Qizg’aldoq
Necha alplar To‘lg‘onoyga dirayalmay to‘lin oy bilan sirlashib kelayotgandi. Ularning barchasi ko‘ksini zax yerga, Turdixol esa qizini Mashi masxaraga berdi. Mashining muchali maymunligi boismi, bolaligidan daraxtga tirmashib yurardi. Elning og‘ziga shamol o‘ynatib Razzoq mirshab to‘yiga masxara olib keldi. Masxaralar Qizg‘aldoq darasiga dor qurdi. Dorda sakrab-sakrab umbaloq oshib chopdi. Nay chalib, ilon o‘ynatdi. Yelkasiga maymun mindirib ahli Qizg‘aldoq lipasidagi bir tangasidan tortib sariq chaqasigacha shilib oldi. Shu kundan buyon Mashiboy dom-daraksiz... Keyin ko‘p bora bodom gulladi, to‘kildi, yong‘oq pishdi, qarg‘a olib qochdi. Yana-yana bodom gulladi, to‘kildi. Yong‘oq qarg‘aning og‘zida ketdi. Yo‘lbarsdan qochgan quyon yurt kezib, el oraladi. Dumini o‘ynatib dikka-dikka sakragan quyon qisir chiqdi. Yer oriqlab it semirdi. Ko‘zini yog‘ bosgan it g‘arib egasini tuyaning ustida qopdi. Dasht odamlari qatrlagan qavirg‘a bo‘lib qolgan ushoq jonlig‘ini o‘raga butidan sudrab tashladi – og‘izlar oqliqqa yetmay qoldi. Eshpo‘lning esa kuni tug‘di...
Bir qarasang hamsaya-xaloyiqning echki-ulog‘ini Jinjakli bozoriga quvib ketaveradi. Ertasiga Nayzabuloqda eshikma-eshik yurib «Huv birodar! Molingni harom qotirmay menga ber, pullab beraman», deb qora mol teradi. So‘ng kuni Qorabo‘riqqa karvonini boshlab ketadi. Molni tong otguncha ko‘targaniga sotadi. Egasiga terisining haqiniyam bergisi kelmay bo‘za simiradi. Bir qo‘lida soch tolasiday kesilgan achchiq piyoz, ikkinchisi issiq kabob bilan band. Og‘zini katta ochib omonat tishlari bilan yog‘li etni sixdan sug‘irdi. Egilgan boshini biroz ko‘tarib terak bo‘yi balandlikka yuzlandi-yu «do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lab qotti-qoldi. Dallolning nima deyayotganini uning ko‘zlari tikilgan tomonga qaramagan kishi bilmasdi.
Qo‘qib yotgan jun bozori-yu changib yotgan un bozori oralig‘ida dorbozlarning dori bo‘y ko‘rsatib to‘ribdi. «Do-o... , do-o... , do-o... , r-r-r... »lagani bilan Eshpo‘l unga qarab chopmadi. Yurak oldirib qo‘ygan. Avvallari hovliqib borar, duch kelgan masxaradan pushti kamari – erkatoy o‘g‘li Mashiboyni so‘rardi. Endi bo‘lsa uzoqdan o‘g‘ri mushukday poylaydi. Masxaraning ko‘zlariga tikiladi, o‘zida bir ajib tuyg‘u tuymasa sira bormaydi. Bora olmaydi. Qaysi bir yili, adashmasam to‘ng‘iz yilida Jinjakli bozorida o‘yin ko‘rsatayotgan dorbozu masxaralar oldiga borib dallol o‘g‘lini surishtiradi. Masxara bo‘lsa «Ota-otajon! Mana men o‘g‘lingizman, tanimadingizmi?» deb davraga olib chiqadi. Va besh-oltita tuxumni osmonga otib almashtira boshlaydi. Tuxum esa bitta bo‘lib qoladi. Tomoshatalablar ham, Eshpo‘l ham hayronu lol. Masxara katta va keng yamoqdor chalvarining tizzasigacha keladigan kissasini teskari qilib osiltirib, egnidagi kamzulining ham shu ahvolga tushiradi. Odamlar masxarani ko‘zbo‘yamachilikda ayblab boshlaganida Eshpo‘lning yelkasiga zarb bilan bir uradi-yu ketidan beshta tuxum tushiradi. Shu-shu dallol masxaralardan qo‘rqadi. Oldiga bormay zimdan termuladi.
Chollarga ergashib bozorga kelgan bolakaylar ularga sherik kattalar qurshovidagi dor tagidagi olomonga dallol kelib qo‘shilganida usta dorboz Masxarani bir shapaloq tushirdi-da, dorga chiqa boshladi. Alamzada masxara soxta yig‘lab ortidan dor ustuniga tirmashdi. Dorboz langar tayog‘ini olib dorning narigi boshiga yugurib o‘tdi. Masxara esa dor ustunlarining ayri joyiga o‘tirib olib uniga rag‘bat berayotgan bolalarga yuzlandi: ikki yonog‘i qip-qizil olma rang, qalin lablari pishganidan yorilgudek gilos tus, burni misoli bemaza bodring, yuqori va quyi qovoqlari g‘o‘r olma, ko‘zlarida bir sog‘inch, bir mung ufurib turibdi. Uni bo‘lsa qalbaki kiprik lashkari to‘sish bilan ovvora.
Pushti panoh – Eshpo‘l tanidi-bildi. O’z zurriyodi yer qolib, ko‘kda kimsaning ko‘nglini ovlayapti. Otaning mehri iyib tikilib qolganida usta dorboz dordan ikki bora umbaloq oshib masxaraning oldida paydo bo‘lib, langar tayog‘ini tutqazib, o‘zi qo‘llarini langar qilib ortga qaytdi.
Dor tomoshasi shu tariqa tarqagan. Eshpo‘l Qorabo‘riq bozoridan otga mina olmagan o‘g‘lini xurjunining bir qo‘njiga tosh solib, ikkinchisiga Mashiboyni oyog‘ini tiratib, kindigini egarga mahkam bosib kelganini tun qo‘ynida dallolning zavjasidan boshqa hech kim ko‘rmagan. Bu taqir tarixni Qizg‘aldoqda Eshpo‘l, musichaiy bezalol ayoli va Mashi masxaradan boshqa bilmaydi-bilaolmaydi.
To‘lg‘onoy termulgan ko‘zlarni kuydiradigan, oyni suqlantiradigan kelinchak bo‘ldi. Oy va yulduzlarni bulut qamal qilgan kecha zimiston bo‘ldi. Tongga bormay Turdixol kampir uvvos tortib yig‘ladi. Yig‘i olamni tutib, osmon ham unga ergashdi. Ikkovi o‘pkasini bosolmay, qora yerni azonga qo‘ymay shitta loy qildi.
Turdixolning holi tang. Tilini yutgan. Ne qilarini, ne deyarini bilmay hayron qotgan. Nimayam desin, qizg‘aldoqlik qolib, Qizg‘aldoqqa qishlamoq uchun qo‘ngan qora qarg‘alar-da bir tunda o‘n to‘rt kunlik oyni xijolat qiladigan gul qizini «To‘lg‘onoy buzuq, To‘lg‘on buzuq»qa chiqarib, qag‘illab «buzuq-buzuq», deya qanot qoqib ketgan.
Safarboy yer mushtlab na’ra tortib yotibdi. Alamdan o‘kirganini eshitgan keksa tog‘larning oppoq sochlari to‘kilib ketdi. Olam gumburlab chaqmoq chaqdi. To‘lg‘onoy etini yulib, o‘zini otib, qon yutib, kun ko‘rmay o‘tkazib borliqni ko‘kartirib yubordi. Kampir holiga dunyoyam kul-di. Yashnadi, yoshardi.
Eshigidan it mo‘ralamay qo‘ygan, el o‘zini olib qochgan kunlarning birida bo‘sag‘ani Buxor mulla bosdi.
– Turdixol, tuzukmisan?
– Mulla aka, Egamning o‘zi manglayimni sho‘r emas, zuvalamni balchiqdan olganmi, deb o‘tiribman-da.
– Esipastlik qilma. Hali bir kunlar kelar, huv-ana shunda noshukurliginingdan muztar bo‘lib qolasan!
– Yaratganning yorug‘ kuni, baxt qushi bo‘lsa, odam qurib sherigi shayton jesirni boshiga qo‘narmidi?!
– Tilingga erk bermay, To‘lg‘onoyingni chaqir, o‘zing ham beri kel!
Qarg‘a ko‘rganini cho‘qiganiday, Buxor maxsum ham bilganicha o‘qib, «suflab-suflab» damsuv ichirib, achchiq-achchiq tanbeh berib tadbir qilishini aytdi.
Kampirning patagiga qurt tushib, jinjaklik Moxov folchiga chopdi. Folchi doyrasini chertib-chertib kun botarda kul tutganga chiqazib, davosi kulrang tovuq ekanidan so‘zladi va faqat momo chiroqni Mang‘it qushnoch o‘tkazishini tayin etdi.
To‘lg‘onoyning peshonasi tovuq qoni rangini oldi. So‘ng uni jandaga soldi, olov bilan savalab qoqa boshladi. Qizning ko‘ziga qushnoch qo‘lidagi olov qizg‘aldoq bo‘lib ko‘rindi. Xayolini onasining tongi yiroq tunlarda aytgan ertagi o‘g‘irladi.
Qadim-qadimda bo‘ri bakovul, tulki yasovul, qarg‘a qaqimchi, chumchuq chaqimchi bo‘lgan paytda ilonu chayon ham tek emas ekan. U paytlardayam kambag‘alni tuyaning ustida it qoparkan, g‘aribning poyini poylab chaladiganlar bo‘lar ekan. Ey, nimasini aytayin, onangni qozi o‘ynasa, dodingni kimga aytasan, degan zamon ekan-da. Kichik bir yurt Xoqonning mulki ekan. Mol-mulkka mukkasidan ketgan Xoqon atrofidagi ellar orasida nizo chiqarib, ustiga ot haydar, bag‘riga tig‘ sanchar ekan. Tig‘ sanchishni qo‘ymas, mol-dunyoga to‘ymas Xoqon saroyi xotin-xalajga, qiz-juvonga liq to‘la ekan. O’sha zo‘r xizmatiga shay xufiyalar son-sanog‘i yo‘q ekan. Ular el oralab, yurt kezib, qaerdaki husndor qiz bo‘lsa, Xoqonga xabarini yetkazar ekan.
Kunlardan birida shumqadamlar ko‘zi bir bechora cholu kampirning qiziga tushibdi. Xoqon xufiyalari o‘zini sovchi deb aytib, ovchilikka qilganida navkarlarsiz yurmaskan. Qizni olib ketishga kelganida chol ularni o‘toviga chorlab, non-namak tutib, o‘z o‘tmishidan doston kuylabdi. Yigitlik chog‘ida Xoqonning otasiga navkarlik qilib, bir jangda o‘ng qo‘li qilich zarbidan uzilib, soniga nayza sanchilib, yana qaysidir yurt oshganida yuzi kuyganini aytib, yoshi o‘tgach jangu jadallarga yaramay qolib, olaxurjunni bo‘yniga olib, qiz ko‘rganini va yolg‘iz zurriyoti shu ekanini aytibdi. Xufiyalar qizini ul zotga munosib bilgani va navkarlar kelganiga mamnunlik bildirib, qizi bilan xayr-xo‘shlash uchun bir tun so‘rab yalinib-yolvoribdi. Keksa navkarning yuzidan o‘ta olmagan yigitlar saharda kelishini tayin qilib, jo‘nab ketishibdi.
Chol «Kunim bitgan, paymonam to‘lgan ko‘rinadi. Sen qizingni olib qoch yo yashir», desa, kampiri ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, uni o‘tmishda ko‘p kishilarning yostig‘ini quritganlikda ayblab, «Xudoyimning omonatini qaerdayam asrash mumkin?!», deb zor qaqshab, Xoqonning qo‘li uzunligi, qo‘lidan tig‘i uzunligini aytib, o‘z peshonasidan domongir bo‘libdi.
Ota-onasining dardidan voqif qiz oydin tun qo‘ynida ko‘klam tuhfa etgan oq chechaklarni oralab, changqovuzni «biyov-biyov-biyov»latib chala boshlabdi. Tizzalariga urib turgan oq chechaklarga havasi ketib, dilini changqovuzga jo‘r etib chertaverib-chertaverib, o‘zini butkul unutibdi. Gulg‘unchadek lablari qonab, oq chechak kosasiga tomib, behol yiqilibdi.
Ko‘klam tongining shabadasi dalada yastanib yotgan chechaklarni qizartirib yuboribdi. Qon libosini kiygan oq chechaklarni cholu kampir qizg‘aldoq qizim deb quchib ovoz chiqargani, aza ochgani olis-olis o‘lkalargayam yetibdi.
Xoqon yurtida «Qizg‘aldoq bo‘lib yashayotgan qiz elda teng-tengi bilan bo‘lmaguncha qaytmas emish… Qizligini sog‘ingan qizg‘aldoq esa har bahor qir-adirlarga chiqib, kishilarga mo‘ltirab turishiyam shundan ekan…», degan uzuq-yuluq gaplar tomir otib og‘izdan-og‘izga, quloqdan-ko‘ngilga o‘taveribdi...
To‘lg‘onoyning xayolini soniyaga o‘g‘irlagan ertak asta-astalik bilan butun aqlu hushini band etib oldi. Oyning to‘lin bo‘lishini, qizg‘aldoqning qiyg‘os ochilishini kutdi. Kunduzi onasiga ham ko‘rinmaydigan, tunda esa changqovuz chertib tentiraydigan odat chiqazib, «Qizg‘aldoqman!», deb da’voyam qila boshladi. Kampir qizini jin chalgan bilib, fol ko‘rdirib, kulrang tovuq qoni enmaganiga yo‘yib, ko‘k uloqning ham boshini oldirib yurgan kunlarning oydin tunida To‘lg‘onoy qizg‘aldoqlar orasida changqovuz chala-chala g‘oyib bo‘lib qoldi. U oyga yo‘l oldimi, qaro yerga qorishdimi, unisini Qizg‘aldoq odamlari bilmaydi.
Turdixol kampirning «Oy-kuni to‘lib tug‘ilmagan To‘lg‘onoy qizim-ay, bilarmiding dunyoning o‘zi sharmanda ekanligin? Qornimga joy bo‘lgan oyqizim, ilon el bo‘lgan, chayon siqqan dunyo torlik qilgan qizim-ay! Ey dunyo, tor qornimcha yo‘qsan!» degan iddaolariga hamma ko‘nikib ketdi. El endi birov-yarim dunyodan norizo bo‘lsa, «Turdixol kampir bo‘lib ket-ey», deya ermak qilar odat chiqardi...
Turdixol – bu dunyodan ham qari kampir ayozdan ko‘klamni, ko‘klamdan qizg‘aldoqni, qizg‘aldoqdan qizini ilhaq kutadi. Oydin tunda changqovuz chertib, «Qizg‘aldoq bo‘laman!», deb yig‘laydi. Safarboyning bir etak nevaralari kampirning ko‘zidan Qizg‘aldoqni yashirib sarson. Ular tomlar ustida, devorlar bo‘g‘otida o‘sgan azalgi oq chechaklarni olib qochsa, «qizg‘aldoqni bosma-ey! O’z bag‘rini tig‘lagan qizdir u!», «qizg‘aldoqni yulma, qon yig‘lagan qizdir u!», «Qizg‘aldoq gul qizim-ku!», deya To‘lg‘onoyni yo‘qlay-yo‘qlay tili ich-ichiga tortib ketadi.
Kampirni «ana ketdi-mana ketdi»lab bolalari «chopha-chop»ga tushib qoladi. Mulla Maxsum kampirning kaftiga kaftini qo‘yib kalima qaytarib o‘tiradi. Kampir ne mahalga borib, yana «To‘lg‘onoy keldimi?!», deya turadi. Bolalari o‘pkasini bosib oladi – o‘z yumushi bilan andarmon bo‘lib ketadi.
Tol tush Qizg‘aldoqning osmonidagi quyosh tik kelib, soya bermay qo‘ygan palla. Kecha tili tortib ketgan Turdixol kampir to‘rt oyoqlab tom oldiga o‘rmalab bordi. Umidvor bo‘lib olis-olislarga qaradi-yu, ikki odim nariniyam ilg‘ay olmadi. «Qizg‘aldoq, Qizg‘aldoq, To‘lg‘onoy, To‘lg‘on-hov», deya tovush berdi. Tovushini kampirning o‘ziyam eshitmaydi, dunyodan umidiniyam uzolmaydi. O’zi turgan taqir yerdan emaklagancha qo‘llari bilan paypaslab qizg‘aldoq izlaydi...