Xatolaring kerak ularga

Xatolaring kerak ularga

Shundaylar bor,senga lutf aylab,
Do'stman, deya senga qo'lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Xato qilsang, ularga bayram,
Yo'qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo'lsa ham,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Xatolaring kerak ularga,
Shox navdangni darhol butarlar
Tag'in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Axtarurlar hamisha illat,
Yetti pushting go'rin titarlar.
Faqat unma, ulg'ayma faqat,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Ular senga bir umr yo'ldosh,
Sodiq hamroh kabi o'tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni ular kutarlar.

Abdulla Oripov she'ri



Fikr qo'shish