✍️ Sherlar

Kapalaklar odamlardan mehribon

4.3K marta oʻqildi
Tugʻilgandan men shoʻrlikning bagʻrim qon,
Bir jismimda talashadi ikki jon.
Jon talashsam, tepamda charx urgan ul,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Oqqushlarim, oq yomgʻirda ucharlar,
Saharlardan shudring-sharob icharlar.
Tanlamayin qabrlarni qucharlar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Gulga qoʻnsa, qanotlari botmaydi,
Ojizlarim birovga tosh otmaydi.
Bir kun yashar, bir-birlarin sotmaydi,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Bir qarasang, na kulbasi, uyi yoʻq,
Na tovushi, na qoʻshigʻI, kuyi yoʻq.
Kapalakning kambagʻali, boyi yoʻq,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Kapalakning Kaʼbasidir hur dala,
Dalasida mehr toʻla, nur toʻla.
Baxtsiz boʻlsa, bari baxtsiz bir yoʻla,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Oydin oqshom yodga tushding, o malak,
Seni oʻylab boʻldi yana qon yurak.
Sevaman deb aldamaydi kapalak!...
Kapalaklar odamlardan mehribon!…

Muhammadga ishonmagan ey, moʻminlar,
Oʻlsam soʻzim eslab, uyga choʻminglar:
Kapalakning qanotiga koʻminglar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sherlar

Bahorimni qaytaring

7-avgust, 20182.6K