✍️ Sherlar

Sukunat hech boʻlmaganda

6.9K marta oʻqildi
Sukunat hech boʻlmaganda
Sukunat... hech boʻlmaganda,
Oʻz qalbimni tinglashni oʻrgatdi.
Tartibga solishni xayollarimni,
Javobsiz qoʻymaslikka savollarimni.
Oʻzimni anglashga... ahvollarimni.

Sukunat hech boʻlmaganda...
Tunlarni sokin sevishga oʻrgatdi.
Tinitib qoʻydi tuygʻularimni,
Sindirib tashladi koʻzgularimni...
Sayratib qalbdagi ezgularimni,
Hayot bilanmas, xayollar ogʻushida,
Yashashni oʻrgatdi, hech boʻlmaganda...

Sukunat tunlarni qadrlashni oʻrgatdi,
Tunlar esa... dardlarni bekitishni.
Ishqni qalbga koʻmishni,
Tuygʻularga koʻzni yumishni,
Haqiqatga ochiq koʻz bilan qarashni oʻrgatdi.
Balki dardlarim qofiyaga tushmas,
Vaznsizdir tuygʻularim, zorlarim
Oʻta shiddatkordir, asovdir dardim,
Oʻta mayusdir, nafisdir izhorlarim.
Oʻta sinchkovdir, nozikdir,
hech boʻlmaganda
Oʻziga qilingan nohaqlikni kechirolmagay.
Sevgisini qalbdan hech oʻchirolmagay,
Hatto dushmaniga... dushmanlik istamas,
Koʻngil qotiliga zahar ichirolmagay.
Barcha ogʻirlikni oʻz zimmasiga olib,
Bedor, miskin, mahzun kuzday sargʻarib.
Xazon boʻlgan, faqat toʻkilolmagay!

Sukunat... hech boʻlmaganda,
Hayotni anglashni oʻrgatdi...
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!