🕌 Islom

Rabiʼul avval oylarida yuz bergan tarixiy voqealar

3 daqiqa 3.2K marta oʻqildi
Rabiʼul avval oylarida yuz bergan tarixiy voqealar
RABIʼUL AVVAL OYLARIDA YUZ BЕRGAN TARIXIY VOQЕALAR

1. Hijratdan avvalgi 53 yil, rabiʼul avval oyining 8, 9, 10, 12 kunlardan biri (mil. 571 yil 19–23 aprel
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topdilar.

2. Hijratdan avvalgi 51 yil, rabiʼul avval oyi (mil. 573 yil mart oxiri yoki aprel boshi)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki yoshga toʻlib, koʻkrakdan (sut emishdan) chiqarildilar.

3. Hijratdan avvalgi 13 yil, rabiʼul avval oyi (mil. 610 yil fevral)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qamariy 40 yosh (shamsiy 38 yosh-u toʻqqiz oylik) boʻlganlarida rost tushlar koʻrishlari, Makkadagi bir toshning u Zotga salom berishi kabi paygʻambarlik alomatlari koʻrina boshladi va bu holat olti oy davom etdi.

4. Hijratdan avvalgi 1 yil, rabiʼul avval oyi (nubuvvatning 13 yili / mil. 621 yil oktabr)
– Isro va Meʼroj hodisasi yuz berdi;
– besh mahal namoz farz qilindi.

5. Hijriy 1 yil, 1 rabiʼul avval, dushanbaga oʻtar kechasi (mil. 622 yil 12 sentabr)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Yasrib (Madina) sari hijratga chiqdilar.

6. Hijriy 1 yil, 8 rabiʼul avval, dushanba kuni (mil. 622 yil 19 sentabr)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yasrib (Madina) viloyatining ilk qishlogʻi Quboga kirdilar.

7. Hijriy 1 yil, 8–12 rabiʼul avval (mil. 622 yil 19–23 sentabr)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiliklarida Qubo qishlogʻida «Taqvo asosi»ga masjid qurildi (Qubo nomini olgan bu masjid Islom tarixida ilk qurilgan masjid hisoblanadi).

8. Hijriy 1 yil, 12 rabiʼul avval, juma kuni (mil. 622 yil 23 sentabr
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qubo qishlogʻi bilan Yasrib (Madina) shahri oʻrtasidagi Bani Solim ibn Avf vodiyida birinchi juma namozini yuz kishilik jamoat bilan oʻqidilar;
– juma namozidan soʻng Yasrib (Madinai munavvara)ga kirdilar va Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuning boʻsh uyiga joylashdilar;
– «soʻkish, haqorat qilish» maʼnolaridagi «Yasrib» nomi «Madinatur Rasul», «Madinatun Nabiy» (Paygʻambar shahri) deb, keyinchalik qisqarib «Madina», «Madinai munavvara» deb, atala boshladi;
– bir necha kun oʻtib Madinaga Savda onamiz, Fotima, Ummu Kulsum, Usoma ibn Zayd va Ummu Aymanlar hamda Abdulloh ibn Abu Bakr roziyallohu anhum oilasi bilan kelishdi;
– shundan keyin birinchi boʻlib Masjidi Nabaviyni qurish ishlari boshlandi.

9. Hijriy 2 yil, rabiʼul avval oyi (mil. 623 yil sentabr)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam asʼhoblaridan ikki yuz kishi hamrohligida Qurayshning Umayya ibn Xalaf Jumahiy boshliq yuz kishilik, ikki ming besh yuz tuyadan iborat karvoniga qarshi yoʻlga chiqdilar. Razvo nohiyasining Buvot degan joyigacha bordilar va biron yomonlikka duch kelmasdan Madinaga qaytib keldilar (bu Islom tarixida «Buvot» gʻazoti deb ataladi);
– Kurz ibn Jobir Fihriy boshliq mushriklarning kichik bir guruhi Madina yaylovlariga bosqin uyushtirib, musulmonlarning chorva mollaridan bir qismini haydab ketganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetmish nafar sahoba bilan ularning ortidan quvib chiqdilar va Badr nohiyasining Safavon vodiyigacha bordilar. Biroq Kurzning guruhini topa olmay ortlariga qaytdilar (bu Islom tarixida «Safavon», «Birinchi Badr» va «Kichik Badr» gʻazoti deb ataladi).

10. Hijriy 3 yil, rabiʼul avval, 14-kecha (mil. 624 yil 3 sentabr)
– Kaʼb ibn Ashraf oʻldirildi (u ona tarafdan yahudiy boʻlib, Ban Nazir yahudiylari boshliqlaridan biri edi. Islom dini va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozori kuchli, u Zotga qarshi urush qilishga eng koʻp chaqiruvchi va fitnachi boʻlgan).
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!