🕌 Islom

Makka davri uch bosqichga boʻlinadi

2 daqiqa 2.8K marta oʻqildi
Makka davri uch bosqichga boʻlinadi
Makka davri uch bosqichga boʻlinadi:

1) fatratul vahiy va maxfiy daʼvat bosqichi — qariyb 3 yil davom etgan (hijratdan avvalgi 13-yil, nubuvvatning 1-yili ramazon oyidan boshlanib, hijratdan avvalgi 10-yil, nubuvvatning 4-yilida tugaydi / mil. 610 yil avgust — 613 yil);

2) Islom diniga oshkora daʼvat qilish bosqichi – 6 yildan koʻproq davom etgan (hijratdan avvalgi 10-yil, nubuvvatning 4-yilidan boshlanib, hijratdan avvalgi 4-yil, nubuvvatning 10-yili shavvol oyida tugaydi / mil. 613 yil — 619 yil may-iyun);

3) Islom daʼvatining Makka tashqarisiga yoyilish bosqichi – 3 yilu 4 oy davom etgan (hijratdan avvalgi 4-yil, nubuvvatning 10-yili shavvol oyidan boshlanib, nubuvvatning 14-yili safar oyi oxirida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinai munavvaraga hijrat qilishlari bilan tugaydi / mil. 619 yil may-iyun — 622 yil sentabr).

Madina davri ham uch bosqichga boʻlinadi:

1) Islom jamiyatiga asos solish, uni mustahkamlash va himoya qilish bosqichi — 5 yilu 9 oy davom etgan (hijriy 1-yil, 1-rabiʼul avval, dushanba tongidan boshlanib, 6-yil zulqaʼda oyida boʻlib oʻtgan Hudaybiyya sulhi bilan tugaydi / mil. 622 yil 12 sentabr — 628 yil mart-aprel);

2) Quraysh qabilasi bilan sulhga kelishish, podshoh va amirlarga daʼvat maktublarini yuborish hamda katta fitnalarni bostirish bosqichi — bir yilu 10 oy davom etgan (hijriy 6-yil zulqaʼda oyidan boshlanib, 8-yil 17-ramazonda boʻlib oʻtgan Makka fathi bilan tugaydi / mil. 628 yil mart-aprel — 630 yil 7 yanvar);

3) turli oʻlka va qabilalarning elchi-vakillarini kutib olish, odamlarning Islom diniga toʻp-toʻp boʻlib kirishlari va ommaviy haj qilish bosqichi — 2 yarim yil davom etgan (hijriy 8-yil 17-ramazondan boshlanib, 11-yil 12-rabiʼul avvalda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlari bilan tugaydi / mil. 630 yil 7 yanvar — 632 yil 6 iyun).

Isro va Meʼrojlari:

«Isro» Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir qismida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.

«Meʼroj» esa Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, yaʼni Oʻzining Dargohiga koʻtarishidir.

Isro va Meʼroj hodisasining Rasululloh sollallohu alayhi vasallam paygʻambar boʻlganlaridan keyin, Makka davrida, Islom daʼvati quvgʻin bilan muvaffaqiyat oʻrtasida turgan bir paytda, hijratdan bir yil oldin, paygʻambarlikning 13-yili, rabiʼul avval oyi, dushanba kuni, 52 yoshga toʻlganlarida, uygʻoq hollarida, ruh va tanalari bilan, Jabroil farishta hamrohligida, Buroq nomli mo‘’jizaviy ulovda, kechaning bir qismida, bir marta sodir boʻlganiga jumhur ulamolar ittifoq qilishgan.

Meʼroj mo‘’jizasi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshqa hech bir paygʻambarga berilmagan!

"Rasululloh va ahli bayt" kitobidan.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!