Bu tun sevgi haqida she'r sog'inch haqida she'r

Bu tun

Bu tun senga yetmas yoʻlimdir mening
Bu tun senga eltar yolgʻiz najotim.
Ming yilki piyoda kezib umrimni
Seni tushlarimdan topdim hayotim.

Yashadim koʻnglimning sovuq burchida
Na bahor na yozga qilmay iltifot.
Bolishni quchaman koʻzimni yumib:
Shu tushni koʻrsaydim endi umrbod.

Bedorlik qiynasa ichaman dori
Manzilim sehrli tushlar olami.
Men uyqu qaʼriga qulab tushaman
Boʻgʻzimda kimningdir achchiq alami.

Yarim tun… bedorlik turtadi meni
Soʻng jahl qilaman qalbimga sarkash.
Tongdan to kechgacha topmay oʻzimni
Adashib yuraman kunlarim chalkash

Tunlarni kutaman yigʻlagim kelar
Toshday yuragimni ezadi xoʻrlik.
Zanjirband titroqlar quvonib ketar
Axir tushlarimda kutmoqda hurlik.

Bu tun senga yetmas yoʻlimdir mening
Bu tun senga eltar yolgʻiz najotim…

Dilfuza Bonu



Fikr qo'shish