Men uchun ham o`zingni asra sevgi haqida sher

Sevdim degan so'zingni asra,
Meni kutgan ko'zingni asra,
Seni topgum, yoningga borgum,
Men uchun ham o'zingni asra.

Asra, dilda muxabbatingni,
Asra menga ko'ngil xatingni,
Menga atab hamma gapingni,
Men uchun ham o'zingni asra.

Ko'ksingdan otilsa ming faryod,
Seni ko'p yig'latsa bu hayot,
Sabr qil, topmasang bir najot,
Men uchun ham o'zingni asra.

Sinab bir bor vadalar kuchin,
Dildan olmay xatolar o'chin,
O'rtada sof sevgimiz uchun,
Men uchun ham o'zingni asra.

Uzun yillar kitobin yopgum,
Bir kun yig'lab izlaring o'pgum,
Bir kun seni baribir topgum,
Men uchun ham o'zingni asra.

Yurakka in qurmayin qayg'u,
Hayotingga solmagin og'u,
Sendan bitta iltimosim shu,
Men uchun ham o'zingni asra.

To'ldir jonim, qalbingni nurdan,
Go'zal bo'lsin tunlaring kundan,
Sevsang agar Ahadni chindan,
Men uchun ham o'zingni asra.

Ahad Qayum

Izohlar 1

Офлайн
Javlonbek
Javlonbek 7 января 2019 09:57
Sher judaxam ajoyip. Axad qayum ijodiga doyim omad.

Fikr qo'shish