Medovik tort tayyorlash: retsepti, usullari, sirlari, uy sharoitida qanday pishirish kerak

Medovik tort tayyorlash: retsepti, usullari, sirlari, uy sharoitida qanday pishirish kerak

Medovik retsepti (medoviy tort, rus. медовый торт – asalli tort) taxminan 200 yil oldin, imperator Aleksandr I ning oshpazi uning xotini uchun ajoyib shirinliklar tayyorlaganida paydo bo’lgan. Kulinarning nomi tarixda saqlanib qolmagan, ammo ruscha medovik torti qandolatchilik san’ati klassikasiga aylandi. Hozirgi kunda mazali asalli tortning juda ko’p retseptlari mavjud, lekin dastavval mashhur tort smetanadan tayyorlangan kremli asalli korjlardan iborat edi. Hozirda medovik torti qanday tayyorlanadi?

MEDOVIK XAMIRI UCHUN ODDIY RETSEPT
Har bir uy bekasining uy sharoitida medovik tayyorlash uchun o’z retsepti bor, chunki o’z qo’llari bilan pishirilgan tort, bo’yoqlar, konservantlar va xushbo’ylantirgich moddalar bilan to’la fabrikat pishiriqdan ko’ra ancha yaxshiroqdir. Shundoq ham mazali bo’lgan asalli tortning ta’mini sun’iy ravishda yana kuchaytirishning nima keragi bor?

Xamirni tayyorlash uchun sizga ozgina suyuq asal (gul yoki jo’kaning), tuxum, shakar, sariyog’ (u margarin bilan almashtirilmasligi kerak), un va qabartma (разрыхлитель) kerak.

Dastavval, suv hammomida asal, shakar va sariyog’ eritiladi, keyin urib ko’pirtirilgan tuxum, qabartma va ozgina un qo’shilib, barcahsi mikser yordamida yaxshilab aralashtiriladi. Xamirni suv hammomida aralashtirish, korjlarni ayniqsa yumshoq va mayin qiladi. Aralashmani olovdan olgandan so’ng, xamir uni yoyish mumkin bo’lgan holatgacha olib kelinadi va keyin 40 daqiqaga sovutgichga qo’yiladi.

MEDOVIK TORTI UCHUN KREM TAYYORLASH USULI
Asalli tort uchun krem oddiy tayyorlanadi – smetana shakar bilan ko’pirtiriladi, ba’zan esa quyultirilgan sut qo’shiladi. Smetana yangi, sovutilgan va yuqori yog’ foiziga ega bo’lishi kerak, shunda krem ​​yanada havodor va mayin chiqadi. Suyuq smetana asosida tayyorlangan kremlar tort korjlariga mukammal shimiladi, ammo ular orasida krem qavati bo’lmaydi. Agar smetana suyuq bo’lsa, uni bir necha marta taxlangan marlyaga quyib, ortiqcha suyuqligi chiqib ketishi uchun 3 soatga osib qo’ying. Smetana quyuqlashadi va mukammal ravishda ko’piradi.

Agar shakar o’rniga shakar kukuni ishlatilsa, kremning teksturasi yanada yoqimli bo’ladi, shakar donalari esa tishlar orasida g’ichirlamaydi. Kremga kokos bo’lakchalari, yong’oq, murabbo, povidlo, maydalangan mevalar, biroz apelsin yoki limon sedrasi, kakao yoki shokolad qo’shish mumkin. Ushbu tort uchun qaynatma krem ham juda mos keladi.

Aytgancha, medovik yog’li krem bilan ham tayyorlanadi: buning uchun yumshoq sariyog’ (yog’ miqdori kamida 82,2%) qaynatma quyultirilgan sut bilan massa hajmi ko’tarilgunicha 10-15 daqiqa davomida ko’pirtiriladi. Agar korjlar orasiga navbatma-navbat turli xil kremlar surtsangiz, medoviy tort o’ziga xos ta’mga ega bo’ladi, chunki quyultirilgan sut shirini smetananing biroz nordonligi bilan susaytiriladi va asalli tort o’ta shirin bo’lib ketmaydi.

MEDOVIK UCHUN KORJLARNI QANDAY TAYYORLASH KERAK


Sovutgichda tindirilgan xamir korj soniga qarab bo’laklarga bo’linadi va har bir bo’lak yupqa aylana qilib yoyiladi. Qolgan xamir bu paytda salfetka yoki plyonka bilan yopilgan bo’lishi kerak, aks holda u qurib qoladi. Odatda standart retseptda taxminan 7-10 ta korj chiqadi, ularni bir xil kesish uchun tarelka yoki boshqa shakldan foydalanish mumkin.

Korjlar bir necha joylarida sanchqi bilan teshilib, pechda 5-7 daqiqadan pishirib olinadi. Pishganidan so’ng, tayyor korj chetlari pichoq bilan kesilib, korrektsiya qilinadi, e’tibor bering, korjlar pishgachgina kesilganida silliq va tekis chiqadi. Shundan so’ng, korjlarga krem surtiladi va ustidan qolgan korj talqoni, yong’oq va shokolad sepiladi. Tortga krem surtishda uning yonlarini esdan chiqarmang, ular ham yaxshi namlanishi va yumshoq bo’lishi kerak.

QANDOLATLARDAN BIR NECHTA SIRLAR
Xamir uchun grechka va akatsiyadan olingan asaldan foydalanmang: bunday asalning noyob ta’mi va hidiga qaramasdan, korjlar biroz achchiq chiqadi. Xamir quyuqligi bir xil chiqishi uchun asal suyuq bo’lishi kerak, shuning uchun shakarlanib qolgan asalni suvli hammomda eritib olish tavsiya etiladi.

Xamirni tayyorlashdan oldin, tuxumlar sovutgichdan chiqarib qo’yilishi kerak – ular xona haroratida bo’lishi zarur, un ham yengil va havodor bo’lishi uchun elangan bo’lishi talab etiladi. Xamir suv hammomida aralashtirilganda, idishdagi suv kuchli qaynamasligi kerak, balki ozgina biqirlab turishi kerak, ya’ni olov past bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Agar iste’mol sodasi o’rniga qabartmadan foydalansangiz, uni aralashtirishni oxirida qo’shing. Ba’zi uy bekalari sodani xamirni tayyorlash vaqtida emas, balki ko’pirtirish vaqtida tuxumlarga qo’shishni maslahat berishadi, shunda ular hajmi nisbatan tezroq ko’tariladi.

Yana bir qimmatli maslahat: medovik korjlarini terishni boshlaganingizda, oldin idishga biroz krem surting va undan keyin ustidan birinchi korjni qo’ying, shunda tort yanada yumshoqroq chiqadi.

UY SHAROITIDA KLASSIK MEDOVIK PISHIRISH: BOSQICHMA-BOSQICH RETSEPT
Medovik retseptini bosqichma-bosqich tayyorlanishini ko’rib chiqamiz. Bizning ko’rsatmalarimiz bilan bu qandolatchilik san’atini tezda o’rganib olasiz.

Masalliqlar: tuxum – 3 dona, sariyog’ – 50 g, shakar – 600 g (xamir va krem ​​uchun 300 g dan), suyuq asal – 150 ml, soda – 1 choy qoshiq, un – 500 g, smetana – 500 g.

Tayyorlash usuli:

1. Kattaroq idishni suv bilan to’ldiring va olovga qo’ying (suv hammomi uchun).

2. Kichikroq idishda tuxum bilan shakarni birlashtirib, ko’pirguniga qadar yaxshilab uring.

3. Ko’pirtirilgan tuxumga sariyog’, asal va soda qo’shing.

4. Idishni suv hammomiga qo’ying va aralashmaning hajmi ikki marta oshgunicha 15 daqiqa davomida aralashtirib turing. Massa yengil va havodor bo’lishi kerak.

5. 1 osh qoshiq un soling va un yaxshilab aralashib ketguniga qadar yana 3 daqiqa ezib aralashtiring.

6. Idishni olovdan oling va qolgan un bilan yumshoq va plastik xamir hosil bo’lguncha yana aralashtiring.

7. Xamirni 8 ta bo’lakka bo’lib, oziq-ovqat plyonkasiga o’rang va muzlatgichda yarim soatcha qoldiring.

8. Har bir bo’lakni yupqa aylana bo’lgunicha yoying.

9. Korjni pishirish qog’ozi bilan yopilgan va moylangan tovaga qo’ying. 180 °C da 3-5 daqiqada pishirib oling.

10. Korjlar chetini kesib tashlang va ularni sovuting, chiqqan qoldiqlarini ushating.

11. Smetana va shakarni mikser bilan aralashtirib, krem hosil qiling.

12. Korjlar orasiga krem surtib, tortni tera boshlang.

13. Medovik ustidan korj qoldiqlari maydalanganlarini sepib chiqing.

14. Tortni xona haroratida 1,5-2 soat ushlab turing, shunda u kremni shimib oladi, so’ng uni muzlatgichda kamida 8 soat davomida saqlang.

Klassik medovikni shokolad yoki yong’oq bo’laklari bilan bezatish va kremga ozgina maydalangan meva qo’shish mumkin. Tortni ko’proq qiling, chunki juda tez yeb qo’yiladi. Yoqimli ishtaha!

YARIM SOAT ICHIDA TEZDA MEDOVIK TORTI TAYYORLASH
Agar vaqt tanqis bo’lsa, klassik medoviy tort tayyorlash usulidan farqli bo’lgan ushbu retseptdan foydalanishingiz mumkin. Siz 7-10 ta korj emas, balki bitta biskvit pishirasiz, u esa keyinchalik bir nechta korjlarga kesiladi.

Bir stakan shakar bilan 4 ta tuxum oqini urib ko’pirtirib, keyin navbatma-navbat 4 ta sarig’ini, 3 osh qoshiq asal, 1 choy qoshiq sirka bilan so’ndirilgan soda va 1,5 stakan un qo’shing. Xamir quyuq qaymoqdek bo’lishi kerak. Uni yog’langan tovaga soling va 170-180 °C haroratda yarim soat davomida pishiring.

Tayyor biskvit baland (taxminan 10 sm), yengil va havodor bo’ladi. Uni 5 ta korjga kesing va 400 ml quyuq smetana va 0.5 stakan kukun shakaridan tayyorlangan krem ​​surtib, tera boshlang. Kremga biroz mayiz va yong’oq qo’shing, ular bilan tortni o’zini ham bezating, korjlar kremni shimib olishiga vaqt bering va dasturxonga torting.

Fikr qo'shish