🖋️ Muhammad Yusuf

Mehr qolur

3.6K marta oʻqildi
Oʻtar qancha yillar toʻzoni,
Yulduzlar – koʻzyoshi samoni.
Oʻtar inson yaxshi-yomoni,
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Qorachugʻda porlagan oʻsha,
Iqboliga chorlagan oʻsha.
Dunyoni tor aylagan oʻsha –
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Anor sening yuzlaring, suluv,
Xumor sening koʻzlaring, suluv,
Yodda qolmas soʻzlaring, suluv,
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Oqib ketdi suvlarda Tohir,
Zuhro yigʻlab qoldi qon bagʻir.
Kelganda ham qiyomat oxir,
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Nima deysan, ey, gʻayur inson?
Gʻiybatlaring qildi meni qon.
Sen ham bir kun oʻtursan, inon,
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Muhammad Yusuf
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!