Patir tayyorlash resepti - piyozli va piyozsiz turlari, tavsiyalar

Patir tayyorlash resepti - piyozli va piyozsiz turlari, tavsiyalar

Patir (fatir) – Osiyo mamlakatlari xalqining an’anaviy hisoblanadigan pishirig’i, u choyga ham, ovqatga ham ajoyib qo’shimcha bo’ladi. Ushbu retseptdagi patirni piyoz bilan ham, piyozsiz ham tayyorlash mumkin.

PATIR TAYYORLASH RETSEPTI
Tayyorlash vaqti: 2 soat | Portsiyalar soni: 4 ta
Kerakli masalliqlar

Un – 500 g (3 stakan)
O’simlik moyi yoki eritilgan hayvon yog’i – 200 gr
Piyoz – 1
Suv – 1 stakan
Kunjut – 1 osh qoshiq
Tuz.
Tayyorlanishi

Un, suv va tuzdan qattiq xamir qoriladi. So’ ng u to’rtta zuvalaga bo’linadi, ustidan biroz un sepiladi, ustma-ust qiligan holda sochiq bilan yopib qo’yiladi. Shu tarzda 5-10 daqiqa dam yeyishga qoldiriladi.
Piyoz po’stidan tozalanadi, juda ingichka yarimhalqa qilib kesib olinadi. Unga biroz tuz sepib, yaxshilab aralashtiriladi.
Har bir zuvala qalinligi 1 mm keladigan qilib yoyib olinadi. Tajribali bekalar yanada ingichkaroq qilib yoyishlari mumkin.
Xamirning butun yuzasiga yog’ surtiladi, piyozli patir qilish uchun esa qo’shimcha ravishda ustidan ozroq piyoz ham sepiladi.


Xamir rulet qilib o’raladi. Uzun o’rama kaftlar bilan biroz yapaloq qilinadi. Qavatli tomonini yuqoriga qilib qo’ygan holda 5-10 daqiqa dam beriladi.
Har bir zuvala qo’lda, qalinligi 1-1,5 sm dan oshmaydigan qilib aylana shaklida yoyib olinadi. Yoyishda xamirning yaxlitligini buzib yubormaslik uchun ehtiyotkor bo’lish zarur.


Nonpar yoki sanchqi bilan xamirga naqsh chiziladi, yuzasiga yengil tuzlangan suv sepiladi, kunjut bilan bezatiladi, protivenga qo’yiladi va 5-7 daqiqa shu holda dam beriladi.


Oldindan 250 darajagacha qizdirilgan pechda (avval pastki, so’ng yuqori qavatida) tillarang tusga kirguncha pishiriladi, bu o’rtacha 15-20 daqiqani talab etadi.


Tayyor bo’lgach, protivendan ajratib olinadi, yuzasiga biroz suv sepiladi, dasturxon bilan o’rab, sovutishga qoldiriladi. Patir tayyor!

Fikr qo'shish