Ashaddiy yurakni koʻrmasang boʻldi.
Sen baxting yoʻlidan toymasang boʻldi.
Menga koʻp koʻrindi sevgidan qiynoq,
Sen ishqning sururin qoʻymasang boʻldi.
Koʻzingga boqqanda koʻzlarim kulsa,
Yurak diydoringdan sevinib ursa,
Sevinching chehramdan akslanib tursa,
Meni baxtli deya oʻylasang boʻldi.
Sarhadlardan qoʻrqib yashasam nima?
Faqat gʻamdan luqma oshasam nima?
Dunyoga dardimni toshasam nima?
Sen faqat quvonchdan soʻylasang boʻldi.
Bahorim ortidan ergashganda kuz,
Kuzning soʻzlariga berkinsa afsus,
Sevgim yuragimga qilsa tajovuz,
Sen meni doʻstlik deb siylasang boʻldi.
Bulutlar ortiga berkinsa oftob,
Bugun salqin deya oʻylasang boʻldi.
Yuzimga doʻstlikdan ilingan niqob,
Ashaddiy yurakni koʻrmasang boʻldi.
Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!