik zulfiniga qo'l yuborarkan, ko'z o'ngida yaqin o'tmish gavdalanib, qo'llarini qaytadan tortib oldi.
2000 yil. Yangi yil bayrami. Barcha qo'shnilar uylarida qiy-chuv qilib yangi yilni kutib olishdi. Qadaxlarning jaranglashigacha og'iroyoq, erta-indin ko'zi yoriydigan Raximaning qulog'iga chalindi. Uning yuragiga bayram sig'armidi. Tushdan keyin ko'chaga chiqib ketgancha, xamon qaytmagan eri Raxmatalini kutardi. Dasturhon ustida qo'shnilar bergan ikkita patir, bir tovoqchada qand-qursdan bo'lak xech vaqo yo'q. Yo'q… Raxima egulik, sovg'alar xaqida o'ylamayapti. Xech bo'lmasa shu kecha ichmay kelsaydi, janjal ko'tarmasaydi, deya umid qilardi…
“Yangi yil kutmasam bir joyim kamayib qolmaydi. — o'ylardi u. — Dadasi xushyor kelsa bas. Janjal qilmasa bo'ldi…
Afsuski, umidlari puchga chiqdi. Soat tungi birlarga yaqin Raxmatali kirib keldi. Egnidagi kiyimlariga loy chaplangan, peshonasi, ikki yuzi tirnalgan, oyoqda zo'rg'a turardi.
Kirib keldi-da, xanuz divanda mung'ayibgina o'tirgan Raximaning tepasiga keldi.
— X-xa, qanjiq! — o'shqirdi u chayqalib. — Nega shu paytgachayam uhlamading? Yo o'ynashingni kutyapsanmi-a?
Raxima qo'rqa-pisa o'rnidan turdi-da, orqasi bilan yurib yotoqqa kirdi va beliga jun ro'molini o'rab, yana zalga qaytdi.
— G-gapir, megajin! — dasturhondagi konfetlardan birini og'ziga solib o'dag'aylashda davom etdi Raxmatali. — Qani o'ynashing?
— Dadasi, nega unaqa deysiz? — yig'i aralash tilga kirdi Raxima. — Qanaqa o'ynash? Ichvolsangiz, bas, bo'lar-bo'lmas gaplarni gapiraverasiz. Menda o'ynash nima qilsin? O'zim zo'rg'a yurgan bo'lsam…
— Xa-a, shunaqasan!.. Qo'rqasan!.. Bilaman, o'ynashing bor!.. Manavi bolangam…
— Bolamga til tekkizma! — o'zi sezmagan xolda erini senlab yubordi Raxima. — Xali tug'ilmagan norasidamga til tekkizma!..
— Bo'lmasa, ayt, kimdan bo'lgan!..
— Sendan bo'lgan, bildingmi, sen alkashdan bo'lgan!..
— Nima? Kim alkash? Xe onangni!.. Mana senga alkash deyish!..
Raxmatali hotinini qulochkashlab yubordi-yu, so'kina-so'kina ko'chaga chiqib ketdi…
Xa, o'shanda yahshiki qo'shnilar uhlashmagandi. Kaltak zarbidanmi, to'lg'oq boshlanib qoldi.
Qo'shnilargina Raximaning koriga yarab, tug'ruqhonaga olib borib qo'yishdi…
Raxmatali shundan so'ng qorasini ko'rsatmadi. Raxima bir xaftadan so'ng tug'ruqhonadan chiqayotib eshitib qoldi. U kimlargadir qo'shilib, Rossiyaga ishlash uchun jo'nab ketganmish.
* * *
Eshik ochildi. Raximaning qarshisida yangi jinsi ko'ylak-shim kiyib, boshiga qorako'l papaq qo'ndirib olgan Raxmatali turardi.
U bir muddat hotiniga tikilib turdi-da, erdagi buyumlar to'la katta sumkani qo'liga oldi.
— Kirsam bo'lar? — so'radi u jiddiy oxangda.
«Jiddiylashib qoptimi? — hayolidan o'tkazdi Raxima sekin eriga yo'l bo'shatarkan. — Naxotki, ichishni tashlagan bo'lsa?..»
Raxmatali ichkariga kirib, honalarni birma-bir ko'zdan kechirdi. So'ngra toshoyna yoniga qo'yilgan Adxamning suratiga ko'zi tushib qo'liga oldi.
— O'g'limmi? — so'radi u Raximaga yaqin kelib. — Nega indamaysan? Shu mening o'g'limmi?
— Yo'q! — dedi Raxima teskari o'girilib. — Bu bola o'ynashdan bo'lgan!
— Qo'ysang-chi endi eski gaplarni qo'zg'ayvermay!.. Oradan olti yil o'tdi. Men xam o'zgardim. Xa endi… O'shanda… Mastlikda gapirsam gapirgandirman… Bo'ldi endi…
Raxmatali sekin hotinining elkasidan quchib o'ziga qaratdi va maxkam bag'riga bosdi…
Raxima qarshilik qila olmadi.
Hayollari chalkashib ketgandi.
Faqat Anvar bilan kelgusi munosabatlari to'g'risida qayg'urardi.
* * *
Shu onda tashqari eshik ochilib, Adxam kirib keldi. Raxmatalini ko'rdi-yu, taqqa to'htab, bo'zraygancha onasiga qaradi.
— Voy, ana, dadang keldi, Adxamjon! — o'g'lini qo'lidan etaklab Raxmatalining ro'parasiga olib keldi Raxima. — Ko'rishmaysanmi?
Bolakay Raximaning tizzasiga yopishgancha turaverdi. Raxmatali xam devorga suyanib olgancha bir muddat o'g'liga tikilib turgach, istar-istamas, unga yaqin bordi.
— Bu bola menga o'hshamaydi-ku! — dedi bir qo'lini Adxamning boshiga qo'yib. — Senga o'hsharkan. Lekin bir tukiyam menga o'hshamayapti.
— Nima?.. O'ynashdan orttiribmanmi bo'lmasa?.. — tutoqib ketdi Raxima. — Sizning bolangiz-ku ahir!
— Isbotla! — dedi Raxmatali istexzoli kulimsirab. Va lab burib uy ichlarini ko'zdan kechira boshladi. Ana shunda javon ichidagi Anvarning suratini ko'rib shosha-pisha qo'liga oldi.
— Bu kim?..
Raxima tosh qotib qolgandi.
Xa, unutibdi. Suratni berkitish hayoliga kelmabdi. Endi nima qiladi? Nima deydi?..
Jonxolatda Adxamni bag'riga bosdi-da, bir burchakka biqinib oldi.
— Xa-a, meni aldamoqchi, «loh» qilmoqchi bo'ldingmi? Meni-ya? Vey, men-chi, erning tagida ilon qimirlasa bilaman. Qanjiq, nega jimsan? Kim bu deyapman?..
— Nima ishingiz bor? — birpaslik sukut, qo'rquvlardan so'ng boshini ko'tardi Raxima. — Olti yildan beri qaerda edingiz? Biror marta hotinim bor, bolam boridi deb habar oldingizmi? E, tug'ruqhonaga borishga yaramay, qochvordingiz-ku!
— Sendan kim bu deb so'rayapman, megajin! — baqirib taxdid bilan hotiniga yaqinlashdi Raxmatali. — Bola shundanmidi-a, shundanmidi?
— Bola sizdan, bildingizmi, sizdan!.. — Raxima xam bo'sh kelmay yig'lab baqirdi. — Men suyuqoyoq emasman!
— Unda nega kimligini ayta olmayapsan?.. Xozir bir urib abjag'ingni chiqarib qo'yaman! Ayt!
— Sizminan yashamayman! Yuragimdan chiqarib tashlaganman allaqachon sizni!.. Keting! Keting dedim!..
Raxmatali bu gapdan so'ng sal bo'shashgan ko'yi ortga tislandi.
— Ketib bo'pman! — dedi u Raximaga alam bilan tikilib. — Mana shu hunasaning kimligini aniqlamaguncha xech qaerga ketmayman!..
“Aniqlab bo'psan? — ko'nglidan o'tkazdi Raxima extiyotkorlik bilan Adxamni oshhona tomonga sudrab. — Senam ermiding?.. Baribir Anvar akamdan voz kechmayman!.. Ketmay qaerga borarding?..
Shularni o'ylashga o'yladi-yu, baribir qalbining bir chetida Raxmataliga nisbatan mexrmi, achinishmi, uyg'ongandek, bolasini qattiqroq bag'riga bosdi.
* * *
Xa, bu ayol ikki o't orasida qolib ketgandi. Shaxar markaziy kasalhonasida jarroxlik qiluvchi Anvarni sevardi. Biroq farzandining otasiga xam befarq bo'la olmasdi. Ayniqsa, Adxam asta-sekinlik bilan bo'lsa-da Raxmataliga ko'nika borishi uning ich-etini kemirardi. Anvar bilan ko'rishdi deguncha xammasiga ko'z yumib uning taklifiga ko'nishni, nikoxdan o'tishni ihtiyor eta boshlardi. Ammo uyga qaytgach, shirakayf Raxmatalining Adxamga qo'shilib o'ynayotganiga ko'zi tushar va hayollari chalkashib ketardi.
— Meni bolam bilan birga uzoq-uzoqlarga olib keting, Anvar aka! — dedi kunlarning birida. — Aytgandingiz-ku, qishloqqa ko'chib ketamiz deb! Qiynalib ketyapman! Nima qilishni bilmay boshim qotgan.
— Ho'p, — dedi Anvar og'ir ho'rsinib. — Qishloqqa ketamiz. O'sha erda ishimni davom ettiraveraman. Sizlar xam tinch bo'lasizlar. Katta to'y qilamiz.
— Qachon? Qachon olib ketasiz?
— Yana bir xafta sabr qiling. Bu erdagi xujjat ishlarimni tugataman-u, shartta jo'navoramiz. Aytgancha, eringiz-chi? U sizni ketishga qo'yadimi, ahir?
— Nega qo'ymas ekan? Nega endi uni eringiz deysiz? Faqat… Adxamim bog'lanib qolyapti holos unga. Ana shundan havotirdaman.
— Yahshi, tayyorgarligingizni ko'rib yuravering. Bir xaftadan keyin jo'naymiz!.. Ketamiz…
* * *
Bu tun negadir Adxam Raximaning yonida uhlashni istamay, Raxmatali yotgan honaga chopqillab qoldi. Raxima battar vaximaga tushib, sekin eshik tirqishidan mo'raladi. Raxmatali kursiga bir shisha aroqni qo'yib olgan, qo'lida piyola to'la aroq. Adxam esa uning atrofida turli o'yinlar ko'rsatib qiyqirib kular, Raxmatali unga o'ychan termulib o'tirardi.
Raximaning bardoshi etmadi. Shartta eshikni ochib ichkariga kirdi-da, Adxamga yopishdi.
— Bu erda nima qilyapsan? Yur, yotamiz, uhlaymiz!..
Raxmatali dast o'rnidan turib Raximaning yo'lini to'sdi. Uning ko'zlaridan yosh oqib, yuzlari osha iyagiga oqib tushardi.
— Namuncha yuraging tosh bo'lmasa? — dedi u hirillab. — Kechirim so'radim-ku! Nega bolaning hayolini buzasan?
— U uhlashi kerak. Yo'limni to'smang!
— To'saman! To kelishib olmagunimizcha bu erdan chiqmaysan.
— Siz bilan kelishadigan xech narsa qolmagan. Bemalol Rossiyangizga ketaverishingiz mumkin.
— Bekorlarni aytibsan!
Raxmatali Adxamni ko'tarib olib yugurgancha zalga olib kirib ustidan eshikni yopdi va qaytib yotoqqa kirdi.
Bu orada Raxima xam ko'ngli g'ash tortib honadan chiqib ketmoqchi bo'ldi. Ulgurmadi. Raxmatali eshikni tambalab, yugurgancha keldi-da, uni dast ko'tarib karavotga yotqizdi.
— Qo'yvor! — deya ingranib erining kuchli qo'llaridan halos bo'lishga intilardi Raxima. Afsuski, kuchi etmasdi.
Raxmatali zarda bilan Raximaning ko'ylagini echib pastga otdi va tomoqlaridan, yuz-ko'zlaridan o'pa ketdi.
— Sen menikisan! — xirs bilan shivirlardi u. — Eringman!.. Sen qayoqdagi chuvrindilar emas, men uchun yaralgansan. Yahshisi, voz kech o'sha iflosdan!
— Voz kechmayman! Qoch, sen menga nomaxramsan!
— Nomaxram? U-chi? Maxramingmi-a? Yo'-o'q! Sening maxraming faqat menman!.. Qani, kelaqol! Nozlanishni bas qil, jonim!..
Kuchli qo'llar ichkariga oraladi. Bu… Xarakat xar qanday ayolning xam jonini olgulik.
Xozirgina turli qarama-qarshi hayollar iskanjasida qolib, azoblanayotgan Raxima birdan bo'shashdi va o'zi idrok etmagan xolda inon-ihtiyorini erining qo'liga topshirdi.
* * *
Tong otdi. Raxima bo'shashgan ko'yi o'rnidan turdi. Deraza ostidagi karavotda Adxam pishillab uhlar, Raxmatali esa teskari o'girilib olgancha sigaret tutatardi.
“Nimalar qilib yurgan ekanman? — Raxima eriga zimdan boqarkan, ruxan ezila boshladi. — Nega o'shanda engiltaklik qildim? Erimni kuta olmadim? Nima bo'lgandayam ko'z ochib ko'rganim edi. Bolamning otasi edi. Endi Anvar akaga nima deyman? Nimaga uni ishontirdim?.. E, xaqiqatni aytaman. Tushunadi. Xayotimning qolganini tinchlik-hotirjamlikda o'tkazishim shart. Bolamning shuncha vaqt otasiz yashagani etar. Ortiq mung'ayib qarashlariga toqatim etmaydi.
Raxima qaytadan o'ringa cho'zilib, Raxmatalining elkasiga boshini qo'ydi.
— Uyg'ondingmi, jonim? — u sigaretni kuldonga qo'yib ortga o'girildi va hotinini quchdi. — Yahshi uhladingmi?
— Xa, anchadan beri bunaqangi tiniqib uhlamagandim. Qarang, Adxamingiz xam uyqu orasida kulib qo'yyapti. Dadasi kelganiga bo'lsa kerak.
Raxmatali bola yotgan karavot tomon qarab qo'ydi-da, jilmaydi.
— Turaylik, men nonushta tayyorlayman. — dedi Raxima erini turtkilab. — Xademay ishga borishim kerak.
— Ishga? Yana o'sha kasalhonagami? — Raxmatali beihtiyor rangi o'zgarib Raximaning iyagini changalladi. — Bormaysan. Endi o'sha ishhonangga yaqin yo'lamaysan?
— Voy, xaydab yuborishadi-ku! — kulib yubordi Raxima. — Unda nima qilaman?
— Xaydashsa xaydashaversin. Uyda — mening yonimda bo'lasan.
— Ho'p, ho'p. Siz aytgancha bo'la qolsin. Qani, turing!..
* * *
Raxima elib-yugurib nonushta tayyorladi. Ikkovlashib ancha paytgacha ovqatlanishdi. Ora-sirada Raxima eriga er ostidan boqar, xar tikilib qaraganda, yuragi xapriqib-xapriqib ketar, erining insofga kirganidan, eski odatlarini tashlaganidan astoydil umid qilardi.
Bir maxal yotoq eshigi ochilib ichkaridan Adxam qo'lida qandaydir surat bilan chopib chiqdi va to'g'ri Raximaning yoniga keldi.
— Voy, bolajonim, yahshi yotib turdingmi? — Raxima negadir rangi o'chib o'rnidan turib ketgan eriga-da e'tibor bermay, Adxamning qo'lidagi suratni tortib oldi. — Bu nimaykan?
Ne ko'z bilan ko'rsinki, suratda Raxmatali yoshamol, mallasoch bir ayolni quchib o'tirar, ayolning qo'lida chamasi bir yarim yashar atrofidagi qizaloq xam bor edi.
Raxima miyasi chayqalgan odam kabi oldiniga garangsib qoldi. Baribir darrov o'zini qo'lga olib Raxmatali tomon o'girildi.
— Bu… Bu kimlar?.. — so'radi u uf tortgancha qo'liga sigaret olib tutata boshlagan eridan. — Nega indamaysiz?.. K-kimlar?..
— Senga nima qizig'i bor?.. — javob qildi Raxmatali biroz hotirjam tortib.
— Ie, nega qizig'i bo'lmasin?.. Ayting!..
— O'zing tushunib olmadingmi?.. Oilam…
— Oilam?.. Q-qanaqasiga?.. Biz-chi?.. Biz kimmiz unda?..
— Bo'ldi-da endi!.. — jerkib tashladi Raxmatali. — Men sendan surishtirayotganim yo'q-ku!.. Xa endi… Bir marta shunaqa bo'lib qolgandi… Shungayam ota go'ri qozihonami?..
— Shunaqa deng?.. — Raxima kutilmaganda qo'lidagi suratni Raxmatalining yuziga uloqtirdi. — Meni… Aldab, axmoq qilgan ekansan-da!.. Yo'q, bunaqasi ketmaydi. Men…
U jaxl bilan yo'lakka chiqdi-yu, Raxmatali ko'tarib kelgan katta sumkani olib kirib oyoqlari ostiga tashladi.
— Yo'qol, ko'rnamak!.. Yo'qol! Seni ko'rishga ko'zim yo'q. O'sha mallalaringminan qapishib qolgin!..
— Sen noto'g'ri ish qilyapsan. — deya uni tinchlantirmoqchi bo'ldi Raxmatali. — Keyin o'zing afsuslanib qolasan, nodon!
— Yo'qo-o-ol, iflo-os! — baqirdi Raxima. — Mening uyimni bulg'ama!.. Yo'qolsang-chi!..
Raxmatali lab burgancha bir-ikki elka qisib oldi-da, shosha-pisha kiyinib, sumkani elkasiga ildi.
— Men ogoxlantirdim… Buyog'ini o'zing bilasan!..
U chiqib ketdi…
Raxima esa ancha vaqtgacha o'g'lini quchoqlab o'tirib qoldi…
Keyin… Sapchib o'rnidan turdi-da, ko'z yoshlarini arta-arta, Adxamni zaldagi divanga o'tqazib, qo'liga telefon go'shagini oldi va kerakli raqamlarni terdi…
— Anvar aka, sizmisiz?.. Anvar aka, iltimos, bugunoq bizni qishloqqa olib keting!..