Mexribon


Sobira kalendarga qaradi. O'n yettinchi fevral… Ertaga o'g'li bilan uchrashadi. Ikkilarining xam tug'ilgan kunlari.
Yuragini temir qo'llar g'ijimlagandek bo'ldi. Sog'ingan, juda-juda sog'ingan…
Uch yil muqaddam…
Sobira o'zi pishirgan tortning o'rtasiga bittagina shamcha qadadi. Xalizamon o'g'li Sherzodning shamni puflab o'chirishini tasavvur qildi. Bir yoshga endigina to'lgan bola shamni o'chira olmaydi, bu ishni dadasi bilan ayajonisi bajarishadi. Keyin xaqiqiy bayram bo'ladi. Yigirma bir yildirki, fevralning o'n sakkizi Sobirani bir yoshga ulg'aytiradi.
U tug'ilgan kunini bir mo''jiza yuz berishi kerakdek kutardi. O'tgan yili o'sha mo''jiza chindan xam yuz berdi. Sobira tug'ilgan kunini tug'ruqhonada kutib oldi, tug'ilgan kunida o'g'li dunyoga keldi. Mana shunga xam bir yil bo'libdi. Bugun birinchi qo'shaloq bayram. Ona va bola shodlanadigan kun…
Eshik taraqlab ochilib, shirin hayollari to'zg'ib ketdi. Ostonada ko'zlari qizarib ketgan, rangi oppoq eri turardi. U qaltirab Sobiraning oldiga keldi. Hirillab gapirdi:
-Hotin, puling bormi? Ber menga! Opchiq pulingni!..
Sobira ko'zyoshlarini tiyish uchun labini tishladi.
-Dadasi, bugun o'g'lingizning tug'ilgan kuni edi. Shunga dasturhonga ul-bul olish uchun ozgina yig'ib qo'yuvdim…
Eri bor kuchi bilan stolni mushtladi. Sobira qalqib ketdi.
-Ber dedim, — yanoqlari titrab dedi Mavlon.
Sobira ko'z yoshlari tirqirab ketgan yuzini qo'llari bilan yashirdi.
- Bermaysanmi?! Mana bo'lmasa!
Mavlon bir zarb bilan stol ustidagi xamma narsani sindirib tashladi. Idish-tovoqlar bilan birga kichkinagina tort xam er bilan bitta bo'ldi. Keyingi zarba musht shakliga kirib, alamdan ko'zlari katta-katta bo'lib ketgan Sobiraning yuziga tushdi. Erga yiqildi. Mavlon uning cho'ntaklarini kavlab bor pulini oldi-yu, xansirab chiqib ketdi. Sobira butun qolgan shamchani ushlab kechgacha yig'ladi. Bu Sobiraning ota-onalari sabr kosasiga tomgan eng so'nggi tomchi bo'ldi. Qizlari bilan nabiralarini tabriklashga keldilaru bu honadondan butkul uzildilar. Sud xam bo'ldi. Giyoxvand er turmaga, Sobira bolasini olib otasinikiga yo'l oldi.
«Tor qornimga siqqan bolam keng uyimga xam sig'adi»- deya olib kelingan Sobira keng uyga sig'di, lekin keng ko'ngilni topa olmadi. O'zga honadonda yashagan qisqa muddat ichida jonajon uyidan qanchalar uzoqlashib ketganini xis qildi. Qulf-kalitga ega chiqqan kelinoyisining qosh chimirishlari, akasining o'z bolalarini panaga tortib shirinlik ulashishlaridan dod deguday bo'lardi. Yolg'iz panoxi – ota-onasi ertayu kech mexnatdan bo'shamas, amal-taqal ro'zg'orning endilikda yana ikki og'iz qo'shilib yanayam ko'payib ketgan kamlarini butlashga xarakat qilishardi. Bir yil ana shunday o'tdi. Tug'ilgan kunlarida ayasi osh damladi. Dadasi topgan-tutganini dasturhonga to'kdi. Akasi Sherzodga o'yinchoq sovg'a qildi. Ko'ngildagidek o'tayotgan kichkinagina bayramning nohush yakun topishiga ana shu o'yinchoq ayiqcha sabab bo'ldi. Akasining to'rt yashar o'g'li o'yinchoqni yulqib olib uylariga qarab chopdi. Xozirgina shodligi ichiga sig'may o'tirgan bolakay ko'zida yosh bilan atak-chechak qadamlarini ildamlatib, uning ortidan quvib kelinoyisining honasiga kirib ketdi. Sobira bilan ota-onasi xay-xaylagancha qolishdi. Dam o'tmay avval kelinoyining shang'illagani, keyin tarsaki tovushi eshitildi. Sobira bolalarcha sho'hlik qilgan jiyanining bunday jazolanishini kutmagan edi. Sherzodga o'yinchoqni akasi bilan birga o'ynashni aytish uchun o'rnidan turdi. Lekin keyingi ko'rgani qalbiga muz bo'lib qadaldi. Kelinoyining honasidan lo'ppi yuzlarida ingichka barmoqlarning izlari qizarib ko'rinib turgan Sherzod yig'lab chiqib keldi. Deraza ortida o'yinchoqni quchib olganicha bolalarga hos bo'lmagan zaxarhanda kulganicha akasining o'g'li qarab turardi.
Tomog'i g'ippa bo'g'ildi. Dasturhondagi osh oilaning kichkinagina bayrami kabi sovudi. Bolasining quchib yotganicha uzoq yig'ladi. Shiringina bo'lib uhlab qolgan Sherzodning panja izi tushgan yuzini siladi, yanoqlarida qotib qolgan tiniq ko'z yoshlarini kafti bilan artib oldi. Xar qancha sitam o'ziga bo'lsa chidar, bolasida nima gunox?!
Vaqt o'tgan sayin onasining gaplari asosli tuyula boshladi. Bu honadonda omonatligini xis qilaverdi.
Sovchi keldi.
Avvalgi hotinining tili yomon ekan, qaynonasi janjallardan bezib ajratib yuboribdi. Sobiraning tili yomonmas, yashab ketishi kerak. Faqat bolasi ota-onasi bilan qoladi, kattalarning kelishuvi shunday!
Sobira yig'lab-siqtab ahiyri rozi bo'ldi. Sherzodni tez-tez olib borib turadigan, yana farzandli bo'lganida butunlay olib kelishni o'ylab ko'radigan bo'lishdi. O'gay otaning, yangi kuyovning fe'lini bilmaguncha onasi shunday yo'l tutishga qaror qildi.
* * *
Yangi honadon a'zolari somsapazlik qilisharkan. Uylarining ko'chaga qaragan biqinida ikkita tandir o'rnatilgan. Eri Ikrom ertayu kech tinmaydi, uka-singillarini xam bir zum tindirmaydi. Haridorlari ko'p, yasalgan somsalar uy ichidan chiqib kelaveradi, Ikrom durra yopinib tandir ichiga bosh suqaveradi, onasi qip-qizil somsalarni pullayveradi. Sobira xam ishga kirishib ketdi.
Avvaldan chaqqon edi, lekin bu honadon a'zolariga etib ishlash uchun yanayam tirishdi. Bu oiladagilar chumoliday g'imirlab ro'zg'or butlashar, juda boy bo'lmasalarda o'zlariga to'q edilar. Ikrom bu honadonning norasmiy boshlig'i. Qattiqqo'lligi uchun xamma undan xayiqib turar, arzimagan ayb uchun xam achchiq-achchiq gaplar eshitishardi. Bir xafta ichidayoq erining so'kishidan ikki marta baxra topishga ulgurgan Sobira o'g'lini olib kelmay to'g'ri qilganiga ishonch xosil qildi. Lekin oldingi giyoxvand eri oldida Ikrom farishtadek ko'rinardi. Asta-sekin erining biroz to'poriligiga xam ko'nikib ketdi.
* * *
Ikrom bilarmikan? Bugun tug'ilgan kunlari ekanligini eslarmikan?! O'ziku mayli, bolasi kelganida sovg'a bermasa xam ikki og'iz shirin so'zi bilan ko'nglini ko'tarib qo'yarmikan?! Bu kabi savollar bugun ich-ichidan qaynab chiqardi. Bu honadonga kelin bo'lib tushganidan beri o'g'lining xar kelishi xam quvonch, xam xadikda o'tadi. Birinchi kelishida eri Ikrom Sherzodning kichkinagina burunchasini barmoqlari orasiga qisib erkalagan bo'ldi. Ayajonisiga ega chiqqan odamning bu qilig'i bolaga aksincha ta'sir qilib yig'lab yubordi. Sobira bolasini quchib oldi, eri bir nimalar deb g'o'ldiragancha o'rnidan turib ketdi. Shu-shu bola bilan o'gay otaning uchrashuvlari sovuqqina o'ta boshladi.
Lekin bugun tug'ilgan kunlari, xech bo'lmasa bolaginasi bugun bir og'iz shirin so'z eshitar…
Eri erta tongdan yo'lga otlandi.
-Kiyimlarimni tayyorla, bozorga tushib mayda-chuyda qilib kelaman.
Quvonganidan o'rnidan turib ketdi, tug'ilgan kunlari bayram bo'larkanda. Lekin keyingi so'zlar uni joyiga mihlab tashladi.
-Soat to'rtga uch yuzta somsaga buyurtma bor. Piyozni to'g'rab qo'yinglar, men toza un bilan go'sht olib kelaman.
Dadasi bilan ayasi kunduzi kelishadi, uylari uzoq, kechga qolmay qaytishadi. Demak tug'ilgan kun, bolaning ko'ngli degan gaplar puch orzu, etib bo'lmas armon...
O'ylaganidek qaynonasi, qaynsinglisi bilan tushgacha somsaga urinishdi. Ko'zi yo'lda bo'ldi. Eshik taqillab avval Sherzod, keyin dadasi bilan ayasi ko'rindi. Sakrab ketdi. Yugurib borib bolasini quchib yig'layverdi. Qaynonasi mexmonlarni ichkariga boshladi. Ota-onasi bilan xol-axvol so'rashib yana bolasiga talpindi. Katta bo'lib qolibdi, qosh ko'zlari bobosini eslatadi, tillari burro, she'rlar aytishni o'rgatishibdi. Honasiga olib kirib boshqatdan bag'riga bosdi. Yana yig'ladi, bolasini xidlab-xidlab yig'ladi.
Vaqt shuvillab o'tdi. Choy ichishdiyu ovqatga xam qaramay qaytish xarakatiga tushishdi.
Xozir bolasi ketadi, ketishi kerak, shart ketishi! Qaynonasidan najot kutdi. Bir og'iz qolaqolsin desa-chi, bir kungina bolaginasini bag'riga olib yotsa-chi?! Mulozamatni o'rniga qo'yayotgan qaynona o'g'lining ruhsatisiz bu ishni qilolmaydi, honadonida o'gay nabira emas, o'zining avlodi chopqillab yurishi kerak!
Sherzodning kamzulchasi tugmalarini o'tkaza boshladi. Xozir ikki tugmani o'tkazsa bo'ldi, bola tashqariga chiqadi, keyin olib ketishadi. Qo'llari titrab tugmalarni qaytadan echdi.
Onasining bu ishi sababini tushunmay turgan bola biyron tillari bilan gapirdi:
-Aya, tuyma o'tkazishti bilmaysizmi? Mana-mana, men qanday o'tkazishti bilaman.
Bola huddi qoyil qilib qo'ygandek jilmayib turardi.
Ko'z yoshlari quyilib ketdi. Yana Sherzodni quchib oldi. Ayvon derazasi ortida bu xolni kuzatib turgan ota-onasi bilan qaynonasi og'izda hayrlashsalarda, ichlaridan zil ketayotgandilar. Taqdir, iloji yo'q…
Eshikka etganlarida bola xam ayasi qolishini anglab yig'lay boshladi.
Bobosi bilan buvisi uni erkalab ko'tarib ketishdi. Yana ishga o'tirdilar. Piyozmas, o'zining yuragini to'g'radigo'yo. Piyoz achchig'idan ming karra achchiq ko'zyoshlar milt-milt oqdi.
Eshik ochilib eri kirib keldi. Bir qop un bilan, bitta qutini mashinadan tushirdi. Aftidan tug'ilgan kun xaqida eslamagan xam. Yo'qsa o'gay bolasiga bo'lmasa xam jufti-xaloliga kichkinagina sovg'a ko'tarib kelardi. Sovg'asi xam boshini esin, bolasining dardi qalbini tilimlab tashlayapti.
Nigoxlarini erga qadagancha labini tishlab ishini qilaverdi.
- Nega meni kutmay mexmonlarga javob berib yubordinglar, -dedi Ikrom onasiga qarata.
-Shoshilishayotgan ekan, kech qolishmasin deb…
Eri qutini ochdi. Ichidan rostmona avtomobildan sal kichikroq o'yinchoq mashina chiqardi.
-Qani toychoq, kel buyoqqa.
Eshikdan Sherzod chopib kirdi. Ikrom bolani dast ko'tarib yuzlaridan o'pdi.
-Mana bu tug'ilgan kuningga sovg'a, o'g'lim.
Sobira yalt etib eriga qaradi.
Ikrom gapini davom ettirdi.
-Dadang bilan ayangni bekatda ko'rib qoldim. Shuncha qistasam xam qaytishmadi. Kamiga Sherzodjonni xam olib ketmoqchi bo'lishdi. Ularga xam aytdim, sizlar xam eshitinglar, Sherzodjon bugundan boshlab shu uyda yashaydi!
Sobira xo'ngrab yig'laganicha bolasi bilan Ikromni quchib oldi. Un gardi qo'ngan erining choponiga yoshli ko'zlarini surtdi.