Uch vasiyat

Uch vasiyat

Luqmoni xakim o'limidan oldin o'g'liga uch vasiyat qildi: birinchisi – zinxor hotiningga siringni aytma, ikkinchisi – boylikka yangi etishgan nokasdan qarz olma, uchinchisi – mirshab bilan do'st tutinma.
Otasi vafot etgach, o'g'il bu uch vasiyatni sinab ko'rmoqchi bo'ldi. Bozordan bir qo'y oldi-da, so'yib qopga soldi. Og'zini maxkam bog'lab, uyga keltirdi. Hotini so'radi:
–Bu qopda nima bor?
– Birovni behos o'ldirib qo'ydim. Izni yo'qotish uchun uni qopga solib olib keldim. Eringdan ayrilib qolishni istamasang, zinxor bitta-yarimtaga gullab qo'yma, – dedi.
Keyin yangi boyigan kishidan qarz oldi.
Mirshab bilan do'st tutindi.
Bir kuni hotini bilan gapi qochib, uni tutib urgan edi, etti maxallani boshiga ko'tardi:
– Voy-dod, musulmonlar! Erim odam o'ldirib o'rgangan, endi meni xam o'ldirmoqchi!
Bu gapni darxol xokimga yetkazdilar.
–Qochib qolmasidan uni qo'lga olinglar, – deb buyurdi xokim.
–Uni kim tutib keladi? – deyishganida mirshab:
–Men uning uyini bilaman, – dedi. – O'zim tutib kelaman.
– Ey do'stim, meni qo'yib yubor – qochib ketay, – deb iltimos qildi u. Lekin mirshab ko'nmadi.
Voqeadan habar topgan yangi boy o'pkasini qo'ltiqlab keldi:
– Qarzingni to'lab qo'y, o'lib ketsang, men pulimga kuyib qolaman.
Birovdan olib, uning pulini to'ladi.
Mirshab uni xokim xuzuriga olib bordi. Xokim uni tanib:
–Luqmonday odamning o'g'liga shu ish munosibmi? – dedi.
–Ruhsat ber, o'sha qopni olib kelishsin, – iltimos qildi u.
Qopni olib kelib, xokimning qoshida ochdilar – so'yilgan qo'y chiqdi.
– Nima gap o'zi? – dedi xokim. – Tushuntirib bersang-chi?
U bo'lib o'tgan barcha voqealarni xikoya qilib berdi:
– Otam menga uch vasiyat qilgan edi. Sinab ko'ray deb shu ishlarni qildim. Otamning xamma gaplari rost chiqdi...

Fikr qo'shish